KILLER BUNNY
Ertalabki quyosh nurlari derazadan sirg‘alib kirar, xonani asta yoritardi. Lily ko‘zlarini ohista ochdi. Birinchi daqiqalarda u qayerda ekanini anglamadi. O‘zini charchagan, ammo bir oz tetik his qildi. So‘ng, har doimgidek universitetga borish fikri xayoliga keldi. Darhol o‘rnidan turib, telefonini izlay boshladi.
Yostiq osti, stol usti — hech qayerda yo‘q. Shunda, xuddi o‘tkir pichoq yuragiga urilgandek, kecha kechasi sodir bo‘lgan voqealar birin-ketin ko‘z oldidan o‘ta boshladi: Jungkook... videolar... mashina... saroydek uy... uxlab qolgan holati...
"Demak, bu tush emasdi," — dedi Lily yuragi gupillab urarkan.
Aynan shu damda eshik taqilladi.
— Kiravering, — dedi u cho‘chib, lekin ovoziga kuch berib.
Eshik ochilib, ichkariga bir qiz kirib keldi. Yoshi chamasi o‘zidan kichikroq, muloyim chehrali, beg‘ubor bir qiz edi.
— Salom, xonim. Sizni janob Jeon pastda nonushtaga kutyaptilar, — dedi u muloyim tabassum bilan.
— Xonim? — Lily bu so‘zdan hayratlandi. Hech kim unga bunday murojaat qilmagan edi.
— Janob Jeon olib kelgan mehmonlarni biz "Xonim" yoki "Janob" deb chaqiramiz. Bizga shunday buyurilgan, — dedi qiz ohangida hurmat aralash soddalik bilan.
— Meni shunchaki ismim bilan chaqiraver. Ismim Lily.
— Xo‘p, unda sizni Lily opa deb chaqiraman. Menimcha, mendan yoshi katta bo‘lsangiz kerak, — deb jilmaydi qiz.
Lilyning yuragidagi xavotir, qizning samimiy va beg‘ubor ohangidan biroz bo‘lsa-da yumshadi.
— Isming nima? — so‘radi Lily qizga iltifot bilan qarab.
— Ismim Yura, — dedi qiz quvonch bilan.
— Isming chiroyli ekan, o‘zinga o‘xshab.
— Rahmat, Lily opa. Lekin siz Janobni uzoq kuttirmaslik kerak. Janob kuttirishni yoqtirmaydilar, — deb muloyimlik bilan eslatdi Yura va sekingina eshikdan chiqib ketdi.
Lily chuqur nafas oldi. Ichida hali ham bir necha xil hislar — g‘azab, qo‘rquv, chalkashlik, va, eng ajablanarlisi, qiziqish aralashib yotardi. U kiyimini tartibga soldi, sochini tarab, pastga yo‘l oldi.
Zinalardan tushayotgan ohangni eshitgan Jungkook qo‘lidagi vilkasi bilan ovqat yeyishni to‘xtatdi. So‘ng, xotirjamlik bilan orqasiga o‘girilib qaradi. Lilyni ko‘rib, yuzida hech qanday hayrat belgisi sezilmadi. Faqat yengil jilmaydi va nonushta qilishni davom ettirdi.
Lily uzun stolning narigi tomonida yolg‘iz o‘tirgan yigitni ko‘rib, bir oz ikkilanib turdi. U bu kabi hashamatli, ammo muzdek sokin muhitga o‘rganmagan edi.
Jungkook yana unga qaradi. Yengil kulimsiradi.
— Shunday tepamda qoqqan qoziqqa o‘xshab turaverasanmi? O‘tir, nonushta qil.
Lily boshini biroz egdi. U asta yurib, Jungkookga qarama-qarshi o‘rindiqqa o‘tirdi. Stol ustidagi taomlar nafis, chiroyli va hushbo‘y edi,
Xonada sukunat qalin tuman misol taralgan edi. Lily bilan Jungkook uzun stolning ikki boshida o‘tirishardi. Faqat qoshiq-sanchqilar tovushi bu sokinlikni buzardi. Lilyning fikri boshqa joyda — u universitetga qanday ruxsat so‘rash haqida bosh qotirardi. Har kuni kech uxlab, tongda uyg‘onib qilgan mehnatlari, orzulari ko‘z o‘ngida porlab turardi. Ammo hozir, bu hashamatli, ammo erkinligi bo‘lmagan joyda u o‘zini tutqun his qilardi.
