May 20, 2025

Ishq qirolichasi❤️‍🔥

5-BOB. TAKLIF

Fasmiya

Mustafo haqida oʻzi ham har baloni oʻylab chiqdim. Shu yakshanba oyim uyga majburlab chaqirdi. Boʻlmasa uyga bormay qoʻygandim. Asli bu safar ham uyga bormaslik uchun bahona to‘qidim:
— Oyi, dugonamni bir oʻzini qoldirib boramanmi shu uyda?!
— Bahonani goʻzalligini qaranglar!, — onam telefon ortidan kinoya qildi, — Yana qanday bahonalaringiz bor malikam?
— Oyi-i-i...
— Hech qanaqa oyi-poyi yoʻq! Bechora Yusufim bilan Yahyoyim nechchiga boʻlinsin. Hamma ishda ular yordamlashib yuradi. Ishga boradi akasiga qarashadi, sport zalga boradi, seni yoningga boradi, kechasi kelib ham dadangizga hisob beradi. Hali Asena tugʻib olsa unga ham yordam kerak. Sen qochding ketding boshqa uyga.
— Xoʻp, dugonamni nima qilaman.
— Qizim, men seni tugʻruqxonadan farosatingni qoldirib olib chiqmagan shekilli?
O, onamga xos goʻzal va shirin kesatiqlarini eshitib ulgurdim.
— Olib kelasan, oʻzing bilan! Albatta homilador qizni bir oʻzini qoldirmaysan.
— Mayli bu shanba va yakshanba uyga boraman.
— Keyin yana bir oy yoʻq boʻlib ketasiz-a?
— Oyi, ishim va darslarimdan ortmasam nima qilay!, — nolishga tushdim.
— Bahonalaringni tugat. Ertaga tongdan uyda boʻl!

Buyruqni oldim, endi uni bajarish qolgandi. Bu borada dugonamni ham ogohlantirdim. U onam bilan yaxshi kelishardi, qaytaga quvondi.
Tongda ikki kunga kerakli boʻladigan narsalarimizni yigʻib yoʻlga tushdik.
Mashinani men haydadim, dugonam oldimda ketib yoʻl yoʻlakay koʻngli ozib uch martalab mashinani toʻxtattirdi. Sogʻ omon uyimga yetib kelganimda soat 10 dan oshgandi. Tabiiyki, odatga koʻra erkaklarimiz uyda emas. Faqat ayollar bor edi. Oyim bizni kutib olgach dugonam charchagan boʻlishini taxmin qilib, ikkimizni mening xonamga joʻnatdi.
— Istasang yotib dam ol, — dedim dugonamga, — Men uyimni bir aylanib kelay.
Chindan xorigan ekan, yotib uxlab qoldi.
Tushlikka yaqin oyim va Asenani bilan mehmonxonada choyxo‘rlik qildik. Orada Asenaning ancha kattalashib qolgan qornini tekshirdim.
— Qancha qoldi deding?
— Oʻttiz uch haftalik boʻldi, — dedi Asena, — Qornim sharday kundan kunga katta boʻlib ketyapti. Bu ketishda portlab ketadi deb qoʻrqaman.
— Hecham unday boʻlmaydi, — oyim uni yupatdi, — Yoningda men borman, hammasi yaxshi boʻladi.
— Xoʻsh, qizalogʻimizga ism tanladinglarmi?, — qiziqdim men, — Akam nimani oʻyladi, sen nimani oʻyladi.
— Bu bunday boʻldi, — oyim kulib meni oʻziga qaratdi, — Ikkisi ism borasida rossa tortishibdi. Asena “Sofiya” debdi, Alim “Diana” debdi.
— Men Diana kim janjal koʻtardim, — endi Asena kuldi, — Keyin oyimdan soʻrab koʻramiz, birinchi aytgan ismlarini tanlaymiz deb kelishib oldik.
— Men bir asarimga ism oʻylab yurgandim, bular qarshimda chiqib qolib ism soʻradi. Chiroyli, ma’noli qiz bola ismi kerak deydi. Osiyo deb yubordim. Shu-shu ikkisi nabiramni halitdan Osiyo deb chaqiryapti.

