May 20, 2025

Ishq qirolichasi❤️‍🔥

29-BOB. YANGI HAYOT

Mustafo

Yolgʻon xotiralar boʻlishi mumkinligini bilmaganimda hozir koʻrayotganlarim haqiqat deb oʻylardim. Ayni dam tanam qayerda ekanini bilmayman. Sovuq qotganimdan qabrdamanmi deb ahmoqlardek oʻylab qoʻyaman. Ammo, hayotimda hech qachon boʻlmagan voqealar meni oʻziga jalb qilaveradi. Men onamni faqat suratlarda va eski tasvirlarda koʻrganman. Huddi shu qiyofa mening uch toʻrt yoshlik paytlarimni oʻynatib yurardi. Tushuna olmadim. Ular meni dunyoga keltirayotib vafot etgan boʻlsa nega u hozir meni erkalayapti, ertaklar aytib beryapti... Dadam ham u bilan juda yaxshi. Mening behr otam onamning qoʻllaridan oʻpib sochlaridan siladi. Ehtimol, bu qachondir men istagan hayot boʻlgandir... Hozir narkoz taʼsirida uni koʻryapman...
— U Ayyub boʻladi, — dedi mening iluziyalardagi onam, — Eshitdingmi Ayyub.
Kim u Ayyub? U Mustafo emasmi?! U men emasmanmi?
— Biz qiz kutgandik, ammo oʻgʻil boʻldi.
— Ha, hali koʻp qizlarimiz boʻladi, — dedi dadam, keyin men tarafga oʻgirildi-yu, oʻzgardi. U menga aylandi. Shunda u dadam emas men boʻlib chiqdim. Onam esa Fasmiya...
Narkoz — alaxsirashning eng oliy choʻqqisi boʻlsa kerak!
— Yurak urushi maromida. Uni saqlab qoldik!, — butkul begona ovoz xursand holda yangradi. Keyin chiyillashlar, koʻzga tushayotgan oppoq nur va yana boʻshliq boʻldi.
Faqatgina oʻq yegan joylarim oʻz ogʻriqlari haqida eslatmaguncha oʻzimga kela olmay yotdim. Uygʻonishga harakat qilaman uygʻonaman va bu ham tush boʻlib chiqadi. Tushlar ichida millionta tush koʻrib chiqdim. Hammasi ayqash-uyqash boʻlib aniq biror narsani ilgʻab olish qiyin edi.
— Mustafo... — yuragimni ogʻritgan tanish ovoz yangradi, u oʻtinch bilan jaranglardi, qaynoq taftini kaftimda his qildim, — Men ishonaman, siz albatta uygʻonasiz!
Ha, yagonam! Men ikkimiz uchun yana hayotga qaytaman! Va’da beraman! Sendan farqli oʻlaroq va’dalarimga sodiq turganman!

* * *

Koʻzlarimni ochganimda birinchi oq shiftlarga koʻzim tushdi. Qancha vaqt shu holda yotganimni bila olmadim. Uzoq emas deb umid qilaman. Qoʻl oyoqlarim bir joyda qotib turganidan uvishib ketgandi. Atrofimda hech kim koʻrinmadi. Faqat joyimdan qoʻzgʻalishga harakat qilganimda menga ulangan moslamalardan biri chiyillab hamshirani chiqardi. Palataga kirgan, och pushti xalat kiyib olgan hamshira darrov tepamda girdi kapalak boʻlib turmasligimni tayinlab menga qarovchi shifokorni chaqirib keldi. Menga qarovchi shifokor kim ekanini darrov tanidim. Doim shunday ishlar bilan shugʻullanib yuradi.
— Xoʻsh, Mustafo!, — dedi doktor Mansurov, — Sizni ham shu dori hidi anqigan palatalarimizda koʻrib turibmiz! Aslini olganda palataga bugun ertalab koʻchirildingiz, ungacha ranimatsiyada edingiz.
— Qancha vaqt shunday yotdim?, — meni oʻtirishimga ruxsat berishmaganidan asabim buzildi.
— Bir haftadan sal oshiq. Aniq aytsa oʻn kun. Aslida unchalik chuqur yaralanmagansiz, shunchaki shok holatida boʻlganingiz uchun oʻzingizga kelish biroz qiyin boʻldi. Negadir narkozdan ham sekin chiqdingiz... — u kasallik varoqasini varaqlay turib biddirlashda davom etdi, — Ikkita oʻq faqat bitta qoʻlingizni yaralagan, uchinchisi kurak tarafingizni, toʻrtinchisi yana shu chap qoʻlingizni tilib oʻtgan, beshinchisi qorin sohangizga kirgan. Xudoga shukr chuqur emas. Jarohat ham oldi va ham orqa tarafda boʻlgani uchun operatsiya biroz qiyin kechdi, shuning uchun oʻzingizga kelishingiz biroz qiyin boʻlgan boʻlsa kerak. Abram Shahanov ish shu yerda yopilishini istadi. Sizni kimgadir arizangiz yoʻqmi?
— Yoʻq.
Shunday boʻlishi aniq edi.
— Yaxshi, uzogʻi 4-5 oyda sogʻlom boʻlasiz. Sizga dorilar va fizioterapiya yozaman.

