April 14, 2022

O’zbekistonda partiyaviy tizimni isloh qilishning konseptual tahlili

Foto:xs.uz

Ushbu ilmiy maqola "Bilim Karvoni" nodavlat-notijorat ilmiy muassasasining veb-saytidan olindi. Asl manbaga havola: https://uzbk.org/?p=8964&lang=uz


Huquqiy-demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asosiy prinsiplaridan eng muhimi davlat hokimiyati organlarining umumxalq saylovlari asosida shakllantirilishi hamda fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarida bevosita yoki o‘zlari tomonidan saylab qo‘yilgan vakillari orqali ishtirok etishi hisoblanadi.

Bunda, eng avvalo, jamiyat bilan davlat o‘rtasida o‘ziga xos «ko‘prik» vazifasini o‘tovchi va fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlaridan biri bo‘lgan – siyosiy partiyalar asosiy rol o‘ynaydi.

O‘zbekistonda partiyaviy tizim masalasi hanuzgacha chuqur tadqiq qilinmagan va shu bois uning dolzarbligi tobora oshib bormoqda, chunki yangi keng qamrovli o‘zgarishlar davrida siyosiy islohotlar hal qiluvchi ahamiyatga ega hisoblanadi. Mamlakatda siyosiy jarayon qanday kechmoqda va unda partiyalar zamonga javob beradigan darajada faoliyat olib bormoqdami? Partiyaviy tizimni qanday isloh qilish mumkin? Ushbu taqdim etilayotgan qisqa tahliliy ma’ruzada mazkur masala tanqidiy ko‘rib chiqilgan va muhokama uchun dastlabki takliflar kiritilgan.

Partologiyaning zamonaviy nazariyalari

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, siyosiy partiya – bu siyosiy ambisiyaga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan tuzilgan va boshqariladigan, a’zolari o‘rtasida yuksak ishonch shakllangan hamda umumiy mafkura asosida birlashgan tarmoqdir (networks)[1]. Siyosiy partiyalar eng avvalo, o‘z elektorati manfaatlaridan, siyosiy mafkurasi va pozisiyasidan kelib chiqib siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlariga yetarlicha ta’sir o‘tkazishlari hamda o‘zining vakillari orqali davlatning markaziy va mahalliy ijroiya organlari ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda qatnashishlari lozim. Elektoral faollik, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga qamrab olinishi esa o‘z navbatida partiya tizimidagi ijtimoiy kapitalning darajasi bilan belgilanadi.

Siyosiy partiyalar sohasida mashxur tadqiqotchilardan biri La Palombara, siyosiy partiyalar, siyosiy tizimning vazifalari muayyan murakkablik darajasiga yetgan yoki siyosiy hokimiyat aholining davlat va jamiyat hayotida ishtirok etishi kerak degan xulosaga kelgan hamma joyda paydo bo‘ladi, deya ta’kidlaydi. Siyosiy partiya xalqni uyushtirgani holda hokimiyat rotasiyasida ishtirok etadi[2].

T.Bersel, siyosiy partiyalar jamiyatda ijtimoiy aloqalarni mustaxkamlashi asnosida siyosiy tarmoqni shakllantiradi. Siyosiy tarmoq bu – siyosatda umumiy manfaatlar asosida birlashgan va mazkur manfaatlarni ilgari surish uchun o‘zaro resurslar almashadigan aktorlar yig‘indisi hisoblanadi. Bunda ijtimoiy va siyosiy kooperasiya umumiy maqsadlarga erishishning eng to‘g‘ri va samarali yo‘li hisoblanadi,[3] deya e’tirof etadi. Olimning so‘zlarini to‘ldirgan holda shuni ta’kidlash mumkinki, siyosiy koopersiya mexanizmlari eng avvalo jamoada (elektoratda) umumiy normalar va qadriyatlar, mustahkam aloqalar tizimi hamda ishonch omilini shakllanishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Siyosiy partiyada siyosiy ideologiya qanchalik kuchli bo‘lsa partiyaning davlat va jamiyat siyosiy hayotidagi pozisiyasi ham shunchalik mustahkam bo‘ladi.

