“Sogʻlom avlod” stadioni nomi “Bobur Arena”ga oʻzgartirildi
2020-yilgi futbol mavsumida katta mashaqqatlar evaziga superligadagi oʻrnini saqlab qolgan “Andijon” klubida marketing borasida bir qator oʻzgarishlar amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda jamoa matbuot xizmati.
Klub yangi mavsum oldidan oʻz logotipini yangiladi. Yangi logotipni yaratishda koʻk, qizil va oq ranglardan foydalanilgan. “A” harfi koʻrinishidagi logotipda Zahiriddin Muhammad Bobur haykali va burgut tasvirlangan.
Shuningdek, jamoa oʻz oʻyinlarini oʻtkazib keladigan “Sogʻlom avlod” stadioni nomi ham “Bobur Arena”ga almashtirildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida Andijon shahridagi markaziy stadion nomini “Bobur Arena” deb nomlash taklifi ilgari surilgan edi. Mazkur oʻzgarish orqali Farmonning ijrosi taʼminlandi.
Taʼkidlash kerak, dunyodagi koʻplab stadionlar tarixiy shaxslar nomi bilan ataladi. Bunga Monakodagi Lui II stadioni, Istambuldagi turk xalqining milliy qahramoni Mustafo Kamol Otaturk nomi berilgan Olimpiya stadioni yoki Grozniydagi Axmat Qodirov sharafiga qayta nomlangan «Axmat Arena»larni misol keltirish mumkin. Endi ular safiga Andijondagi “Bobur Arena” ham qoʻshildi.
Andijon viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi matbuot xizmati.