KILLER BUNNY
Yosh o‘qituvchi sinfga nazar tashlab, jilmaydi.
— Yaxshi, unda boshlaymiz. Ismim Yunji. Sizlarga do‘stona munosabatda bo‘lishga harakat qilaman, lekin buning evaziga aytganlarimni e’tibor bilan bajarasizlar degan umiddaman, — dedi u o‘qituvchi stoliga borib, stulga o‘tirgancha.
— Darsni boshlashdan oldin, tanishib chiqamiz, — deya birma-bir talabalardan ismlarini so‘rashni boshladi.
Navbat Lilyga yetganda, Yunji qizga bir muddat tikildi. U Lilyning go‘zalligidan beixtiyor hayratga tushgandi. Qizning sarg‘ish sochlari va mayin nigohi uni o‘ziga ohangrabodek tortib olgandi.
Lily muloyimlik bilan o‘rnidan turdi.
— Salom, janob. Ismim Lily, — dedi u xushmuomalalik bilan.
— Chiroyli ism ekan... o‘zingday chiroyli, — dedi Yunji jilmayib.
Bu gap Lilyning ikki yonog‘chasini qizarishiga sabab bo‘ldi. U uyalib boshini quyi soldi. Yunji uning bu holatini ko‘rib, ko‘z ilg‘amas darajada jilmaydi va tanishuvni davom ettirdi.
U barcha talabalar bilan tanishib bo‘lganidan so‘ng, doskaga qarab, darsni boshladi. Dars davomida esa, u har-har zamon Lilyga nazar tashlab qo‘yardi. Yunji ilgari bunday go‘zallikni ko‘rmagandek, unga termulishdan o‘zini to‘xtata olmayotgandi.
Hayoon bu holatni sezdi. U o‘zining hazilkash odatiga sodiq qolgancha, Lilyni sekin turtdi:
— Sen bu yangi kelgan o‘qituvchini yuragidan uribsanku! Ko‘zini sendan ololmayapti.
Lily o‘zini yo‘qotmay, ohangini pastlatgancha javob berdi:
— Hayoon, bas qil. O‘qituvchiga qaraguncha, e‘tiboringni darsga qarat. Yaqinda imtihon bo‘ladi. - Lily dugonasiga tanbeh bergancha, e‘tiborini yana darsga qaratdi. Vanihoyat dars tugaganini bildirish uchun qo‘ng‘iroq chalindi
Ikki dugona miriqib suhbatlashgancha universitet oshxonasiga yo‘l olishdi. Ular birgalikda ovqatlanib, kunning bemalol davom etayotganidan zavqlanishardi. Lily Hayoon bilan quvnoq suhbatda bo‘lib, bir zumga ham bo‘lmasa, o‘zini oddiy talaba kabi his qilgandi.
Ular ovqatlanayotgan paytda, uzoqdan ularni kuzatib turgan yigit, Yuri, to‘g‘ri ularning stoliga kelib, beparvolik bilan Lilyning ro‘parasiga o‘tirdi. Hayoon yigitning to‘satdan kelganidan hayron bo‘lib, ko‘zlarini katta ochgancha Lilyga qaradi. Lily esa yuzida hech qanday ifoda bildirmaslikka harakat qildi, biroq yuragi g‘ash tortdi. Chunki u Yurini avvaldan yoqtirmasdi.
Yuri universitet egasining yagona o‘g‘li bo‘lib, bezori va kibrli xarakteri bilan nom chiqargan yigit edi. Ko‘pchilik undan hayiqardi. U doim qizlar bilan shunchaki vaqt o‘tkazish uchun gaplashar, jiddiylikdan yiroq edi. Lily esa uning bu sifatlaridan bexabar emasdi va undan iloji boricha yiroq yurardi. Ammo bugun Yuri aynan uni nishonga olgandi.