Siyosiy partiyalarning asosiy vazifalari sifatida davlat boshqaruvida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini ta’minlash; o‘z elektorati hamda butun jamiyat manfaatlarini ilgari surish; davlat va jamiyat taraqqiyotiga qaratilgan muqobil loyiha (dastur)lar ishlab chiqish kabi ko‘plab funksiyalarni bajarib keladi. Nemis siyosatshunosi Klaus fon Beyme siyosiy partiyalarning ustuvor funksiyalari sifatida quyidagilarni e’tirof etib o‘tadi: o‘z maqsadini aniqlash, mafkurasini ishlab chiqish, harakat dasturi va yo‘nalishini belgilash; jamoatchilik manfaatlarini birlashtirish va ilgari surish; fuqarolarni sosializasiya va mobilizasiyasini tashkillashtirish; mamlakat boshqaruv elitasi va hukumat tarkibini shakllantirish; o‘z tarafdorlari va a’zolari o‘rtasida mustahkam ijtimoiy aloqalar, tartib-qoidalar va ishonch faktorini o‘rnatish[4]. Aynan shuning uchun ham siyosiy partiyalar ijtimoiy taraqqiyotning turli yo‘llari va strategiyalarini ishlab chiqish orqali sosiumning integrasiyalashuvini ta’minlab beradi.

Shuning bilan birga, bugun rivojlangan demokratik mamlakatlarda mazkur masalani «ijtimoiy amortizator» konsepsiyasi asosida tahlil qilish ham kuchayib bormoqda[5]. Ijtimoiy amortizator bu – o‘zida sosiomadaniy ixtiloflarning oshishi haqida o‘ziga xos signallarni qabul qilish va ularni bartaraf qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qo‘rishga qodir bo‘lgan sosiomadaniy institutlarni qamrab oladi. Demokratik jamiyatlarda ijtimoiy amortizator institutlari sifatida – mustaqil OAV, parlament va albatta o‘zida raqobat elementlarini qamrab olgan siyosiy partiyalar tashkil etadi. Ijtimoiy amortizatorlarning asosiy vazifasi sifatida davlat va jamiyatni qiynayotgan dozarb muammolarni yumshatish va bugungi kun tartibiga ko‘chirishdan iboratdir. Ularning faoliyatiga birdan bir bahoni esa sosium beradi.

Ijtimoiy amortizatorlarning yo‘qligi (yoki sust faoliyati) jamiyatda ijtimoiy, siyosiy va boshqa turdagi muammolarning yanada «gazak otishiga» olib kelishi muqarrar. Shulardan kelib chiqib savol paydo bo‘ladi: bugun O‘zbekistonda siyosiy partiyalar tom ma’nodagi ijtimoiy amortizator vazifasini o‘tay olayapdimi?

Siyosiy diskurs

Shu o‘rinda, tom ma’nodagi ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlanishi nafaqat siyosiy partiyalarda, balki butun jamiyatimiz siyosiy tizimida ro‘y beradigan siyosiy diskurs(diskussiya, munozara) jarayonlari bilan bevosita bog‘liqdir. Aynan jamiyatda bugungi kun uchun dolzarb bo‘lib turgan ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy muammolarni (masalalarni) muhokama qilishda partiyalar o‘rtasida doimiy ravishda olib boriladigan siyosiy diskurslarning ahamiyati katta. Siyosiy diskurs – bu eng avvalo siyosiy partiyalar (shu jumladan fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari) o‘rtasida kommunikativ muloqotni tashkil qilib beradigan siyosiy jarayondir[6].

