Qoʻrgʻontepadagi fermer xoʻjaliklari futbol maydonida jam boʻlishdi
Hozirgi paytda Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumanida ham aholi orasida jismoniy tarbiya va sportni keng targʻib qilish, ular orasida ommaviy sport musobaqalarini uyushtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, Qoʻrgʻontepa tumani hokimi Avazbek Ergashev boshchiligida tumandagi korxona-tashkilotlarning mehnat jamoalari ishtirokida muntazam ravishda turli sport tadbirlari tashkil etib kelinmoqda.
Shu maqsadda bugun tumandagi Dardoq qishlogʻi hududida joylashgan «Isaqova Odinaxon fayzi» fermer xoʻjaligiga qarashli sunʼiy qoplamali futbol maydonida tumandagi fermer xoʻjaliklari ishchi-xodimlari oʻrtasida mini-futbol turniriga start berildi.
Ishtirokchilar tarkibi massivlar doirasida aniqlab olindi. Yaʼni, har bir massivdan faqat bitta jamoa shakllantirildi. Jamoalar oʻz tarkibiga 10 nafardan ishtirokchini jalb etgan boʻlib, musobaqada jami 16 ta jamoa ishtirok etmoqda.
Musobaqaning ochilish marosimida soʻzga chiqqan tuman hokimi A.Ergashev ishtirokchilarni aholi orasida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishni keng targʻib etishga chaqirar ekan, pirovardida bu har bir insonning oʻzi uchun benihoya foydali ekanligi, buning isboti sifatida pandemiya davrida sport bilan muntazam shugʻullanadigan, immuniteti kuchli insonlar ushbu kasallikka chalinmaganligi yoki nisbatan oson yengib oʻtishgani, yaʼni COVID-19 koronavirusga qarshi kurashda jismoniy tarbiyaning oʻrni haqida gapirib oʻtdi.
Shundan soʻng musobaqaga start berildi. Bahslar 4 kun davom etadi.
Andijon viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi matbuot xizmati.