Uni jim tinglab boʻlganimdan soʻng dam olishim uchun qoldirib chiqib ketdi. Biroz oʻtib meni koʻrganlardan ikkita odamgagina kirishga ruxsat berilibdi. Birinchi qaynotam kirdi. Ahvolimni soʻrab olgach, afsus bilan yonimdagi kursiga oʻtirdi.
— Seni boshqa bunday xavfli ishlarga jo‘nata olmayman. Boshqa ishonchli oʻrinbosar topamiz.
— Bu mening vazifam... — dedim ohista, — Hammamizni shunday kunlar kutishini juda yaxshi bilamiz.
— Menga shaharda koʻproq keraksan, — oʻzining oʻtkir koʻzlari menga jiddiy tikildi, — Men qizimni shuncha yil oʻstirib biror marta oʻsha kungi ahvolda koʻrmaganman. Bu yomon taʼsir qildi. Menga qizim senga koʻp vazifalar yuklashimni aytib yigʻladi. Hammasiga meni aybdor qildi...
— Lekin...
— U haq edi!, — keskin dedi qaynotam, — Qaysidir ma’noda shu ahvoldaligingga men aybdorman!
— Lekin, bu shu olamdagi burchimiz ekanini yaxshi bilamiz, — ulardan aybdorlik hissini olmoqchi boʻldim, — Shunchaki qizingizni eri boʻlganim uchun qattiq taʼsir qildi. Agar boshqa ishchi boʻlganimda hozirgidek kuyinmasdingiz.
— Aynan, — qaynotam ogʻir uh tortdi, — Har safar hayotimdagi qaysidir ayol yo qiz xudbin ekanimni eslatib turadi. Aytchi, ular nohaqmi? Men chindan faqat oʻz foydam uchun ishlayman.
— Lekin, siz eng zoʻr lidersiz!
— Mustafo, — qaynotam avval qaramagan nigohlari bilan tikildi, — Oʻzingga aytmaganman, ammo men seni oʻgʻlimdek koʻraman. Oʻzidan baron yasab olgan anovi itdan tarqaganni esa kuni bitdi. Uning hududidan chiqib ketmagan boʻlganing foydasiga ishlab qolgan xolos.
Yana bir dunyo xabarlarni indamay eshitib yotdim. Oxiri hammasi jonimga tegdi. Fasmiyani koʻrishni istardim.
— Aytgancha, — qaynotam toʻsatdan kuldi, — Yaxshi narsalarni gaplashamiz. Oʻgʻlimdan bu xabarni eshitganimda bunday boʻlmagandim, ammo qizimniki unchalik yaxshi taʼsir qilmayapti...
Ularga savol nazari bilan tikildim.
— Yaqinda ota boʻlasan. Shunday ekan kurash! Endi faqat qizim uchun emas, nabiram uchun ham!
Negadir umuman hayratlanmadim. Fasmiya homilador boʻlishning foizi juda yuqori edi. Hozircha hech narsani his qilmadim, biroq, bu endi ota boʻlishni istamayman degani emasdi.