U ovqatlanishni unutgandi. Faqat qo‘lidagi qoshiqni asabiy tarzda tiqqillatib stolga urardi. Bu harakat uzoq davom etmadi.
Jungkook nihoyat sabr kosasi to‘lib, keskin ohangda gapirdi:
— Mening yonimda ovqatlanishdan bosh tortganlarni yoqtirmayman.
Qattiq chiqqan ovoz Lilyni beixtiyor cho‘chitdi. U bir zumda o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va shosha-pisha ovqat yeyishga tushdi. Jungkook uning bu qo‘rquvli harakatini kuzatdi va ichida qandaydir g‘alati mamnunlik paydo bo‘ldi. Yuzida xiyol jilmayish paydo bo‘ldi.
Ammo Lily jim o‘tirmaslikka qaror qildi. U boshini ko‘tardi va yigitga to‘g‘ri tikildi. Ko‘zlari biroz titrar, ammo qat’iylik bilan to‘la edi.
— Haligi... men universitetga borsam bo‘ladimi? Soat 8:30da dars boshlanadi, — dedi u duduqlanib.
Jungkook bir soniya ovqatlanishdan to‘xtadi. Qoshini biroz chimirgan holda javob berdi, lekin unga qaramadi:
— Yo‘q. Bormaysan. Ruxsat bermayman.
Bu so‘zlar Lily uchun sovuq, qayrilmas hukmday yangradi. Go‘yo orzulari osmonida uchayotgan qush bir lahzada parvozdan qulagandek edi. U jon-jahdi bilan tayyorlanib, sinovlardan o‘tib kirgan universitet, o‘sha auditoriyalar, orzularidagi diplom birdan butkul yiroqlashganday tuyuldi.
Lilyning ko‘zlariga yosh qalqdi.
Lilyning jim bo‘lib qolganini sezgan Jungkook asta boshini ko‘tarib, unga tikildi. Qizning ko‘zlarida to‘xtab qolgan yosh tomchilariga qarab, Jungkook ichida bir nimani anglaganday bo‘ldi. Uning yuragida g‘alati bir tuyg‘u paydo bo‘ldi — achinish emas, balki qizning orzusiga bo‘lgan hurmat.
U qisqa sukutdan so‘ng, qat’iy ohangda gap boshladi:
— Mayli, universitetga borasan. Faqat bir shartim bor: o‘zim olib boraman, o‘zim olib kelaman. Agar men bora olmasam, sen bilan birga qo‘riqchi bo‘ladi. Shunga rozi bo‘lsang, borishing mumkin.
Bu gap Lilyning xursand bo'lishiga sabab bo‘ldi. Ko‘zlari quvonchdan chaqnab ketdi. U orzusiga yetishish yo‘lida yana bir imkoniyatga ega edi.
— Mening... narsalarim... uyda edi. Kiyimlarim ham o‘sha yerda... — deya u ehtiyotkorlik bilan gap boshlagan edi, ammo Jungkookning bu galgi ovozi uni darrov to‘xtatdi:
— Endi u uyni unut. Sen endi menga tegishlisan — buni hech qachon esingdan chiqarma. Agar kiyim kerak bo‘lsa, yo‘ldan olib beraman. Men seni har narsang bilan ta'minlay olaman.
Jungkookning qattiq ohangi qarshisida Lily o‘zini tutdi. U ortiqcha gapirmadi, bu yigitning o‘ziga xos dunyosi borligini tushungandi. Hech bo‘lmasa, orzusiga bir qadam yaqinlashishiga ruxsat berilgani uchun shukr qilardi.
Jungkook unga mashina oldiga borib kutib turishni buyurdi va o‘zi tayyorlanish uchun xonadan chiqdi.
Lily pastga tushib, uy oldida to‘xtab turgan qora, lyuks mashina yoniga bordi. U mashina atrofida turgan qora libosli, qattiqqo‘l qiyofadagi qo‘riqchilarga ko‘z yugurtirdi. Ular barchasi boshlarini egib, jimgina turishardi. Hech biri qizga tik qaramas, hatto ko‘zlarini ham ko‘tarishga jur’at qilmasdi. Lily o‘zini g‘alati, ammo xavfsiz his qildi.