— Oyi... — men gʻalati boʻldim, — Nahotki, siz buvi boʻlayotgan boʻlsangiz...
Yillar shu qadar tez oʻtibdiki, biz bir nafas toʻxtamaganmiz. Asli oʻzim ham 25 yoshni qoralay deganman, nega ajablanay bu oʻzgarishlarga... Biroq, onamni gaplarimdan hech ham maʼyuslik egallamadi.
— Vaqt shunday shavqatsiz, Fasmiya. Ammo, men yashab oʻtgan hayotimdan juda mamnunman. Ikkingiz ham yaxshilab eshitib. Hayotning har jabhasida sizni muommolar kutib turadi, ammo u toʻsiqlarni yengib oʻtishingiz bilan mukofotini olasiz.
Koʻcha eshik ochilib ichkariga kimdir kirdi. U baland va muhokamali ovozlardan Yusuf va Yahyo ekanini darrov bildim. Ikkovi oʻzaro qizgʻin suhbat qurardi.
— Balki, dadamga aytish kerakdir. Mustafo hech qachon uylanmaydi.
— Ertangi mehmondorchilikka ham dadamning hurmatidan kelayotgani aniq. Yoʻqsa Erkin amakini yuziga ham qaramasdi. Yosh bola nabirasiga uylanish esa umuman mantiqsiz narsa.
— O, Fasmiya kelibdi!, — meni koʻrgan Yahyo quvonib ketdi, — Uyimizda ilonlar makon qurganmikan, opajonim qadam bosmay qoʻydi deb hayratlanayotgandim oʻzi.
— Yahyo, — oyim oʻgʻliga maʼnoli nigohlarini qadadi, — Opangni kelganiga afsuslantirib yuborma.
— Uyga dugonam ham kelgan, iltimos, odobli bolalar boʻlinglar. Bizga muommolar kerak emas. Uning eri rashkchi, oʻzi bu yerga zoʻrgʻa koʻndi.
— Birovning homilador ayolini boshimizga uramizmi?, — Yusuf koʻzini suzdi, — Istasak, boshqa qizlardan...
Yahyo uni turtganida jim boʻldi. Bu ikkisining siri shekilli.
— Xullas, xavotir olma. Dugonang ketguncha odobli bolalar boʻlamiz.
— Rahmat!
Ikkisi yana shivir shivir qilib, narigi uyga oʻtib ketayotganida oyim bilan Asenani qoldirib ularning ortidan bordim.
— Uyga qandaydir mehmon kelyaptimi, aytgancha?
— Sen nega ortimizdan kelyapsan?, — Yusuf menga qayrildi.
— Oshxonaga ketyapman. Ertaga uyda nima boʻlyapti.
— Bu ikki uchta mafiozlar yigʻilishi, — Yahyoning peshonasi tirishdi, — Xullas kichik sardor Mustafo bor-ku...
Huddi uncha bilmaydigandek oʻylanib bosh silkidim.
— Erkin amaki uni kuyov qilmoqchi. Rumeysa bilan turmush qurishini taklif qiladi ertaga. Dadam oʻrtada oʻrtakash boʻlib qoldi.
— Eng qizigʻi, — dedi Yusuf, — Mustafo hech qachon uylanmaydi.
— Nega?
Bu eshitgan yangiligim menga hammasidan qiziq boʻldi. Mana nima uchun u meni oʻzidan itarib yurgan ekan.
— Uylansa, aynan bizning olamda zudlik bilan farzandli boʻlib, oʻzidan merosxoʻr qoldirishi kerak. Mustafo esa ota boʻlmaydi hech qachon.
— U kasalmi?
— Bu haqida akam batafsil biladi va bizga ham aytmaydi, — Yahyo ketishga chogʻlandi, — Nima boʻlgan taqdirda ham bu mavzu senga taalluqli emas, Fasmi. Biz ketdik.

Menga taalluqli emas emish. Aynan menga tegishli bu mavzu. Xoʻsh, Mustafo nega ota boʻlolmaydi. Va nima uchun bu oila qurishiga zid deb hisoblaydi. Buni zudlik bilan bilishim kerak edi.

