March 3, 2025

KILLER BUNNY

Yangi yil kechasi.

Seul ko‘chalari bayram shukuhi bilan yaltiraydi. Har tarafda bezatilgan archa chiroqlari, osmonga uchayotgan mushaklar, odamlarning kulgusi va baxtiyor qiyofalari. Shaharning har bir burchagida yangi yil bayrami nishonlanar, issiq qahva hidiga qorishib, quvonchli ovozlar eshitilar edi.

Ammo Seul chekkasidagi yirik laboratoriyada bayram nishonlayotgan hech kim yo‘q edi. U yerda faqat sovuq devorlar, metall quvurlar va xira chiroqlar hukm surardi. Hamma hamma joyda faqat jarrohlik asboblari, shaffof kapsulalar va maxfiy tajribalar uchun mo‘ljallangan turli qurilmalar. Aynan shu yerda, odamlarning quvonchidan yiroq, o‘lim va hayot o‘rtasida jon talashayotgan ayol ming azob bilan farzandini dunyoga keltirmoqda edi.

Og‘riqdan yuzlari oqarib ketgan, lablari titrardi. Nafasi tobora siqilib, so‘nggi quvvati bilan oxirgi hayot in’omini berayotganini his qilardi. Nihoyat, chaqaloqning jimgina chiqqan ilk yig‘isi jarangladi. U hayot sari ilk qadamini qo‘ydi… Ammo onasi endi uning olamga kelganini his qila olmasdi. Yuzida yengillik va alam qorishgan ifoda bilan ko‘zlarini mahkam yumdi.

Laboratoriyadagi xodimlar esa hech bir hayajon yoki achinishsiz harakat qilishda davom etishdi. Go‘yo bir inson hayotdan ko‘z yumgani ular uchun oddiy bir eksperiment natijasidek edi. Shundan so‘ng, ulardan biri shoshib telefonini oldi va kimningdir raqamini terdi.

— Alo, janob! Kech soatida bezovta qilayotganim uchun uzr... Lekin... kutgan voqeamiz yuz berdi.

— Men bilan bu mahalda gaplashayotganingga yarasha yaxshi xabar berishingga umid qilaman. Aks holda nima bo‘lishini bilasan.

— Ha, janob! Biz oldin sinovdan o‘tkazgan ayolni eslaysizmi? O‘sha ayol bugun bir bola tug‘di... lekin o‘zi omon qolmadi.

— Rostdanmi? Qoyil! Xo‘sh, chaqaloq qanday? Uning o‘zgacha jihati bormi?

— Bola sog‘lom. Tashqi tomondan oddiy insondek ko‘rinadi... ammo uning uzun quloqlari va mayda dumidan tashqari.

Sukut. Telefonda qisqa jimlik cho‘kdi, so‘ng esa shaytoniy kulgi eshitildi.

— Bu zo‘r yangilik! Demak, muvaffaqiyatli natija! Ha-ha! Kelajak bizniki! Onasini nima qilish kerakligini bilasan. Har doimgidek, iz qoldirmang.

— Xo‘p, janob. Buyruqlaringizni bajaraman. Yangi yilni yaxshi o‘tkazing...

Shundan so‘ng, xodimlar hech qanday insoniy tuyg‘ularsiz, onaning jasadini laboratoriyaning maxfiy bo‘limiga olib ketishdi. Bir zum ichida uni yo‘q qilishdi. Chaqaloq esa sinov o‘tkaziladigan xonalardan biriga joylashtirildi.

Shu paytda, laboratoriya egasi Yunxe o‘z uyida oilasi bilan yangi yil bayramini nishonlayotgan edi. U juda xursand edi, chunki bugun uning orzusi ushaldi. Bugun dunyoga kelgan chaqaloq uning eng katta yutug‘iga aylanishi mumkin. Butun dunyo ilm-fan olamida shov-shuv bo‘lishi aniq!

Yunxe ichimlik qadahini ko‘tarib, bir lahzaga o‘ylanib qoldi. Bu yangi yil kechasida tug‘ilgan chaqaloqqa qanday ism qo‘ysa ekan? Bir muddat jim turdi-da, miyig‘ida kuldi.

— Jungkook. Ha, bu ism unga juda mos.

U esa kelajakda uni nimalar kutayotganidan bexabar beg‘ubor uyquda edi...

16 Yildan So‘ng...
Tong quyoshining ilk nurlari derazadan sirg‘alib kirar, xona ichini iliq yorug‘lik bilan to‘ldirardi. Shinamgina uy ichida oppoq yostiqqa yuzini bosib, mayin nafas olgan qizcha shirin uyqu bag‘rida edi. U hali uyg‘onishni istamas, tushlar olamida sayr qilardi.

Onasi asta eshikni ochib, xonasiga kirdi. U qizining beg‘ubor yuzi va beminnat uyqusiga bir muddat termilib turdi. So‘ng yotog‘ining chekkasiga asta o‘tirdi va mayin qo‘llari bilan qizining yuziga tushgan sochlarini orqaga surdi.

— Lily, uyg‘on, qizim. Soat yetti yarim bo‘ldi, maktabga kech qolasan, — deya mehr bilan shivir qildi u.

Qizcha biroz g‘ujanak bo‘lib, yostiqqa yanada chuqurroq boshini tiqdi.

— Oyi, yana bir oz uxlay... Iltimos, — deb inqilladi u, uyquli ovozda.

Onasi jilmayib, bosh chayqadi:

— Turmaysanmi? Hmm... Essiz, sen yoqtirgan shirinlikni tayyorlab qo‘ygandim... Eh, mayli, o‘zim yeyman, qanday mazali bo‘lishini tasavvur ham qilolmaysan!