U mashina yonida sokin turar, yuragi esa qo‘shiq aytayotgandek xursand edi. Bu ozodlik emasdi, lekin yo‘qdan ko‘ra bor — orzusiga bir eshik ochilgandi.
Biroz vaqt o‘tgach, Jungkook ko‘rindi. U nonushta vaqtida qanday ko‘rinishda bo‘lsa, hozir ham o‘sha: qora kepka, jiddiy nigoh, sirli ko‘rinish. Lily uning bu kepkani yechmay yurishiga yana bir bor hayron bo‘ldi.
Qiz mashinaning orqa o‘rindig‘iga o'tmoqchi bo‘lib eshikni ochganida, Jungkook uning harakatini kuzatdi-da, boshini ohista old o‘rindiqqa qarab qimirlatdi. Lily bir lahza ikkilanib turdi, keyin indamay oldingi o‘rindiqqa o'tirdi. Mashina harakatga tushdi. Mashinani yana sukunat qopladi. Faqat dvigatelning mayin g‘uvillashi eshitilar, vaqti-vaqti bilan Jungkook qizga yon tomondan qarab qo‘yardi.
Sukunatni buzgan birinchi so‘z Lilydan chiqdi:
— Nega doim qora kepka kiyib yurasiz?
Jungkook ko‘zini yo‘ldan uzmasdan, jiddiy ohangda javob berdi:
— Buni keyin bilib olasan. Hozir bilishing shart emas.
Lily boshqa hech narsa demadi.
Mashina universitet yoniga kelib to‘xtadi. Lily eshikni ochib, tushmoqchi bo‘lgandi, lekin Jungkookning sovuq ovozi uni to‘xtatdi:
— Men senga hali mashinadan tush demadim.
Qiz seskanib, joyida to‘xtadi. Jungkook esa davom etdi:
— Darslaring tugagach, menga xabar berasan. O‘zim olib ketaman. Agar bora olmasam, mashina yuboraman. Universitetdan qochishga urinma — bu yerda ham odamlarim bor. Yana bir narsa: boshqa yigitlar bilan gaplashma. Yomon ko‘raman.
Lily bosh irg‘ab, indamay eshikni ochdi. Mashinadan tushib, universitet tomon yurmoqchi edi, ammo Jungkook birdan uning bilagidan tutib, o‘ziga tortdi. Bu to‘satdan bo'lgan harakat qizni cho‘chitdi. U hayratda, nima bo‘layotganini tushunolmay, yigitga tikildi.
— Ehtiyot bo‘lib yursang bo‘lmaydimi? Sal qolsa, mashina urib yuborardi. Bu safar men yoningda edim, lekin har doim yoningda bo‘la olmayman. Ko‘zingni kattaroq ochib yur
Shunday deya Jungkook asta Lilyning bilagini qo‘yib yubordi va bir qadam ortga chekindi. Uning ko‘zida jiddiylik bor edi
Lily xop degandek bosh chayqadi.
Lilyni urib yuborishga sal qolgan mashina nihoyat to‘xtadi. Uning eshigi ochilishi bilan, ichidan Hayoon yugurib tushdi. U ko‘zlari xavotirga to‘la holatda Lilyni tomon chopdi va mahkam quchib oldi. Lily ham dugonasining tanish va ishonchli bag‘riga bosh suqib, ko‘zlarini yumdi. Go‘yo vaqt to‘xtagandek edi.
— Lily, senga hech narsa qilmadimi? — dedi Hayoon uning yuziga termularkan. — Mana bu ahmoq mashinani juda tez haydadi!
U Lilyni boshdan-oyoq ko‘zdan kechirar, biror joyi jarohatlanmaganmi, sinchkovlik bilan tekshirardi. Ammo bu gaplarni eshitgan Taehyung bunday "hurmatsizlik"ni befarq qoldirolmadi.
— Hoy! Sen kimni ahmoq deyapsan? Universitetga borishga ruxsat berganimga shukr qil! Yana bir marta shunday desang, nafaqat universitetga, balki ko‘chaga chiqishga ham ruxsat bermayman! — dedi Taehyung mashinadan tusharkan, qattiq ohangda.