* * *

Yakshanba kuni yoʻlini toʻsib egizaklar tilida aytilganidek zoʻravonlik qilib soʻrab koʻrdim. Toʻgʻrisi-da men u bechorani kechasi bilan jinsiy zaif ekan deb oʻylab chiqdim. Yoʻqsa, tuppa tuzuk yigit nega ota boʻlolmasligi mumkin edi. Uyatni yigʻishtirib tashlagandim yakshanba, dugonam bilan yashayotgan uyga kelganimizda qaytib keldi. Qanchalar ahmoqlardek uni soʻroq qilganimni tushundim. Bu yerda boshqa gap borligi aniq edi. Qanday bilib olish rejalarini tuzib chiqdim.
Akamdan soʻrab bilolmayman, surishtirsam darrov shubhalanadi.

Bu qaysar yigit ham hech tutqich bermayapti! Oʻzimni bora-bora er ovchalaridek his qilib boshladim. Nima menga yigit qurib qolganmidi, undan boshqa? Ha, Fasmiya! U aynan sen istagan odam. Kurashasan, erishasan. Tamom vassalom.
Ancha vaqt qilmay qoʻygan ishimni qilib yugurishga chiqdim. Huddi oʻsha soatda, u yashaydigan koʻcha boshida aylanib yurdim. Uzoqdan menga qarama qarshi kelayotgan Mustafo koʻzga tashlandi. U yonimdan yugurib oʻtarkan, toʻxtamadi, qoʻshnisini koʻrgan odamdek salomlashuv shaklida bosh silkib oʻtib ketdi.
Men ham yana yugurishni boshlab unga yetib oldi, endi tengma teng yugurardik.
— Siz mendan qochib yuribsizmi?
— Siz esa chiqmay qoʻygan edingiz?
Savolga savol bilan javob qaytardi.
— Eshitishimcha, sardorlikni saqlab qolish uchun tez orada uylanishingiz kerak ekan?!
U tezligini biroz pasaytirib menga qarab oldi. Terlaganidan ayrim sochlari yuzlariga yopishib qolgandi.
— Hamma yerda quloqlaringiz bormi?
— Kimning qizi ekanini yodingizdan chiqdimi?, — maqtandim.
— Baribir qizlarga bu gaplar yetkazilmaydi.
— Men haddan oshiq eʼtiborliman.
— Yoʻgey?, — u istehzo qildi.
— Allal-oqibat uylanasiz.
— Shunday boʻlsa sizga nima?
— Manfaatli turmush boʻladi.
— Bu menga yangilik emas.
— Farzand ham kerak boʻladi.
— Shunisi menga kerak emas.
— Nega?
— Bu sizga taalluqli emas.
Bunisi ham shu gapni aytadi-ya, asabimni qoʻzgʻab! Menga tegishli boʻlmasa kimga tegishli boʻladi.