Qaynotam meni yolgʻiz qoldirgach Fasmiya kirdi. U shiddat bilan men tomonga uchib kelib ehtiyotkor bagʻrimga kirdi. U menga hech qanday ogʻriq berishi mumkin emasdi. Sochlari orasidan qoʻlim oʻtib uni bagʻrimga bosdim, u toʻsatdan yigʻlab yubordi. Asli koʻp yigʻlaganmi deyman, koʻzlari ancha ishib ketgandi. Ichim ogʻridi. Meni bu yaralar emas, uning yigʻlashi koʻproq azobladi.
— Hoy, men yaxshiman, — dedim qulogʻiga shivirlab yonimga oʻtkazar ekanman, — Hammasi joyida, qara yoningdaman!
— Men qoʻrqib ketdim, — dedi Fasmiya hiqillab, — Juda ham qoʻrqib ketdim, Mustafo... Sizdan xabar kutdim, kutdim... Keyin yordamchingiz xabar berdi. Bir necha kunlab yoningizga umuman kiritishmadi... Xotiniman desam ham!
— Jonlantirish boʻlimiga kiraman deb janjal qildingmi?, — oʻzimda kulish uchun kuch topdim, — Sendakasi yoʻq bu olamda!
— Ha, shu holatingizda ham kuling!, — u arazladi, — Men nima deyapman. Sizga nimadir boʻlganida men ham...
— Shshsh, — barmoqlarimni labiga qoʻyib jim qildim, — Menga hech nima qilmadi, sen ham boʻlmagʻur narsalarni hayolingdan chiqarib tashla.
— Yarashish uchun shu ishlar boʻlishi shartmidi?, — dedi u ma’yus.
— Biz avvalroq yarashayotgan edik, esingda boʻlsa agar.
Fasmiya menga yaqinlashib yuzim yonida pichirladi:
— Sizni o‘pgim keldi!
— O‘p, — dedim.
U menga zarar berib qoʻymay deb nomiga labimga lablarini bosdi-yu, qaytarib oldi.
— Unday oʻpilmaydi, — uni oʻzimga tortib shuncha vaqt yigʻilgan istaklarim qoniqmay qoldi, shunga qaramay uni sekin qoʻyib yubordi, — Bunday boʻladi.
— Sizni hech kim kasal demaydi!
Hamshira kirib qolib, yaralarimni qayta bogʻlashi kerakligini maʼlum qilganida Fasmiya chiqib ketmaslikni soʻradi. Hamshira ham koʻngancha oʻzining ishiga kirishdi, rafiqam kursiga oʻtirgancha qiz oʻz ishini bajarishini koʻz uzmay kuzatib oʻtirardi. Bitta-bitta yaralarimga dori qoʻyib bogʻlab chiqquncha yuzi oʻzgarib, chaqib olishga shay boʻlib qoldi.
— Yaxshi dam oling!, — dedi hamshira keyin Fasmiyaga qaradi, — Sizni ham chiqadigan vaqtingiz boʻlibdi.
Unga hatto javob qaytarishni lozim koʻrmagan Fasmiya qiya ochiq qoldirib ketgan eshikni ortidan taraqlatib yopib kelgach yonimga zaharxanda holda joylashdi:
— Chiqing emish! Ish bahona hamma joyingizdan ushlab oldi-ya?!
— Fasmiya, — unga maʼnoli tikildi, — Yaxshi ham yonimda hammasini koʻrib oʻtirding, endi nimalar deyapsan?
— Shuni koʻrmasam boʻlarkan, hamma joyingizni ushlab qoldi.
— Ey, Xudo!, — oʻzimni kulgancha yostig‘imga tashladim.
— Mazza ekanmi, qoʻllari?
— Ha, nimasini aytasan, — dedim boshimni koʻtarib, — Biram nozik, biram yoqimli ekan!
— Agar sizni beshta oʻq oʻldirmagan boʻlsa erginam, rashkim bilan hazillashmang, oʻzim sizni oʻldirib qoʻya qolaman!

— Sal avval, oʻlib qolsam tamom boʻlishini aytib yigʻlagan qiz shumiya?, — jilmaygancha uni oʻzimga yaqinlashtirdim va hali bilinmayotgan qornidan ushladim, — Necha haftalik?
— Nima?, — u menga taajjublanib tikildi, — Qayerdan? Dadammi?!
Bosh silkidim.
— Men dadamga indamang degandim!
— Fasmiya, dadang menga aytmagan taqdirida ham biz sen bilan shunday ishlarni qilib boʻlgandikki, u siz ham aqlim yetardi bunga, — eslatdim, — Oʻsha kuni senga aytgan gaplarim uchun afsusdaman.
— Mustafo, — u ikki yuzimdan ushladi, — Men ham yaxshi gaplar aytmadim...
— Unut! Kel, unutamiz. Men taslimman.
— Nimaga taslimsiz?
— Sening joduying oldi-da! Oxiri meni taslim qilding! Qoyil, udallading!
— Oh, endi yengil nafas olsam boʻladi, — u mazza qilib kuldi, — Men aytgan edimku, hali farzandimizni ham sevasiz deb.

Sevdim, haqiqatdan sevdim uni. Avval hech kimni sevmayman deb oʻyladim. Oʻzimga yillar davomida uqtirdim. Soʻng seva oldim, sevishga qodir ekanimni koʻrsatdi, undan soʻng yana bir kichkina insonni qalbimga kiritdi. Agar Fasmiya emas, boshqa qizni uchratganimdachi? Undan boshqa hech kim menga bunchalik taʼsir koʻrsata olmaydi.
— U bizning mitti olamimiz boʻladi, — va’da berdim, — Nima boʻlishidan qaʼtiy nazar.
— Qizimiz boʻlsin, — u quvonib taklif kiritdi, — Men birinchisiga qiz boʻlishini istayman. Aqlli ayol birinchisini siz tugʻadi degan gapni eshitganmisiz.
— Yoʻq. Sendan eshitdim, — kulib yubordim, — Muhimi u sogʻ omon boʻlishi. Halicha uni endi qabul qildim, jins tanlaydigan holatda emasman.
— Mayli, mayli, — Fasmiya darrov koʻndi, — Sizni yana ham yaxshi koʻrib ketyapman!

Yana olti kuncha oʻtib menga javob berildi. Chiqar oldim shifokorim qaltis harakatlar qilmasligim, muntazam fizioterapiya olishim, dieta tutishim va yana bir qancha vazifalar buyurib tayinlagancha qoʻyib yubordi. Shunday qilib bir qancha toʻsiqlarni yengib oʻtib, koʻp saboq chiqargancha ikkimizning oʻz olamimiz boʻlgan uyga qaytadigan kunlar kelgandi, nihoyat.