Lily buni eshitib, birdaniga sakrab o‘rnidan turdi.

— Oyi, men turdim! Endi shirinlikni menga berasizmi?

— Yuz-qo‘lingni yuv, kiyimingni almashtir, keyin oshxonaga tush, — dedi onasi yumshoq ohangda.

Lily chaqqonlik bilan yotoqdan sakrab tushdi va yuvinish xonasiga shoshildi. Shu orada onasi oshxonaga yo‘l oldi.

Qizcha tayyor bo‘lib, oshxonaga yetib kelganida, allaqachon dasturxon bezalgan, shirinliklarning yoqimli hidi butun xonaga taralgan edi.

— Oyi, sizning shirinligingiz dunyodagi eng zo‘ri! Hech kim siz kabi tayyorlay olmaydi!

Onasi kulib, uning boshidan siladi:

— Voy, shirinso‘z qizim. Endi tezroq ovqatlan, maktabga kech qolasan. Bugun ishdan kech qaytaman, shuning uchun darsdan keyin to‘g‘ri laboratoriyaga kel. Manzilni eslaysan-a?

— Ha, oyi, xavotir olmang!

Lily shoshilinch nonushta qilib, xonasiga yugurdi, maktab formasini kiyib, sumkasini yelkasiga ilib, yo‘lga tushdi. Eshikdan chiqayotib, onasiga jilmayib qo‘ydi:

— Xayr, oyijon! Sizni yaxshi ko‘raman!

— Xayr, shirinim. O‘zingni ehtiyot qil!

Lily shoshib maktab tomon yo‘l oldi.

Kun o‘rtalarida darslar nihoyasiga yetdi. Lily sumkasini orqasiga ilib, avtobus bekatiga shoshdi. Bugun u onasining ish joyiga, laboratoriyaga borishi kerak edi. Yarim soatlik yo‘ldan so‘ng, u nihoyat laboratoriya darvozasi oldida to‘xtadi.

Bu joy oddiy binolardan juda farq qilardi. U baland, sovuq ko‘rinishga ega bo‘lib, atrofini qattiq nazorat ostidagi qo‘riqchilar himoya qilardi. Lily ichkariga kirish uchun qadam qo‘yganda, undan katta bo‘lgan bir qo‘riqchi yo‘lini to‘sdi.

— Bu yerda nima ishing bor, kichkina? — deya yelkasini qisib, sal jiddiyroq ohangda so‘radi u. — Bu yerga bolalar kira olmaydi, uyga qayt!

Lily sergak tortib, lekin o‘zini yo‘qotmay, muloyimlik bilan javob berdi:

— Salom, janob! Bu yerda onam ishlaydi. Maktabdan keyin shu yerga kelishimni aytgandilar.

Qo‘riqchi qoshini chimirib, shubhalanib so‘radi:

— Onangning ismi nima?

— Luna xonim, — dedi Lily qat’iylik bilan.

Shu payt, go‘yo yuragi sezgandek, Luna xonim tashqariga chiqdi. Uni ko‘rgan zahoti qizalog‘iga yaqinlashdi.

— Janob, bu mening qizim. Uyda yolg‘iz qoldirolmayman. Shuning uchun yonimga kelishini so‘ragandim, — deya tushuntirdi u.

Qo‘riqchi boshini chayqab, ohangini biroz pasaytirdi:

— Luna xonim, lekin bu joyning qanday xavfli ekanini bilasiz-ku. Agar janob Yunxe buni bilib qolsa... Siz va qizingizning taqdiri nima bo‘lishini tasavvur ham qilolmaysiz.

Luna xonim iltijoli nigoh bilan qo‘riqchiga qaradi:

— Iltimos, qizimni ichkariga kiritishga ruxsat bering. Unga hech qanday zarar yetmaydi, bunga va’da beraman.

Qo‘riqchi biroz ikkilanib turdi-da, so‘ng og‘ir tin olib, eshikni ochdi.

— Mayli... Lekin qizingiz hech kimning e’tiborini tortmasin. Agar janob Yunxe buni bilib qolsa, hech qanday ogohlantirishsiz jazolaydi.

Luna xonim minnatdorlik bilan bosh irg‘ab, Lilyni ichkariga olib kirdi. Uni burchakdagi stullardan biriga o‘tqazdi va qattiq ogohlantirdi:

— Lily, bu yerda jimgina o‘tir. Hech qayerga borma, hech narsaga tegma. Ishimni tugatganimdan keyin yoningga qaytaman. Tushunarlimi, shirinim?

Lily itoatkorlik bilan bosh irg‘adi:

— Xop, oyi.

Luna xonim boshqa xonalarga tozalash ishlarini bajarish uchun ketdi.

Lily esa o‘tirgan joyida bir necha daqiqa jim qoldi. Lekin bu joy juda qiziq va sirli tuyulardi... Ko‘ngliga qiziqish hissi urildi. Atrofni o‘rganishga qaror qildi.

U laboratoriya bo‘ylab asta yurdi. Har qadam tashlaganida, yuragi hayajon bilan urardi. Bir payt... Ko‘zi temir eshikli, ichkarisida qandaydir maxfiy sir yashirilgandek tuyulgan xonaga tushdi.

U qiziqishdan o‘zini tiya olmadi. Sekin eshik tutqichini ushladi... va uni asta ochdi.

Ichkariga qadam qo‘ygan zahoti hayratdan qotib qoldi. Ko‘z oldidagi manzara... Uni butunlay hayratga soldi.

Davomi bor...

1-qism tugadi
Muallif:Serafina
Kanal: https://t.me/+DNQ3efk5bfdmYzVi