April 9, 2022

Andijon viloyatida “5 tashabbus olimpiadasi”ning sport yo‘nalishidagi 9 ta sport turlaridan o‘tkaziladigan musobaqalarga start berildi.

Bugun, 9-aprel kuni Andijon shahridagi sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabining “Xalqlar do‘stligi” o‘yingohida Andijon viloyati miqyosida o‘tkaziladigan “5 tashabbus olimpiadasi”ning sport yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalarga rasman start berildi.

Marosimda Andijon viloyati sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Yusupov Azizbek Ismoilovich so‘zga chiqib, 2022-yil 1-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev huzurida bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Sportni rivojlantirish vazirligiga mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan birga yil davomida 6 million nafar o‘g‘il-qizlarni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olish vazifasi qo‘yilganligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, tadbirda Andijon viloyati Yoshlar ishlari agentligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Yuldashev Oybek Bahodirovich ham so‘z olib, davlatimiz rahbari tomonidan hozirgi kunda sportni rivojlantirish yo‘lida yaratilayotgan sharoitlar, mahallalarda sport infratuzilmasini yaxshilash, mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan birgaliklarda ushbu musobaqalarni mahallalarda yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan o‘zining fikr muloxazalarini bildirib o‘tdilar.

Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida respublikamiz bo‘ylab mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar o‘rtasida 9 ta sport turi (futbol, mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat-shashka, stol tennisi, stritbol, workout va Quvnoq startlar) bo‘yicha ommaviy musobaqalari 10-apreldan start oladi. 25-iyunga qadar davom etadigan ushbu musobaqalar 5-bosqichdan iborat bo‘lib, 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan mahalla yoshlarini sportga qamrab olish maqsadida o‘tkazilmoqda.

Shundan so‘ng musobaqaning ochilish marosimida ishtirok etgan yoshlar ishtirokida murabbiylar tomonidan mutasaddilarga 9 ta sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarning qoidalari master-klass ko‘rinishida tushuntirildi va barcha tuman(shahar)lardagi sport musobaqalarining o‘tkazilishiga start berildi.

Viloyatning tuman, shaharlaridagi mahallalarda 11-aprel kunidan boshlab 7-10 yoshli bolalar o‘rtasida shaxmat, shashka va “Quvnoq startlar” sport o‘yinlariga start beriladi.

Andijon viloyati sportni bosh boshqarmasi matbuot xizmati.