Lily o‘zini noqulay sezib, o‘zini tutdi va tezda vaziyatdan chiqish uchun Hayoon tomonga egildi:
— Hayoon, esingdami, biz kutubxonaga borib dars qilishni rejalashtirgandik. Yur, ketdik, — dedi u, iloji boricha ovozini sokin va muloyim tutishga harakat qilib.
Lily o‘rnidan turib, oshxonadan chiqishga shoshildi. Ammo Yuri uning oldiga tushib, yo‘lini to‘sdi. Uning nigohi bepisand, lab uchida bir kulgi bor edi.
— Qayerga bunchalik shoshilyapsan, yaxshi qiz? Biroz gaplashsak bo‘lardi-ku, — dedi Yuri
Yuri qizning bilagidan ushlab o‘ziga tortdi. U Lilyning bilagidan shunchalik qattiq ushladiki, qiz og‘riqdan yengil ingrab yubordi. Qiz yigitni o‘zidan qancha itarishga urinmasin, Yurining kuchi oldida ojiz edi.
— Meni qo‘yib yubor, qo‘limni og‘rityapsan! — dedi Lily nafas ololmay, yigitning qo‘lidan qutulishga urinarkan.
Yuri esa sovuqqina jilmaydi. Nigohlarida shafqatsizlik balq urardi.
— Nega seni qo‘yib yuborishim kerak? Men faqat suhbatlashmoqchiman. Bunday harakatlaring befoyda. Baribir seni o‘zimniki qilaman, — dedi u, qizni o‘ziga yanada yaqinlashtirib.
Hayoon Lilyni qutqarmoqchi bo‘lib yelkasidan tortgan edi, Yuri uni ham qattiq itarib yubordi. Hayoon devorga urilgancha yiqildi, yelkasidan og‘riq o‘tdi. U og‘riqdan yuzini burishtirdi.
Oshxonadagi talabalar bu sahnani jim kuzatishardi. Hech kim harakat qilishga jur’at etolmasdi — negaki hamma Yurining otasi universitet egasi ekanini bilardi.
Ammo shu payt ortdan qat’iy, jarangdor ovoz yangradi:
— Qizga teginishga seni nima haqqing bor? Uni qo‘yib yubor!
Yuri g‘azab bilan ortga o‘girildi. Ustoz Yunji unga qarab turardi. Uning ko‘zlarida g‘azab va sovuqlik bir-biriga qorishgandi.
Yuri o‘qituvchini ko‘rib hayiqmadi. Aksincha, bemalol kuldi.
— Yo‘lingizdan qolmang, ustoz. Bu meni ishim. Aralashmaganingiz ma'qul. Bilasizmi, bir og‘iz so‘zim bilan otam sizni bu universitetdan haydatadi. Aytishmagan shekilli, bu joyni otam boshqarishini?
— Demak, sen shunchalik o‘zingga katta ketyapsan? Balki, o‘zingning o‘rningni eslatib qo‘yish vaqti kelgandir, — Yunji shunday dedi-da, bir lahzada Yuri tomon yurib, yigitning qulog‘idan mahkam ushladi va kuch bilan orqaga tortdi. So‘ng bir zarb bilan uni polga otib yubordi.
Yuri gandiraklab yiqildi, hayratdan ko‘zlari katta ochildi. Chunki unga hech kim hali bunday munosabatda bo‘lmagan edi. Oshxonadagi talabalar bir lahza sukutda qotib qolishdi — keyin esa kimdir asta kuldi. Bu holatdan Yurining o‘zi ham dovdirab qoldi.
Do‘stlari yugurib kelib, uni o‘rnidan turg‘izmoqchi bo‘lishdi, ammo Yuri g‘azab bilan ularning qo‘lini siltab tashladi. Ustoz Yunji tomonga tikildi, ko‘zlarida alam va tahdid porlardi.
— Hali ko‘rasiz. Bu qilgan ishingizga javob berasiz! — dedi u tishlarini g‘ichirlatar ekan, so‘ng oshxonani tark etdi.