Siyosiy munozaralar o‘z navbatida siyosiy yetakchilar orqali boshqariladigan va tegishli auditoriya uchun qo‘llaniladigan hamda o‘zining maxsus tiliga ega bo‘lgan siyosiy vositadir. Siyosiy diskurs saylov kampaniyasi davrida partiyalar tomonidan mamlakat ichki va tashqi siyosatini muhokama qilishda, jamiyat va davlat hayotiga taalluqli muhim masalalar yuzasidan bahs-munozaraga kirishuvida hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tahlil qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Siyosiy partiyalarning o‘zaro siyosiy diskussiyaga kirishishida ommaviy axborot va kommunikasiya vositalarining o‘rni katta. Rivojlangan demokratik mamlakatlar tajribasida nafaqat saylovoldi kampaniyasi davrida, balki muntazam ravishda dolzarb ijtimoiy-siyosiy masalalar yuzasidan tele-debatlar, brifing va press-konferensiyalar o‘tkazib kelinadi.

Siyosiy diskursning asosiy maqsadi – mavjud holatni oddiygina tasniflash emas balki, bu o‘z g‘oya va fikrlariga elektoratni ishontirish, ijobiy imidj yaratish va auditoriyada motivasiyani uyg‘otishga qaratiladi. Shuning asnosida siyosiy diskussiyalar prezentativ – o‘z g‘oya va dasturlarini taqdimot qilish; konstruktiv – amaldagi hukumatga (yoki hokimiyatdagi partiyaga) nisbatan o‘z pozisiyasini bildirishi, ya’ni muqobil g‘oya va dasturlarni ilgari surish, konfrontativ – amaldagi hukumatga (yoki hokimiyatdagi partiyaga) nisbatan muxolifat shaklida faoliyat olib borish kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi.

Jahon partiyaviy tizimlari

Ma’lumki partiviy tizim demokratik qadriyatlarning universal shakli bo‘lsada, u har bir davlatda o‘ziga xos spesifik alomatlarga ham ega bo‘ladi. Bular, eng avvalo mamlakatning siyosiy boshqaruv tizimi, iqtisodiy axvoli, jamiyatda qonun ustuvorligi va inson huquqlari ta’minlanishi holati, aholining siyosiy-huquqiy madaniyati va faolligi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Dunyo mamlakatlarida bir partiyaviylik, ikki partiyaviylik va ko‘ppartiyaviylik tizimlari mavjud[7]. Ularning ayrimlarini tahlil qilib o‘tamiz.

Amerika Qo‘shma Shtatlari partiyaviy tizimi

AQSHda rasman ro‘yxatdan o‘tgan 38 ta siyosiy partiya bo‘lsada, mazkur mamlakat siyosiy hokimiyati ikki partiyaviylik tizimi asosida shakllanadi. Ya’ni, bu yerda biz Respublikachilar va Demokratlar partiyalari o‘rtasida doimo raqobatni kuzatishimiz mumkin.

Mazkur raqobat esa o‘z navbatida siyosiy diskursning klassik shaklidan farq qiladigan, mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga taalluqli zamonaviy jarayonlar bilan bog‘liqdir. Ya’ni, ular siyosiy mafkurasi, yoki bo‘lmasa, umumiy siyosiy manfaatlari jihatidan kelib chiqib emas, balki bugungi kun tartibidagi dolzarb muammolarni hal qilish borasidagi yondashuvlarga asoslanadi. Kuyidagi jadvalda buning namunasini ko‘rish mumkin:

Mazkur partiyaviy tizim o‘zining chuqur demokratik an’analari bilan alohida ajralib turadi. Masalan, saylovlar jarayonida partiyalardan nomzod ko‘rsatish bir nechta bosqichda amalga oshiriladi. Oldin partiyaning o‘zida nomzod ko‘rsatish borasida saylovlar bo‘lib o‘tadi. Bitta nomzodlik o‘rni uchun bir nechta shaxs kurash olib borib, oxir-oqibat partiyadan yagona nomzod davlatning prezidentlikka, Kongres-Senat a’zoligiga yoki shtat hokimligiga nomzod sifatida ko‘rsatiladi.