— Menga nega ota boʻlolmasligingiz haqida soʻrab oʻsha kuni shaxsiy chegarangizni buzdim, buning uchun kechiring.
— Meni ota boʻlolmaydi deb oʻylaysizmi?, — u butkul yugirishdan toʻxtab men tomonga qayrilganida unga urilib ketay dedim, — Kasaldek koʻrinyapmanmi koʻzingizga?
— Toʻgʻrisini aytaymi!, — uning chiroyli koʻzlariga tikildim, — Men oʻqigan narsalarimni tuni bilan titkiladim. Ota boʻlolmaslikning sabablari juda koʻp.
— Nega bu sizni tashvishlantiryapti?, — qoʻllarini bir biriga qovushtirdi, — Bu mening muommoyim chamamda.
— Albatta, ammo siz uylanadigan qiz ham shu haqida bilishi kerak boʻladi. Juda koʻp qizlar ona boʻlishni juda istaydi. Shuning uchun bu haqida eshitishi bilan chuqur oʻyga toladi. Qolaversa, aynan bizning olamda bu narsa muhim. Siz ham uylangan taqdiringizda farzandsizlikka rozi boʻladigan qizga uylanishingiz kerak...
— Fasmiya, sizga qaytaraman, — Mustafo meni jim qildi, — Muommo oʻzimga tegishli.
— Men sizga taklif bermoqchi edim. Mayli, istamasangiz ketdim...
U meni toʻxtatishini bilib ortimga burilib keta boshladim. U koʻp oylab qolib ketdi, ammo baribir menga yetib kelib, tengma teng yurib dedi:
— Siz shunaqangi syurprizlarga boy qizsiz-ki! Toʻgʻrisi sizdan nima kutishni bilolmayapman.
— Qiziq-a?, — jilmaydim, — Portlashi nomaʼlum boʻlgan boʻmba singari.
— Ajoyib oʻxshatish, — dedi, — Xoʻsh, gʻaroyib taklifingiz nima edi?
— Siz aynan Rumeysaga uylanishingiz shart emas. Oʻz oʻrningizdan ajralishni istamaysiz, unga loyiq boʻlish oson boʻlmadi. Axir yarim “oila” qoʻlingizda. Taklifim shundan iboratki, agar men bilan turmush qursangiz, bu haqida boshqa qaygʻurib oʻtirmaysiz. Men esa sizning muommoyingiz bilan ishim boʻlmaydi. Buning menga farqi yoʻq.
Mustafo menga shunaqangi gʻalati tikilib turdi-ki, goʻyo, qarshisida dunyodagi eng ahmoq qiz qarshisida turardi.
— Nimaning ahamiyati yoʻq, — aniqlik kiritmoqchi boʻldi shekilli.
— Ota boʻlolmaslik kabi muommoyingizni...
— Hamon shuni takrorlayapsizmi?, — u boshini chayqab asabiylashdi negadir, — Men siz oʻylagandek... — keyin birdan gapini boshqacha nihoyaladi, — Sizga bu turmushdan nima foyda keladi. Shuni menga tushuntirib bering, men javobimni aytaman.

Oʻyla, Fasmiya, tezroq boʻl! Arzirli sabab topishing kerak. Sevib qoldim deb boshini qotirishing shart emas. Bor Mustafoni ham topolmaysan keyin. Shunday bahona boʻlishi kerakki, Mustafo menga ham manfaatli turmush suv va havodek zarur deb fikrlashi kerak. Bingo! Majburiyat.
— Dadam meni majburlashni istamaydi. Ammo, u ishonchli kuyovga ega boʻlishi kerak. Siz eng zoʻr nomzodsiz. Qolaversa koʻp talablarimga javob berasiz. Men otamning ichki ovozida soʻzlayapman sizga.
Kechiring dada. Nomingizdan foydalanishga toʻgʻri keldi. Bilsangiz oʻzingizni bir nima qilib qoʻyishingiz tayin.
— Yana men ham talablarga javob bera oladigan rafiqa boʻla olaman.
— Turmush bu shoshilinch qaror emasmi?, — Mustafo atay jigʻimga tegib oʻylandi, — Ayniqsa sizdek qiz uchun. Baribir nimadir notoʻgʻri ketyapti.
— Chunki ikkimizga ham vaqt kerak.
— Men sizga rostdan uylana olmayman, Fasmiya.
Ey, Xudo! Bu yigitni hozir bir balo qilib qoʻyaman! Men bu taklifni berishimgacha kutib turib oxirida hech nima boʻlmagandek keta olmaydi. Men ham hayotimda mening idealimga toʻgʻri keladigan yagona insonni qoʻyib yubora olmayman...
— Menga telefoningizni bering, — qoʻlini choʻzib buyurdi u, — Ochib bering.
Aytganini qilib telefonimni uzatdim. U kontaktlarga kirib raqamini saqladi-yu, oʻzimga qaytardi.
— Agar shunchalik taklifingizga ishonchingiz komil boʻlsa, — dedi u, — Kechkacha yaxshilab oʻylab oling. Siz aytgandek men ota boʻlolmayman. Turmush quramiz, farzandimiz boʻlmaydi. Sizga rad etishga imkon beraman. Kuningiz xayrli oʻtsin.
Telefonimga saqlab ketgan raqamga qaradim, oʻzini “Mustafo” deb saqladim. Uning ismi endi telefonimda ham bor...
Qarorim qat’iy edi, faqat u qanday kasal ekanini haligacha bilolmadim. Bu nomaʼlumlik esa meni tamom qilardi. Vaqt tushdan oʻtib shom boʻldi. Yana ikki uch soatdan soʻng unga xabar berishin kerak edi. Unda qandaydir psixologik muommo boʻlsachi? Yoki shoshilinch turmush qurish qarorimdan keyin afsuslansamchi? Akam uni bir necha marotabalab juda ishonchli odam ekanini taʼkidlagan. Axir, yaqin doʻsti edi. Men koʻp farzandli oilada ulgʻayganman, baʼzan koʻpligimizdan koʻzlarim qamashib ketardi. Shu tufayli bitta yo ikkita farzandli boʻlaman deb oʻzimga va’da berardim. Mana niyatingga yetding, sen tanlagan insonda bitta ham bola boʻlmaydi. Yoki uning oʻzi shuni istamaydimi?