Yuri ketgandan so‘ng, Yunji butun e‘tiborini Lilyga qaratdi.
— Senga hech narsa qilmadimi? — dedi u muloyim, ammo xavotir aralash ovozda.
Lily hayajondan nafasini rostlab oldi, labini tishlab, ko‘zlarini pastga tikdi.
— Yo‘q, janob. Sizga katta rahmat. Agar siz bo‘lmaganizda... — u gapini tugatolmadi.
— Mayli, endi xotirjam bo‘l. Boshqa bunday holat yuz bermaydi — dedi Yunji, sovuq, ammo taskin beruvchi ohangda. So‘ng Hayoon tomon yurdi. — Yaxshimisan?
Hayoon bosh irg‘ab, sekin o‘rnidan turdi.
— Men yaxshiman... faqat yelkam biroz og‘riyapti, — dedi Hayoon, lekin minnatdor tabassum bilan.
— Bundan keyin u sizlarga yana yaqinlashsa, menga tortinmasdan aytavering. O‘zim uning aqlini joyiga keltirib qo‘yaman, — dedi Yunji tabassum bilan. So‘ng o‘qituvchi darsga ketish uchun eshik tomon yo‘naldi. Ammo eshik oldiga borgach, bir lahza to‘xtadi va yana orqasiga qaradi.
— Bu xizmatim shunchaki emas, endi mendan qarzdorsizlar, — dedi u o‘yinqaroq ohangda.
— Qarz? — Lily hayronlik bilan so‘radi.
— Qo‘rqma, hazillashdim, — dedi Yunji kulib. — Ha, aytgancha, sizlarga bir taklifim bor edi. San’atga qiziqasizmi? Bugun universitet oldidagi galereyada rasm ko‘rgazmasi bo‘ladi. Men bormoqchiman. Istasangiz, sizlar ham birga boringlar.
— Biz... — Lily hali gapini boshlagan edi, Hayoon uning gapini bo'ldi:
— Albatta boramiz! Anchadan beri galereyaga borishni rejalashtirayotgandik, — dedi u g‘ayrat bilan.
— Unda kelishdik. Dars tugagach, universitet tashqarisida ko‘rishamiz. Yaxshi o‘qinglar, — dedi Yunji va sinf tomon yurib ketdi.
U ketgach, Lily darrov yuzini Hayoonga burdi.
— Hoy, jinnimisan? Qanday qilib boramiz? Jungkook universitet atrofini qo‘riqchilarga to‘ldirgan. U ruxsat bermaydi. Yashirincha chiqadigan bo‘lsak, nima bo‘lishini yaxshi bilasan, — dedi u jiddiy ohangda.
— Jungkook va Taehyungdan ruxsat so‘rasak, bersa kerak. Axir universitetga borishga ruxsat berishgan-ku. Qolaversa, sen rasm chizishni, mashhur asarlarni ko‘rishni yaxshi ko‘rasan. Birgalikda yangi o‘qituvchi bilan ham tanishib olamiz. U, chamamda, senga befarq emas.
— Nima deyapsan? U o‘qituvchi, men esa talaba. Bunday bema’ni fikrlarni hayolingdan chiqarib tashla, — dedi Lily qovog‘ini solib.
— Bo‘ldi, jimman. Hazillashganimniyam ko‘tarmaysan. Lekin chinakamiga borishimiz kerak. Men juda ko‘rgim kelyapti u galereyani. Sensiz bormayman. Men bilan bor, iltimos, — Hayoon o‘ziga xos erkalik bilan ko‘zlarini mo‘ltillatib qaradi.
— Uff... mayli. Sen mushukchadek qarasang, yo‘q deyishning iloji yo‘q, — dedi Lily kulib.
Ular qolgan darslarga qatnashdi. So‘ng dars tugagach, universitet tashqarisiga chiqishdi. Lily kutganidek, eshik oldida Jungkook tayinlagan qo‘riqchilar turardi. Hayoon ularning yoniga dadil bordi.