Germaniya Federativ Respublikasi partiyaviy tizimi

GFR konstitusiyasi Yevropada birinchilar qatori siyosiy partiyalarning konstitusiyaviy maqomini belgilab bergan. Partiyalarning asosiy vazifasi sifatida xalq irodasini ifoda etish deya e’tirof etiladi. Bugungi kunda, Germaniyada tom ma’nodagi ko‘ppartiyaviylik qaror topgan bo‘lib, mamlakatda 30 ga yaqin siyosiy partiyalar faoliyat olib boradi. Lekin, parlament va xukumat mandatlari uchun asosan 6 ta partiya: Germaniya sosial-demokratik partiyasi, Xristian-demokratik ittifoq, Xristian-sosialistik ittifoq, «Yashillar» partiyasi, Ozod demokratik partiya va Muqobil Germaniya partiyalari kurash olib boradi.

Mamlakat siyosiy tizimi shunisi bilan ancha qiziqarliki, har bir saylovda mazkur partiyalar o‘rtasida qizg‘in saylovoldi kampaniyalari va targ‘ibotlar olib borilishiga qaramay xech bir partiya mutloq ko‘pchilik ovoziga ega bo‘la olmaydi. Bu esa «siyosiy koalisiya»lar tuzishga va o‘zaro raqobatchi partiyalar o‘rtasida umummilliy manfaat yuzasidan konsensusga kelishga olib keladi.

Mazkur jarayon davlat markaziy va mahalliy boshqaruv tizimida o‘zaro tiyib turish, manfaatlar muvozanati va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirishga ijobiy ta’sir qiladi.

Yaponiya partiyaviy tizimi

Yaponiyada rasman bir nechta yuzlab partiyalar mavjud bo‘lsada, mamlakat siyosiy tizimida bitta – Liberal-demokratik partiyasi yaqqol dominant maqomga ega. U so‘ngi 40 yil davomida parlament va xukumatni shakllantirishda asosiy rol o‘ynab keladi.

Yaponiya siyosiy hayotida partiyalar: siyosiy integrasiya va sosializasiya; individual va jamoaviy siyosiy, ijtimoiy va boshqa turdagi manfaatlarni ilgari surish; fuqaroviy munosabatlarda ixtiloflarni hal qilish (institusionalizasiya konfliktov); fuqarolarni siyosiy jarayonlarda ishtirokini tizimlashtirish; mamlakatda siyosiy liderlarni tarbiyalash; jamiyat bilan davlat o‘rtasida «qayta aloqa» tizimini yo‘lga qo‘yish kabi ko‘plab funksiyalarni bajarib keladi[8].

Yaponiya siyosiy tizimining alohida jihatlaridan yana biri, bu amaldagi siyosiy partiyalar o‘z safiga jamiyatdagi kuchli yetakchi shaxslarni jalb qilishi asnosida saylovlarda muvaffaqiyat qozonishi bilan izohlanadi. Ya’ni, mamlakatda ko‘p hollarda «kuchli lider» faktori hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Yetakchining g‘alabasi esa partiyaning g‘alabasi sifatida qaraladi.

O‘zbekiston partiyaviy tizimi: holati, muammo va mulohazalar

Mustaqillikdan so‘ng O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlash va faoliyati samaradorligini oshirish borasida bir qancha tashkiliy, huquqiy va institusional asoslar yaratildi. Bugungi kunda, mamlakatimizda beshta siyosiy partiya rasman ruyxatdan o‘tgan holda faoliyat olib bormoqda, bular: O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi; «Adolat» sosial-demokratik partiyasi, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasidir.

