February 25, 2022

“ZUKKO KITOBXON”DA BILIMDONLAR BELLASHDI

So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish, aholi ayniqsa yoshlar orasida intellektual o‘yinlarni ommalashtirish maqsadida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bugun, Andijon davlat universitetining Pedagogika institutida tashkil etilgan “Zukko kitobxon” intellektual o‘yini ham aynan iqtidorli va intellektual salohiyatli yoshlarni saralab olish, ularni munosib rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazildi.

Tanlovga jamoalarni shakllantirishda har bir guruhning talabalari faoli ishtirokini ta’minlashga alohida urg‘u berildi. Tanlovda ishtirok etish niyatida bo‘lgan yuzlab talaba-yoshlar yakka va jamoaviy tartibda ro‘yxatdan o‘tdi.

“Bugun kitob o‘qigan bola ertaga dunyoni boshqaradi” tamoyili asosida o‘tkazilgan tanlov chin ma’noda lidelrik qobiliyati bor, salohiyatli yoshlarni o‘zida jam qildi.

Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti, Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi, O‘zbeksiton yoshlar ittifoqi Andijon viloyat kengashi, Andijon viloyati “Kelajak liderlari” klubi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tanlov 2 bosqichda tashkil etildi. 13 tadan jamoa 2 ta guruhga ajratildi. Eng yuqori ball to‘plagan 8 jamoa finalda g‘oliblik masalasi uchun baxs olib borishi belgilangan.

Tanlovni dastlab institut direktori B.Rasulov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Institut direktori o‘z so‘zida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, bilimli yoshlar uchun berilayotgan imtiyozlar haqida gapirib, ushbu tanlov yoshlar uchun yangi marralarni boshlanishi ekanligiga ishonch bildirdi.

O‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlari asosida o‘tkazilgan tanlovning bugun 1-saralash o‘yini o‘tkazildi. Bilim va tafakkur bahsida eng yuqori ball to‘plagan 4 jamoa “Everest”, “Ziyo”, “Irfon” va “Albion” jamoalari final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Zukko kitobxonlar orasidan eng kuchlilari saralab olinib, kelgusida “Kitobxonlar” klubi tashkil etilishi belgilandi.

Shuningdek, tanlov davomida talabalarning qishki ta’tili davrida o‘tkazilgan onlayn fan olimpiada g‘oliblariga institut direktorining maxsus sovg‘asi aqlli soatlar hamda 1-darajali diplom topshirildi. 14-yanvar vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Mardlar qo‘riqlaydi vatanni!” mavzusida o‘tkazilgan audio va video roliklar tanlovi g‘olibi Sevar To‘ychiyeva institut direktori tomonidan so‘nggi rusumdagi planshet bilan taqdirlandi.

Tanlovning keyingi bosqichlari haqida ma’lumot berishda davom etamiz!


AXBOROT XIZMATI