— Biz galereyaga bormoqchimiz. Endi bu yerda turishingizning hojati yo‘q, — dedi u bepisand ohangda.
Qo‘riqchilar bir-birlariga hayron qarashdi.
— Bizga bunday buyruq berilmagan, — dedi ulardan biri.
— Unda boshlig‘ingizga qo‘ng‘iroq qiling, — dedi Hayoon qat’iylik bilan.
Qo‘riqchilardan biri telefonini olib, Jungkookga qo‘ng‘iroq qildi. Bir necha daqiqa kutgach, go‘shak ko‘tarildi. Ustuvor ohangdagi tanish ovoz eshitildi:
— Nima bo‘ldi? — dedi Jungkook, har doimgidek sovuqqina va hotirjam ohangda.
— Siz kuzatishni buyurgan qizlar... galereyaga bormoqchi ekan.
— Kim aytdi? — Jungkook bir lahza jim turdi, so‘ng savol berdi. Ohangida hayrat aralashdi.
— Hayoon xonim, — dedi qo‘riqchi.
Jungkookni yonida turgan Taehyung suhbatni jimgina tinglab turdi. Taehyung gapning mohiyatini anglagach, Jungkookga qarab qo‘li bilan telefonni berishini ishora qildi. Jungkook hech qanday so‘zsiz telefonni unga uzatdi.
— Telefonni Hayoonga ber, — dedi Taehyung sokin, lekin buyruq ohangida qo'riqchiga
Qo‘riqchi darhol telefonni Hayoon tomonga cho‘zdi. Hayoon telefonni olib, unga javob berishga ulgurmasidan, doimiy sovuqligi bilan ajralib turadigan Taehyungning tovushi eshitildi:
— Nega galereyaga bormoqchisiz?
— Shunchaki. Lily bilan anchadan beri galereyaga borishni rejalashtirgandik. Lily mashhur rasmlarni tomosha qilishni yaxshi ko‘radi, — dedi Hayoon sokinlik bilan
Bu so‘zlarni eshitgan Jungkook, bir chetda turib, yuzida mayin jilmayish bilan bir fikr haqida o'yladi. Lily yoqtirgan mashhur rassomlarning asarlarini topib, uning xonasiga ilsa yomon bo‘lmasdi...
Taehyung esa o‘zining odatiy jiddiy ohangida davom etdi:
— Yaxshi, boraveringlar. Lekin kechki soat 6 da sizlarni olib ketamiz. Boshqa joyga borish haqida o‘ylamang, — dedi-da, suhbatni yakunlab, telefonni o‘chirdi.
— Vanihoyat, ruxsat berishdi! Endi bemalol borsak bo‘ladi! — dedi Hayoon quvonch bilan, Lilyga qarab jilmaydi.
Lily esa bir muddat jim turdi. U aslida Jungkook bunga ruxsat bermaydi, deb o‘ylagandi. Uning bu kutilmagan ruxsatidan ich-ichidan ajablandi, ammo hech narsa demadi.
Ikki dugona suhbatlashib, kutib turganlarida, Yunji ham universitet eshigidan chiqib, ularga yaqinlashdi.
— Ketdikmi, qizlar? — dedi u, samimiy tabassum bilan.
Uchovlon birgalikda universitet yaqinidagi galereyaga yo‘l olishdi. Ko‘rgazma hali davom etayotgan bo‘lsa-da, odamlar ko‘p emasdi. Bugungi kunda san’atga bo‘lgan qiziqish anchayin so‘ngan edi.
Galereya ichida esa turli mashhur rassomlarning asarlari joylashtirilgan, har biri alohida badiiy dunyoni aks ettirar edi. Ular birma-bir har bir rasmni tomosha qilib, san’atning sehrli jilvalariga sho‘ng‘ishdi