October 8, 2023

“Miss Institut–2023” ko‘rik-tanlovi

“Miss Institut–2023” ko‘rik-tanlovini o‘tkazish tartibi

👑👑👑

1. “Miss Institut–2023” ko‘rik-tanlovi Andijon davlat pedagogika instituti talaba-qizlari o‘rtasida o‘tkaziladi.

2. Iqtidorli talaba-qizlarni aniqlash va rag‘batlantirish, talaba-qizlar o‘rtasida sog‘lom raqobat va ijodkorlik muhitini yaratish, ularda erkin fikr bildirish, notiqlik mahoratini oshirish, fuqarolik pozitsiyalarini mustahkamlash, jamoatchilik fidoiylik fazilatlarini shakllantirish, talabalik nufuzini oshirish Tanlovni o‘tkazishning maqsadi hisoblanadi.

3. Tanlovning institut bosqichda jami 5 nafar talaba-qizlar ishtirok etadi. Tanlovning institut bosqichi 11-oktyabr kuni o‘tkaziladi.

4. Tanlov ishtirokchilari 5 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashadilar.

Bunda qizlar o‘zlarining kiyinish madaniyati, o‘zbekona odobi, uy bekalik faoliyatini qay darajada amalga oshirishi, ijodiy va intellektual salohiyati hamda egallagan bilimlarini amalda ko‘rsata bilishlari talab etiladi. Ishtirokchilarning shartlar bo‘yicha chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan 5 ballik me’zon asosida baholanib boriladi.

Hakamlar hay’ati tarkibi ilm-fan va madaniyat sohasida yuqori natijalarga erishgan va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislar orasidan tanlab olinadi.

1-shart: Tanishtiruv sharti. Bunda ishtirokchilar 8 daqiqalik vaqt reglamentiga amal qilgan holda ijodiy yondashuv asosida chiqish qiladilar. Shart so’ngida 1-1,5 vaqt mobaynida ishtirokchilar jamiyatda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar taqdim etadilar. Ushbu shartda nomzodlardan tashqari yordamchi ishtirokchilar ham sahnaga chiqish huquqiga ega. (She’r, qo‘shiq, raqs….)

2-shart: Savol-javob sharti. Ushbu shart blits savol-javob orqali amalga oshiriladi. Bunda ishtirokchilarga xotin-qizlar huquqlari, ularga yaratilayotgan imkoniyatlar bo'yicha 10 ta savollar beriladi hamda bu shart tezkor tarzda olib boriladi. Qizlar yashiringan konvertlardan birini tanlaydilar savollarga tezkorlik bilan javob beradilar.

3-shart: Ishtirokchilarning pazandalik ishlarini qay darajada bajara olishlarini sinash maqsadida salat tayyorlash vazifasi beriladi. Shart o'sha yerning o'zida bajariladi va baholar umumlashtirilgan holda e’lon qilinadi.

4-shart: Alla aytish sharti. Bu shartda ishtirokchilar kompazitsion sahnalashtirilgan uslubda alla aytishlari lozim bo'ladi. Bu shartda noodatiy yondashuv va sahna bezaklariga ham e'tibor beriladi. Shart uchun 3-5 daqiqalik vaqt reglamenti belgilanadi. Ushbu shartda nomzodlardan tashqari yordamchi ishtirokchilar ham sahnaga chiqish huquqiga ega.

5-shart: Soch turmagi sharti. Bu shartda ishtirokchilar milliy va zamonaviy uslubda soch turmaklarini ko'rsatishlari lozim bo'ladi. Shart uchun 8-10 daqiqalik vaqt reglamenti belgilanadi.

“Miss Institut – 2023” ko‘rik-tanlovining institut bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchi Andijon davlat pedagogika instituti rektori tomonidan darajali diplom, tanlov statuetkasi hamda maxsus sovg‘a bilan taqdirlanadi.

Tanlov nizomiga muvofiq g‘olib ishtirokchiga tanlovning ramziy tojini hamda lentasini tantanali ravishda “Miss Institut–2023” ko‘rik-tanlovi sohibasi taqdim etadi.

5. Bir mavsumda ko‘rik-tanlovning g‘olibasi bo‘lgan talaba keyingi mavsumda ishtirok eta olmaydi. Uning o‘zi g‘olib bo‘lgan mavsumdagi mavqei saqlab qolinadi.


Tashkiliy qo'mita