RASMIY MUNOSABAT.
2021-yil 7-fevral kuni Facebook ijtimoiy tarmoqlari orqali Marhamat tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabida “Karta qimor musobaqalari oʻtkazilarmidi?” sarlavhasi ostida chiqarilgan maqola yuzasidan rasmiy munosabat.
Ushbu holatni oʻrganish yuzasidan viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, holatni joyiga borib xodimlar bilan suhbat oʻtkazib, oʻrganilganida quyidagilar aniqlandi.
Jumladan, suhbat jarayonida Marhamat tumani bolalar-oʻsmirlar sport maktabida karta qimor oʻyinlari aniqlangan kunga qadar, bunday salbiy holatlarga yoʻl qoʻyilmaganligi ma’lum boʻldi.
Muassasaning shugʻullanuvchi oʻquvchilari uchun issiq-sovuq suvlar doimiy ravishda ta'minlanganligi, muassasa binosi isitilayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, boʻsh turgan ekin maydonidan unumli foydalanish maqsadida ichki imkoniyatdan kelib chiqib, issiqxona tashkil etilganligi aniqlandi. Issiqxona ichidagi qozonxona ochiq holatdagi issiqxonani isitish uchun emas, balki, muassasa sport zalini isitish uchun ushbu joyga qurilganligi ma’lum boʻldi.
Bundan tashqari, issiqxona qarovsiz qolganligi boʻyicha muassasa rahbariyati bilan suhbat oʻtkazilganida, ushbu issiqxonadan muassasa xodimlari uchun pomidor-bodring yetishtirilganligi, 2020-yilda pandemiya davriga qadar unumli foydalanib kelinganligi, yurtimizga pandemiya kelishi natijasida qarovsiz qolganligi, kunlar isib, yerga ekin ekish davri kelganidan soʻng, issiqxona usti yopilib, unumli foydalanishini ma’lum qildi.
Koʻrinib turibdiki, “Sizdan telegram” kanaliga toʻgʻrisida yolgʻon va mansabdor shaxsning obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan uydirma xabar joylashtirilgan.
Bu boradagi qonunchilikka nazar tashlaydigan boʻlsak, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunning 121-moddasi 2-qismiga muvofiq veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan, bloger hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtiriladigan internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborotni joylashtirishdan avval uning toʻgʻriligini tekshirishi, shuningdek, joylashtirilgan axborotning notoʻgʻriligi aniqlangan taqdirda uni darhol oʻchirib tashlashi shart.
Keltirib oʻtilgan normaga binoan ma’lumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, keyin e’lon qilish axborot tarqatuvchi har qanday shaxs, shu jumladan, jurnalistlar va blogerlarning ham majburiyatlaridan biri hisoblanadi.
Garchi mamlakatimizning amaldagi qonunchiligida feyk xabarlarni tarqatganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri javobgarlik belgilanmagan boʻlsada, notoʻgʻri (yolgʻon) xabarlarni tarqatish va buning natijasida zararli oqibatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida qonun hujjatlarida bir qancha normalar mavjud.
Xususan, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunning 121-moddasida qanday axborot turlari internetda tarqatilishi mumkin emasligi nomma-nom sanab oʻtilgan.
“Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi qonunning 34-moddasida shaxslarning raddiya berish va javob qaytarish huquqi belgilangan boʻlib, bu ham yolgʻon xabarlarga nisbatan qarshi turish kafolatlaridan biri hisoblanadi.
Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 40-moddasida hamda Jinoyat kodeksining 139-moddasida tuhmat, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, yolgʻon xabar tarqatganlik uchun fuqaroviy javobgarlik ham kelib chiqishi mumkin. Xususan, ma’naviy zarar shaxsning or-nomusi, sha’ni va qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan boʻlsa, uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar, qoplanishi lozimligi Fuqarolik kodeksining 1021-moddasida koʻrsatib oʻtilgan.
Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari yuqoridagi qonun normalarini bilib qoʻyishi foydadan xoli emas. Bu toʻgʻri ma’lumot tarqatish mas’uliyatini oshirish bilan birga turli feyklardan himoyalanish vositasi hamdir.