KILLER BUNNY
Xonaning ichi qorong‘u va sirli edi. Uning har burchagidan g‘alati g‘uvillagan ovoz eshitilib, havoda qonga qorishgan achchiq hid taralardi. Lily yuragi gurs-gurs urgan holda xonaga qadam qo‘ydi. Uning yuragida qo‘rquv bor edi, lekin qiziqishi undan ustun kelardi. Qiz oldinga bir qadam tashladi va endi orqaga qaytishning iloji yo‘q edi.
Xonaning markazida og‘ir zanjirlar bilan bog‘langan jonzot yotardi. Uning uzun quloqlari va harakatlanayotgan dumi bor edi. Bu mahluq odamga ham, hayvonga ham o‘xshamasdi. Uning jismi yara va chandiqlarga to‘la edi. Lily shoshilinch nafas olib, unga yaqinroq bordi. Shu payt jonzot asta ko‘zlarini ochdi. Ularning nigohlari to‘qnashdi.
— Siz... siz kimsiz? — dedi qiz pichirlab.
— Menmi? — jonzot biroz taraddudlandi. Uning ovozi titrab chiqdi. — Men Jungkookman. O‘zing kimsan?
— Men... Lilyman. Lekin nega sizning quloqlaringiz va dumingiz bor? Siz odam emasmisiz?
— Buni men ham bilmayman, — dedi Jungkook, chuqur xo‘rsinib.
Lily undan ko‘z uzolmasdi. U butun vujudi bilan bu notanish yot jonzotga achinish hissini sezardi. Uning yuragida hadik ham, mehr ham uyg‘ongan edi. Ammo bu lahzaning sehrli sokinligi uzoqqa cho‘zilmadi. Birdan xonani ayol kishining ovozi buzdi.
— Lily, qizalog‘im, qayerdasan? Ishim tugadi, uyga ketamiz!
Lily o‘ziga keldi. Bu onasining ovozi edi. U shoshilinch ravishda Jungkook tomonga o‘girildi va shivirladi:
— Men ketishim kerak. Xayr, Jungkook.
Jungkook esa hech narsa deya olmadi. U faqat qizning ortidan qarab qoldi. Unga bu qiz juda yoqdi. Balki, qizning beg‘ubor ko‘zlari yoki uning samimiyati shunday hissiyot uyg‘otgandir. Axir, laboratoriyada unga hech kim mehr bilan qaramasdi. U faqat azob chekish uchun yaratilganday edi...
Lily onasi bilan avtobusda ketar ekan, hayollarga berilib, derazadan tashqariga tikilib qoldi. Kechki shom qorong‘isida shahar ko‘chalari yaltirab turardi. Lekin uning ko‘z o‘ngida faqat bir narsa jonlanardi: Jungkook.
"Kim edi u? U yerda nega bog‘langan holda yotardi? Uning ko‘zlarida qandaydir mung bor edi…"
Lily bu haqda o‘ylab, yuragi g‘ash bo‘ldi. Uning onasi Luna xonim esa sukut saqlab, faqat qiziga yonma-yon o‘tirgan edi. Uyga yetib kelgach, Lily shoshilinch xonasiga kirib, bugun ko‘rganlari haqida o‘zining maxfiy daftarchasiga yozib qo‘ydi. Bu daftarchani hech kim bilmasdi, chunki Lily bu sirni hech kimga ochishni istamasdi.
Laboratoriyada esa qattiq shovqin boshlangandi. Xodimlar Jungkookning xonasiga bostirib kirishdi. Ular yana unga tajriba o‘tkazishmoqchi edi. Ammo bu safar Jungkook ich-ichidan g‘azab va umidsizlik bilan yonardi. U bu azoblardan charchagandi. Va nihoyat, uzoq yillik jasoratini to‘plab, qo‘riqchilarning ehtiyotsizligidan foydalanib, qochishga muvaffaq bo‘ldi.
Shahar bo‘ylab chopayotgan Jungkook yuragi tez urardi. Uni quvishmasligi uchun u daraxtlar orasidan yashirincha yurdi. Nihoyat, o‘zi izlayotgan joyni topdi. Lily yashaydigan uy oldida to‘xtadi. Yuragi dukillab, eshikni taqillatdi.
Eshik ochildi. Qarshisida turgan odam Lily emas, uning onasi edi.
Jungkook bir muddat sarosimaga tushdi va ortiga tisarildi. Shu payt Lily eshik yoniga chiqib, ko‘zlari katta ochilgan holda unga qaradi.
Luna xonim nima bo‘layotganini anglamasdi. Lily esa onasiga iltijo bilan qaradi:
— Oyi, u biz bilan qolsin! U yerda unga yomon muomala qilishadi!
Luna xonim uzoq o‘yladi. U qizining mehribonligidan xabardor edi. Oxiri, ona yuragi bardosh bera olmadi.
— Yaxshi, — dedi u sekin. — Jungkook biz bilan qoladi.
Ammo bu qarorning oqibatlari ular o‘ylagandan ham dahshatli bo‘lishini hali hech kim bilmasdi…
Laboratoriya egasi, sovuq tabiatli Yunxe, Jungkook qochib ketganini eshitib, jahldan bo‘g‘ilib ketdi. U uzoq yillar davomida bu tajriba ustida ishlagan, Jungkook uning eng muvaffaqiyatli loyihasi edi. Endi esa hammasi barbod bo‘lishi mumkin edi.
