July 17

Imo

Oʻzbekiston tarixda xalqaro matematika olimpiadalarida atiga 9ta kumush va 27 bronza medali olgan. Tarixda hali birorta oltin medal olmaganmiz.*

Solishtirish uchun: Qozogʻiston tarixda 15 oltin, 26 kumush va 64 bronza medal olgan.

Toʻgʻri, Qozogʻiston hukumati fan olimpiadalariga ancha yildan beri juda koʻp resurs berib kelgan. Ularni tayyorlovchi nihoyatda kuchlik maktablar bor, yoshlarni tayyorlash infratuzilmasi juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Iqtidorli bolalarga moʻljallangan davlat idoralari bor. Bizda esa, yaqin yaqingacha, xalqaro olimpiadaga chiquvchilar, davlatdan zoʻrgʻa biletga pul topishar edi. Bir xil yillar shuni ham olishmagan edi.

Undan tashqari, bir paytlar davlat umuman borishga ruxsat bermagan. Masalan 2012, 2013, 2014 umuman olimpiadada mamlakatimiz qatnashmagan.

Meni bilishim boʻyicha, 2012 yilda Argentinada boʻlgan olimpiadaga borishni Tashqi Ishlar Vazirligi taqiqlagan. Bilishimcha, qandaydir tashqi siyosiy sabablarni bahona qilib jamoaga borishga taqiq qilishgan.

Endi bu faqat matematikada.

Fizika, Ximiya, Biologiya va Informatikada Oʻzbekiston natijalari bundan ham yomon.

Masalan, Fizikada Qozogʻiston 13 oltin, 29 Kumush, 26 bronza medali bor. Oʻzbekiston tarixda faqat bittagina bronza medal olgan.

Ximiyada: Qozogʻistonda 6ta oltin, 26 kumush va 41 bronza. Bizda 2 ta oltin, 4 ta kumush va 15 bronza.

Informatikada bizda birorta medal yoʻq. Tarixda. 0ta medal. Algoritim o'ylab topilgan joydan. Qozogʻistonda: 3 ta oltin, 22 kumush, 33 bronza. Toʻgʻri, informatikada medal olish qiyin, lekin butun boshlik mamlakat uchun birorta medal boʻlmagani, alam qiladi. Tojiksiton bizdan kichikroq va kambagʻalroq boʻlsa-da, 2ta kumush va 5ta bronzasi bor.

Xullas tushunarlik shekilli.

Meni orzuyim quyidagicha, keyingi 5 yilda matematikadan eng kamida bitta oltin medal boʻlsa yaxshi boʻlar edi.

Umuman esa, iqtidorli bolalarni tayyorlash maktabini tashkil qilish kerak. “Maktab” deganda fizik binoni aytmayapman. Aytmoqchi boʻlganim olimpiadaga chiqadigan bolalarni tayyorlovchi va saralovchi tizim kerak. Albatta, fan olimpiadalari mamlakatdagi umumiy taʼlim tizimi yaxshi yoki yomon ekanligini belgilab bermaydi. Lekin oʻsha fan olimpiadalari, fan elitasi shaklanishiga katta yordam beradi. Olimpiadada minglab bolalar saralanishi kerak. Fan olimpiadalari ham sport olimpiadalaridek narsa, yaʼni ularga ham kichik yoshdan koʻp yillar investitsiya qilsagina oʻz mevasini beradi. Fan olimpiadalarini farqli jihati esa, ertaga shu medal olgan bolalar fanga oʻz hissasini qoʻshish evaziga, mamlakat iqtisodiy oʻsishiga katta yordam berishadi. Ularni yutuqlaridan butun mamlakat iqtisodiy foyda koʻradi. Bu juda yaxshi moliyaviy investitsiya. Biz uchun ta'limdan yaxshiroq investitsiya yo'q. Mustaqillik yillarida juda kam (daxshat darajada kam) medal qoʻlga kiritganimiz bizga yaxshi saboq boʻladi degan umiddaman.

Yana bir orzuyim, shu aytilgan fanlardan xalqaro olimpiadaga Oʻzbekiston mezbonlik qilsa. Yillar davomida soliq toʻlovchilar hisobidan juda koʻp turdagi tadbirlar oʻtkazib keldik, lekin biror martda fan olimpiadasini oʻtkazmadik. Fan olimpiadasiga keladigan bolalar, kelajakda dunyoning intellektual elitasi, agar ular Oʻzbekistonni tanib ketishsa juda yaxshi bo'ladi. Yana aytgim kelmayaptudiku, lekin Qozogʻiston, shu paytni ichida deyarlik barcha fan olimpiadalariga mezbonlik qilgan. Bu yili esa, Iqtisodiyot olimpiadasi mezboni ham boʻladi.

Xullas, keyingi 5 yilda, har bir fandan bittadan oltin medal, va kamida bitta fan olimpiadasiga mezbonlik qilishimizni xohlar edim. Axir Romanovskiy, Sirojiddinov, Sarimsoqovlar ishlab ketgan vatandan bitta oltin medal chiqmasa yaxshi emas.

UPD: * - bu yerda International Math Olympiad (IMO) haqida gap ketyapti. Dunyoda turli xil olimpiada va musobaqalar bor, ularda medallar olgan bo'lishimiz mumkin. Lekin universitetdan oldin bo'ladigan eng nufuzli olimpiadalar bu o'sha xalqaro standartdagi: IMO, IPhO, IChO, IBO va IOI. (shunday qayd qilib yozishni tavsiya qilganlarga rahmat).