Mathematics
Matematika - bu til (Matematiklarga xitob)
Har bir sohaning hayotda o'z o'rni bor. Matematika - bu shunchaki aniq fan emas.
Matematikadan kursga yangi kelgan o'quvchilarni kuzatyapman va matematikani, hisob-kitobni bilmagan odam qay darajada achinarli bo'lishini his qilyapman.
Matematika oddiy fan emas. Matematika - bu til. Xuddi ona tili kabi bir til.
Matematika - mantiqiy fikrlash tili. Matematika tartibni o'rgatuvchi til. Ya'ni algoritmlar olamiga asos soluvchi fan. Qaysi mavzuga to'xtalmaylik, uning ichida albatta tartib bor.
Masalan, tub va murakkab sonlarni farqlashni olaylik. Tub sonlarda 2ta bo'luvchi bor. Murakkab sonlar esa tub sonlar ko'paytmasidan tashkil topadi. Buni aniqlash uchun har qanday 1dan boshqa sonni tub sonlarga bo'lib boramiz va tub yoki murakkabligini aniqlaymiz. Bu qoida doim bir xil. O'zgarib qolmaydi hecham.
Matematikada ko'paytirish amalining vazifasi bir xil sonlarni qulayroq qo'shish uchun ishlatiladi. Bu narsa ham doim bir xil. Zamon, shaxs, makonga qarab o' zgarib qolmaydi. Fizikada yoki kimyoda ba'zi tartiblar makonga qarab o'zgaradi. Lekin matematikada o'zgarmaydi. Hamma narsa aniq o'rnatilgan tartibda ishlaydi.
Ko'pincha o'quvchilarda menga trigonometriyani nima keragi bor deydigan savol bo'ladi. Albatta molboqarga, fermerga, qora ishchiga trigonometriyani keragi yo'q. Siz trigonometriyani qayerda ishlatilishini bilmasangiz demak sizdan molboqar chiqadi xolos.
Sizga nanotexnolog, yurak jarrohi, astrofizik, yadroshunos, kosmonavt, injener texnolog, programmist, kodirovshik, iqtisodiy tahlilchi kabi kasb egasi bo'lish nasib qilmaydi demak.
e (Eyler soni) sonini aynan nimaga ishlatilishini bilmagan bankir bankdan pul shilishdan uyog'iga o'tolmaydigan robot xodim xolos. U jamiyatimizni yaxshi tomonga o'zgartirishi qiyin.
Hayotda ikki toifa inson bo'ladi. Uchinchisi mavjud emas.
Learners (ergashuvchilar) and Thinkers (fikrlovchilar).
Ergashuvchilar hayotda doim boshqalar chizib bergan yo'lni ichidan chiqolmaydi. Ishi doim aytilganni bajarish bo'ladi.
Fikrlovchilar esa o'zi yo'l chizadi.
Matematika fikrlashni o'rgatuvchi til ekanligini hisobga olsak, uni bilmagan inson zamonaviy qul bo'lib qoladi.
Matematika kafedrasidagi domlalar ko'pincha hammani hatto rektorni ham gapiga bo'ysunavermaydi. Bu bor gap. Buning asl sababi o'sha matematik domlaning injiqligida emas. Uning shu fan bilan shug'ullanganligi uchun asossiz narsalarga bo'ysunmasligidadir.
Chunki fanni o'rganish jarayonida hayotga boshqacha qaraydi. Aniq faktlar talab qiladi. Mantiqiy asoslanmagan narsani rad qiladi. Ya'ni Ergashuvchi emas. Matematikdan zamonaviy qul chiqmaydi.
Siz har xil boshqotirmalar yechasiz, qiziq o'yinlar o'ynaysiz. Lekin bularning ko'pi shunchaki hayotdan yiroq mashqlar. Matematika esa insoniyat duch kelgan jumboqlardir. Qachonki inson katta muammoga duch kelsa buning yo'li matematikaning ko'chasidan o'tgan doim.
Xayolot fandan ustundir deydi Eynshteyn. Shuning uchun adabiyotshunoslar oldida tiz cho'kaman deydi. Lekin matematika adabiyotdan ustun aslida. Chunki o'sha xayolotni ro'yobga chiqarish matematikasiz bo'lmaydi.
Shu bilan birga matematika xayolot dunyosini ham tahlil qilishga urinib ko'rgan. Imaginary numbers (xayoliy sonlar) degan narsa matematikaning sonlar orqali xayolot dunyosiga kirib borishi hisoblanadi. Xayoliy sonlarni kim anglay olsa, olam sirlarini yangidan kashf qilishi aniq. Bizning ko'zimiz ko'rmayotgan olamlarga bu xayoliy sonlar orqali kirib bora olamiz xolos.
Xulosa shuki, zamonaviy davr insoni matematikasiz taraqqiyot unsurlariga yetishib yurolmaydi. Oliy zot hisoblangan inson bo'lib yashash ayni davrlarda hecham osonmas. Hayvonga o'xshab qorin dardida yurish va fikrlamaslik bu oliy zotlik emas. Fikrlashga esa matematika mas'ul. Nega shunaqa degan savolga javobni matematika ko'chasidan topiladi. Insoniyat global isishni oldini ololadimi degan savollarga matematik aniqliklar javobgar. Sun'iy intellekt yaratish g'amini matematika o'ylaydi. Marsda inson yashashini matematika tashkillab beradi.
Endi ham matematikani fikrlash tili ekanligini anglamadingizmi???