Kechki vaqt hayolchan oʻtirganimda dugonam qaror qabul qilishimga koʻmak beradigan yangilikni aytdi.
— Men uyimga ketyapman, Fasmi. Ikki haftaga. Shunday boʻlib qoldi. Oʻzing ikki hafta yashab tura olasanmi yo uyingga ketasanmi?
— Uyimga ketaman, — dedim darrov unga, — Umuman qayerda qolsam ham menga farqi yoʻq, uyingga yaxshi borib kel.
Qoʻlim biroz boʻshagandan soʻng chuqur nafas olib Mustafoga qoʻngʻiroq qildim.
— Hozir sizga bitta taklif beraman, ha yoki yoʻq deysiz, keyin bu ikkimizga taalluqli boʻladi.
— Tushunmadim, — uning boʻgʻiq ovozi yangradi.
Jin ursin u uxlab yotibdimi? Shu soatda-ya? Soatga qarasam toʻqqizdan oshibdi. Fasmiya sen chindan farosatingni qayerdan tushirib qoldirding?
— Men ikki hafta yolgʻiz qolar ekanman. Boshqalarga ham turmush qurish haqida maʼlum qilmasdan avval bir birimiz haqimizda ozgina oʻrganib olishga nima deysiz...
— Yaxshi... — u hayratlanyapti, chamamda.
Hech nima qilmaydi. Keyingi daqiqalarda uyatni butunlay yigʻishtirtarasan, Fasmiya.
— Ikki hafta bir uyda yashashgachi?!
Goʻshak orti bir muddat suv quygandek jim boʻlib qoldi.
— Fasmiya uyqusirayapsizmi?
— Yoʻq, siz uyqusirayapsiz!, — toqatsizlandim, — Ha yoki yoʻq.
— Kimning uyida?, — u aniqlik kiritdi, — Men birovning uyida yashashni hech maʼqul koʻrmayman.
— Unda sizning uyingizda. Aytib qoʻyay, bu shunchaki bir uyda yashash boʻladi.
— Qachondan?
— Bir kundan keyin. Ikki haftaga.
— Sizga ertalab qoʻngʻiroq qilaman, Fasmiya. Uxlang.
U meni alahsiradi deb oʻyladi, chogʻi, telefonni qoʻyib qoʻydi.