Hayoon uning gapiga e’tibor bermayotgandek, ensasini qotirib qo‘ydi-da, Lilyni qo‘lidan tortib, universitet tomon yetakladi
Shu payt Taehyung Jungkook yoniga bordi. Ikki do‘st bir-biriga qarab jilmayishdi.
— Bu qiz seni universitetga kelishga ko‘ndirganiga qaraganda, anchagina qaysar shekilli, — dedi Jungkook, labining bir chetidan iljaygan holda, do‘stini mazax qilarkan.
Taehyung yelkasini qisdi, kulimsirab:
— Ha, boshida uncha jiddiy ko‘rinmagan edi. Lekin qaysarligi menga yoqib qolayapti. Shunchaki... ba'zida sabrni sinaydi. Unga ruxsat bermaslikning iloji yo‘q edi, u derazaga chiqib olib, universitetga bormasa o'zinishu yerdan tashlashini aytib meni ko'ndirdi— dedi, nigohini Hayoon ortidan ketayotgan ikki qizga qadarkan.
Jungkook indamadi, faqat ko‘zlari Lilyga qaradi. U boshidagi qora kepkani biroz pasaytirib qo‘ydi.
Jungkook Taehyungning gapidan keyin kulimsirab, qo‘liga telefonini oldi. Tezda raqam terdi. Telefonni Minho ko‘targanida, Jungkook gapni cho‘zmadi:
— Hoziroq universitet atrofiga bir qancha qo‘riqchilarni yubor. Ko‘z-quloq bo‘lib turishsin, ayniqsa Lily va Hayoon atrofida.
— Xo‘p, janob, — dedi Minho qisqa va aniq javob bilan.
Jungkook go‘shakni qo‘ydi. So‘ng Taehyung bilan birga mashinaga o‘tirib, boshqa ishlar tomon yo‘l olishdi.
Hayoon esa, Lilyni shoshilinch qadamlar bilan universitet tomon sudrar, yurakdagi gaplarini yashirmay so‘zlardi:
— Lily, u to‘nka jonimga tegdi! Bir kun u bilan birga bo‘lganim ham yetadi. Kel, darsdan keyin qochib ketamiz. Men unga o‘yinchoq bo‘lishni istamayman.
Lily atrofga bir qarab oldi. Universitet darvozasi yonida turgan, qora ko‘zoynakli, jiddiy qiyofali yigitlarni ko‘rsatdi:
— Hayoon, ularni ko‘ryapsanmi? Hamma joyda ularning odamlari bor. Ikkalasidan ham qochib qutulishning iloji yo‘q. Agar qochadigan bo‘lsak, baribir topib olishadi. Keyin esa... natijasi yomon bo‘ladi. Kechagi yigitni esingdami?
Ular shu holatda sinfxonaga kirishdi. Bugungi birinchi dars ular uchun eng og‘ir dars — matematika edi. Har doim sinfda ertaroq paydo bo‘ladigan, qari va qattiqqo‘l o‘qituvchi bu safar hanuz ko‘rinmasdi. Talabalar gurung qurib, shovqin-suron bilan vaqt o‘tkazayotgan edi.
Shu payt sinfxona eshigi ochildi. Hammaning nigohi eshikka qadaldi.
Ichkariga universitet direktori kirdi. Uning ortidan esa yosh, chiroyli, salobatli yigit yurib keldi. Talabalar bir-birlariga nigoh tashlab, pichirlashishni boshladilar.
Direktor, sinfdagi shovqinning bosilishini kutib, biroz jim turdi. Nihoyat, sinfxona sokinlashgach, u gap boshladi:
— Talabalar, e'tibor beringlar. Matematika o‘qituvchingiz yaqinda nafaqaga chiqqani bois, bugundan boshlab ushbu fan bo‘yicha sizlarga bu inson dars beradi.
Direktor yonidagi yigitga imo qildi. Yigit yengil bosh irg‘ab, tabassum bilan sinfga qaradi.
— Bu inson endi sizning yangi matematika o‘qituvchingiz. Undan saboq olish bilan birga, hurmatni ham unutmasligingizni so‘rayman. Omad!
Shu so‘zlardan so‘ng direktor xonani tark etdi. Sinf jim-jit edi.
Yosh o‘qituvchi sinfga nazar tashlab, jilmaydi.