November 29, 2021

Аndijonda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha ishchi guruh viloyatimizga tashrif buyurdi

Joriy yilning 22-23-noyabr kunlari Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori boshchiligidagi respublika ishchi guruhi viloyatimizga tashrif buyurgan edi.

Аndijon viloyati madaniyati va tarixi davlat muzeyi
Аndijon shahridagi “Аhmadbekxoji mehmonxonasi ”binosi

Undan ko‘zlangan asosiy maqsad, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosarining 2021-yil 16-noyabrdagi topshirig‘iga asosan “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida" O‘zbekiston Respublikasining Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, Qaror, Farmoyish hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari ijrosi nazoratini tashkil etish, ularning hududlardagi ijrosining natijadorliligini tanqidiy tahlil qilish va o‘rganishdan iborat.

Tashrif doirasida ishchi guruh tomonidan 2021 yil 22-23 noyabr kunlari viloyatda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, zamonaviy axborot texnologiyalarni jalb etish, muhofaza tegralarini belgilash, tarixiy-madaniy ekspertiza hujjatlarining tayyorlanishi va boshqa bir qator ishlar o‘rganib chiqildi.

O‘rganish davomida, ular 2022-yilda respublika byudjetidan moliyalashtirilishi rejalashtirilayotgan ta`mirlash-tiklash, konservatsiya ishlari olib boriladigan, avariya holatidagi hamda ijarada foydalanilayotgan obyektlar ya`ni Аndijon shahridagi “Yunusxoji masjidi”, “Аvliyo Nikolay cherkovi”, “Аhmadbekxoji mehmonxonasi”, Jalaquduq tumanidagi “Qutayba ibn Muslim”, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Yunus ota” ziyoratgohlariga tashrif buyurdilar. Bundan tashqari, “Mingtepa” arxeologiya yodgorligini tadqiq etish markazi loyihasi bilan tanishdilar.

Аndijon shahridagi “Yunusxoji masjidi ”binosi

Shuningdek, ishchi guruh tomonidan viloyatdagi muammoli obyektlar: “Yilqichi ota”, “Imom ota” ziyoratgohlari, “Chayontepa”, “Tegirmontepa” “Qilichmozor” arxeologiya yodgorliklari bo‘yicha o‘rganish ishlari tashkil etildi.

Ishchi guruh a`zolari faoliyati davomida Jalaquduq tumanidagi “Qilichmozor” arxeologiya yodgorligi, Xo‘jaobod tumanidagi “Imom ota” ziyoratgohlaridagi sayyor sud jarayonlarida ishtirok etib, o‘zlarining amaliy yordamlari va zarur ko‘rsatmalarini berdilar.

Аndijon shahridagi “Аvliyo Nikolay cherkovi”binosi

Andijon viloyati Turizm va sport bosh boshqarmasi axborot xizmati