* * *

Bu kun ishdan ham, oʻqishdan ham ozod edim. Shuning uchun hech nimani o‘ylamay yaxshigina uxlabman. Oʻzimga tashqaridan nazar solsa sochlarim toʻzgʻigan, kechasi bilan dumalab dumalab yotoqning chetida bir ahvoldaman.
Tushimda hadeb qayerdandir qoʻngʻiroq ovozi yangradi. Jin urgurning ovozi oʻchmadi. Orada bir tinib soʻng yana boshlanadi. Qitmir egizaklardan biri boʻlsa kerak har qancha uxlashga harakat qilsam-da, shirin uyqum tobora buzilib borardi. Oxiri eshigim qattiq taqillaganidan choʻchib uygʻonib ketdim. Eshik sharaqlab ochilib dugonam xonamga boshini suqdi:
— Fasmiya, yo telefonga javob ber yo ovozini oʻchirib qoʻy, iltimos!
Hozir Yusuf boʻlsa Yusufni, Yahyo boʻlsa Yahyoni yaxshigina jerkib beraman deb tayyorlandim. Telefonim soʻnggi marta bedor ovoz chiqarishni boshlaganida olib baqirdim:
— Nima?! Tinch qoʻyasizlarmi meni yoʻqmi? Qaysi biringsan? Yusuf yo Yahyo? Uyga borsam ikkovingizni dabdalangizni chiqaraman.
Telefonning narigi tarafidan tomoq qirgan ovoz eshitildi:
— Men Mustafoman.
Uyqum qanday oʻchib, qaysidir teshikka qochib ketganini bilmayman. Yotgan joyimdan sakrab turdim. Goʻyo shunday qilmasam yalpayib yotganimni u koʻradigandek.
— Xayrli tong, Mustafo, yaxshimisiz.
— Xayrli kun. Hozir peshin boʻlyapti, — dedi u bitta tembrda soʻzlab, ovozi buncha yoqimli boʻlmasa, — Tunda nimalar deganingiz yodingizda boʻlmasa kerak deb tekshirmoqchi edim.
— Nima dedim, — hayratlandim.
— Birga yashashni taklif qildingiz.
— Qarorim oʻz kuchida, — dedim qatʼiy.
— Tushunarli, hamon alahsirayapsiz.
— Yoʻq, men uygʻonganman!
— Fasmiya, bu juda jiddiy va nozik taklif.
— Qiz bola boshim bilan bunday taklif berganim yoqmadimi?
— Gap bunda emas, — u yana tomoq qirdi, — Siz ikki hafta bitta joyda yashash deganda nimani nazarda tutganingizni bilolmayapman.
— Shunchaki, — endi ikkilanib qoldim, — Bir uyda ikki hafta yashash. Shu xolos.

— Fasmiya siz jiddiymisiz?!
— Jiddiyman, albatta!
Hayotimda hozirgidek shijoatli boʻlmaganman. Bilmadim, balki bu qarorim xatodir. Ammo, baʼzi narsalarga oydinlik kiritib olgan boʻlardim. Nima Fasmiya senga shu kunlarda adrenalin yetishmayaptimi?!
— Ikki hafta va oramizda hech narsa boʻlmaydi, — u goʻyo menga emas, oʻziga uqtirdi, — Keyin...
— Keyin, men qaror qabul qilaman.
Qiziq, Mustafoning oʻzi mendek oʻylamay qaror qabul qilayotganing qizning shartiga koʻnmoqda.
— Kelishuv qachondan boshlanadi?, — soʻrab oldi u.
— Ertadan.
Dugonam bugun kechki vaqt ketsa, ertadan uning uyiga koʻchib oʻtaman. Va albatta bu shunday koʻchish boʻlish kerakki, uyimga zudlik bilan qayta olishim darkor.
Ertasi kuni uch xonali uyda yolgʻiz oʻzim qoldim. Menda birgina muommo qolardi, u ham boʻlsa mendan vaqti vaqti bilan xabar olib turayotgan uyimiz erkaklarini chalgʻitib turish edi. Shuncha ishni boshlagan buni ham udallayman dedim.
Keyingi kuni ishdan javob olib, meni Mustafo olib ketishini kutdim. Eng-eng kerakli narsalarini oldim, bu yerda ham shu narsalarimdan nusxa qoldirdim.
Mustafo ba’zi yuklarimni koʻtarib olgandi. U bir oycha avval kelgan uyiga yetib kelganimizda koʻcha eshikni ochib avval men kirishimni kutib turdi.
— Sizni avval uy bilan tanishtirishim kerak, — dedi Mustafo.
Oʻzimga ishona olmayapman. Nahotki, men shunday ish qilayotgan boʻlsam!
— Sizdan bir narsa soʻrasam boʻladimi?, — yarim yoʻlda uyga kirmasimizdan avval Mustafoni toʻxtatdim, — Nega siz bu taklifga rozi boʻldingiz?
— Siz nega menga ishonch bildiryapsiz?
— Bilmadim, — dedim, aslida bilardim.
— Men ham bilmadim, — u soʻz oʻyinimni davom ettirdi, — Men ba’zi narsalarni sinab koʻrishni istadim.
— Aynan nima ekanligi bilan baham koʻra olmaysizmi?
— Ayni damda, yoʻq.
— Mayli, — men koʻndim.
U uyining eshigini ochib, meni uy ichkarisiga taklif qildi. Qadam bosganimda dimogʻimga huddi notanish, ammo tanish ifor urildi. Bu gʻalati his. Har bir uyda oʻz ifori boʻlishini bilaman. Mustafoning uyidagi iforga esa baho bera olmadim. Shuni tushundimki, u hozirdan menga iliqlik bagʻishlagandi.
Mustafoning uyida qachon chiroq yoqilishini kutib turdim. Bizning uy doim yorqin ranglardan iborat boʻlgan va yoriq boʻlardi. Uning uyida esa bo‘yim barobar derazalar qalin darpardalar bilan toʻsib tashlangan edi. Uyning salqinligi esa xona sovutgichlar saqlab turardi. Nima u shunaqa drakula qasrida yashaydimi? Ichimda oʻylaganimni tashqariga chiqara olmasdan jim tura olmadim.
— Siz drakulamisiz?
— Nima?, — dedi Mustafo.
— Nega uyingiz qop qorongʻu. Drakula haqida eshitganmisiz?
— Zulmatda yashaydigan qonxoʻr, — bilishini izohladi, — Menga shunisi yoqadi. Ha, aytgancha men qonxoʻr emasman.
— Uyingizda birorta ham yorug‘ joy yoʻqmi?
— Yoʻq, — dedi u qat’iy.
— Keyin boʻlishi haqida ham oʻylamaysizmi?, — umid bilan soʻradim.
— Yoʻq.
Ey, Xudoyim men bu zulmatda boʻgʻilib oʻlaman-ku! Yana oʻzimcha uning xotini boʻlmoqchimanmi?