— Uni toping! — deb hayqirdi u yordamchilariga. — Hech qanday bahona qabul qilinmaydi! Agar Jungkook bizdan uzoqlashsa, bu loyiha barbod bo‘ladi!
Yunxe qorong‘u xonasida o‘tirarkan, qo‘lidagi qog‘ozlarni changalladi. Uning ko‘zlari sovuq va shafqatsiz edi. "Seni yana qo‘lga tushiraman, Jungkook," deb shivir qildi u.
Yunxening odamlari darrov Jungkook qayerga borganini topishdi. Yunxe o'zining ishonchli odamlari bilan Luna xonimning uyi tomon jo'nadi. Uyga yaqinlashgach, Yunxe osmonga qarata bir nechta o‘q uzdi. Ovozni eshitgan Luna xonimning yuragi tez ura boshladi. U tashqariga chiqdi va qarshisida turgan shafqatsiz Yunxeni ko‘rib, bir zumda voqeaning mohiyatini tushundi. Qo‘rqinch uning yuragini egalladi
– Iltimos, bizga tegmang – deb iltijo qildi Luna xonim, lekin Yunxeni bu gaplar to‘xtata olmadi.
Qo‘riqchilaridan biriga ishora qilib, Luna xonimni sochidan sudrab olib kelishni buyurdi.
Qo‘riqchi uning sochidan qattiq tortdi. Luna xonimning qichqirig‘ini eshitib, Lily va Jungkook tashqariga yugurib chiqdi. Lily onasining qiynoqqa solinayotganini ko‘rib, yig‘lab yubordi. U onasining yoniga intildi, biroq boshqa bir qo‘riqchi uni ham shafqatsizlarcha sochidan tortib ushladi.
Yunxe esa sovuq tabassum bilan Jungkookni ushlashni buyurdi. Qo‘riqchilar buyruqni bajarib, Jungkookni mashinaga tortib sudrashdi. Jungkook qarshilik qilishga harakat qildi, ammo kuchi yetmadi.
Bu vaqtda Yunxe bir necha qadam narida turgan Luna xonimga yuzlandi. Uning ko‘zlarida hech qanday insoniylik alomati yo‘q edi.
- Ming afsus, umringiz shu yerda tugar ekan, Luna xonim – dedi u sovuqqina ohangda. Keyin to‘pponchasini ko‘tarib, uch marta Luna xonimga o‘q uzdi.
Luna xonim yerga yiqildi. Uning bu holatini ko‘rib Lily dahshatga tushib, yig‘lab yubordi. Qo‘riqchi uni shafqatsizlarcha itarib yuborganida, Lily yerga boshini urib tushdi va hushidan ketdi.
Ular esa Jungkookni mashinaga solib labaratoriya tomon ketishdi. Jungkook ko'z o'ngida bo'lgan manzaradan hayratda edi. U odamlarni bunchalik darajada shavqatsiz deb o'ylamagandi. Jungkookning qalbida qasos o'ti yona boshladi. U endi jimgina tomoshabin bo'lolmasdi. Balki shu voqea tufayli kelajakda mafia yo'liga kirardi
Lily ish kunini nihoyat yakunladi. Naushnikdan ohang taralayotgan bo‘lsa-da, uning fikri boshqa joyda edi. Bugungi tushi haqida o‘ylardi. U doim bir xil tushni ko‘radi: sirli, uzun quloqli odam. Bu kim? Nega xayolini band qiladi? Javobni topishga urinsa-da, hech narsani tushunolmasdi. Uning bolaligi xotirasidan o‘chib ketgan. O‘sha mudhish voqea tufayli, qattiq yiqilib, xotirasini yo‘qotgan...
Shu payt, fikrlarga sho‘ng‘igancha, u katta tezlikda yaqinlashayotgan mashinani payqamay qoldi. Qarsillagan ovoz eshitildi. Og‘riq tanasini qamrab oldi va u yerga quladi.
Mashinani haydab ketayotgan yigitning jahli tobora oshib borardi. U rulni mahkam siqib, jag‘ini qattiq qisib olgan edi. Bugun uning uchun og‘ir kun bo‘ldi: omboridan qimmatbaho mollari o‘g‘irlandi. Bunday holatni faqat bir martagina boshdan kechirgan, ammo o‘shanda ham aybdorni og‘riqli jazolagan edi. Endi yana shunday holat takrorlandi. Kim jasorat qilib, unga tegina oldi? Axir u mamlakatdagi eng shafqatsiz mafiya — Jungkook edi. Uning mollari bilan o‘ynashish — o‘lim bilan o‘ynashish bilan barobar.
U qahr bilan mashinani haydar, o‘g‘rini qanday jazolash haqida o‘ylardi. Ammo to‘satdan zarba. Mashina kimnidir urib yubordi. U tezda tormoz bosdi va shoshilinch ravishda eshikni ochib, tashqariga chiqdi.
— Jin ursin! Bugun qanday baxtsiz kun?!
U jahl bilan yerda yotgan qizga tikildi. Ammo bir zumda ko‘zlari kengayib, nafasi ichiga tushib ketdi.
Bu yuz... Bu beg‘ubor nigohlar...
Bu qiz unga juda tanish edi. Lekin qayerdan?..
2-qism tugadi
Muallif:Serafina
Kanal: https://t.me/+Dvr3O-5QcjY3NzVi