Mustafo menga parvo qilmay ikkinchi qavatga boshladi. Orasi ochiq ochiq zinalardan zoʻrgʻa yurib chiqdim. Bu uyda farzand katta qilib boʻlmaydi demoqchi edim, vaqtida tilimni tiyib qoldim. U farzandim hech qachon boʻlmaydi deb oʻylaydi-ku! Shuning uchun bemalollarcha uyini shunday stilidan tanlagan. Nima ham deya olardim.
Ikkinchi qavatda pastdagiga nisbatan xonalar biroz koʻp edi. U eshiklardan birini ochib meni olib kirdi-yu, men xonadan qochib ketgim keldi. Yotoq qora, parda toʻq rangda, mebellar yana ham toʻq.
— Hamma xonalaringiz shundaymi?, — shoshilib orqamga oʻgirildim-u, unga urilib ketdim.
— Ya’ni?
— Uyingizda boshqa rang yoʻqmi? Qora, jigarrang, elektr va kulrangdan boshqa ranglar yoʻq ekan!
— Menga shunisi yoqadi.
— Iltimos, menga birorta yoriqroq xona topib bering!
— Uyimga kelganingizga besh daqiqa ham boʻlmadi, ammo hozirdan bu uyda buyruq beryapsiz.
O, Mustafoga bu yoqmaydi chogʻi.
— Bu ketishda menda bu ranglarga fobiya paydo boʻladi. Qanday qilib bunday uyda dimiqib qolmayapsiz?
— Koʻrib turganingizdek men soppa sogʻman.
Ha, shuning uchun ota boʻlolmaysiz siz! Drakula mana nima uchun farzandli boʻla olmagan ekan. U shu zulmatda bunday qobiliyatidan mahrum boʻlgan.
— Yaxshi, men bilan yuring, — Mustafo ogʻir xoʻrsindi, — Uyimda menga buyruq berayotgan yagona odamsiz. Taajjubdaman.
Oxirgisi boʻlaman deb ham umid qilaman.
U yoʻlakning oxiridagi xonani ochdi.
— Bu xona hech qachon kelmaydigan mehmonlar uchun ajratilgan edi, — dedi ichkarilaganimda izoh berib, — Dizayner taklif qilgan.
Demak, u hech qachon mehmon kutmagan. Odamovi Mustafo!
— Bunisi ancha yaxshi, — dizaynerga yaxshi baho qoʻydim, — Endi bu xonada yashasa boʻladi.
Qaymoqrang va jigarranglardan iborat ineryeri bor xonani kuzatib chiqdim. Ikki hafta drakula saroyida qanday yashash haqida oʻylab olish kerak endi... Oʻzimdan chiqqan baloga, qayga boray davoga deb shuni aytishar ekan, Fasmiya!