Mamlakatda partiyaviy tizimni rivojlantirish borasida ijobiy tajriba bilan bir qatorda ayrim konseptual muammolar ham mavjud, va aynan shu muammo va kamchiliklar bugungi kun tartibiga olib chiqishni kutayotgan masalalardan hisoblanadi. Shuni ham ta’kidlash lozimki, 2017 yilning 12 iyulida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishida ham siyosiy partiyalar va deputatlik korpusi vakillari faoliyati tanqidiy tahlil etgan edi. Unda asosiy e’tibor partiyalararo siyosiy raqobatning sustligi, aholi (elektorat) bilan ishlash tizimidagi muammolar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengash deputatllari faoliyatidagi kamchiliklar va boshqa jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Shulardan kelib chiqib, bugungi kunda, O‘zbekistonda siyosiy partiyalar faoliyati va ularni tom ma’nodagi fuqarolik jamiyati institutiga aylanishi borasidagi fundamental muammolarni quyidagicha tasniflash mumkin:

birinchidan, amaldagi siyosiy partiyalar o‘z harakati va faoliyati jihatidan jamiyatdan, elektoratdan uzilib qolgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Siyosiy partiyalar dasturlarida individuallik va raqobatni ko‘ra olmaymiz. Mazkur partiyalar rasmiy hukumat tomonidan olib borilayotgan siyosatga nisbatan muqobil dastur va modellarni ilgari surish qobiliyatiga ega emas.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyalari va deputatlar faolligi ham sust. Qabul qilinayotgan qonunlarning deyarli 90 foizini qonunchilik tashabbusi huquqi asosida xukumat yoki prezidentlik instituti tomonidan ilgari surilayotgani ham fikrimizni isbotidir. Shuni ta’kidlash lozimki, har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi[9];

ikkinchidan, eng asosiy muammolardan yana biri bu haligacha siyosiy partiyalarning ijtimoiy asosi – elektorati to‘liqligicha shakllantirilmagani hisoblanadi. Shuningdek, amalda siyosiy partiyalar bilan, ular o‘z elektorati deya e’lon qilgan, ijtimoiy guruhi o‘rtasida «qayta aloqa» tizimi mavjud emas. Aholi (saylovchilar) o‘zlarini qiynayotgan sosial-iqtisodiy muammolarni yechimi bo‘yicha deputatlarga (partiyaga) murojaat qilishdan ko‘ra hokimiyat yoki huquq tartibot organlariga murojaat qilishni afzal ko‘rishadi. Masalan, Fuqarolik jamiyatini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan o‘tkazilgan sosiologik so‘rovda «Sizning huquqlaringizni amalda kim himoya qiladi?» degan savolga respondentlarning aksariyati (27%) huquq tartibot organlari: IIB, DXX, prakuratura va sud; yana bir qismi mahalla va hokimiyat idoralari deya javob bergan bo‘lsa, so‘rovda ishtirok etgan xech bir respondent siyosiy partiya yoki o‘zim saylagan deputat deya javob bermagan[10]. Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, ijtimoiy hayotimizda shunday omil ko‘zga tashlanadiki, bugungi kunda, go‘yoki siyosiy partiyalar o‘z hayotida, elektorat esa o‘z hayoti bilan yashamoqda;

uchinchidan, hozirda, siyosiy partiyalar tashkilotlarida kadrlar muammosi juda dolzarbligicha qolmoqda. Partiya tizimida hali-xamon yoshi o‘tgan va eskicha fikrlaydigan parttashkilotchilar faoliyat olib bormoqda. Yosh, tashabbuskor, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarning siyosiy partiyalar tizimiga kelishmayotganining sabablaridan biri – oylik maoshining pastligi bilan ham izohlashimiz mumkin. Masalan, siyosiy partiyaning markaziy organlari xodimlari uchun lavozimiga qarab 1.5 mln.dan 2 mln.gacha (170-230 AQSH dollari atrofida) maosh olishadi[11]. Shuningdek, partiya tashkilotlari tizimida o‘rnatilgan qattiq byurokratik tizim ham professional kadrlarni jalb qilish imkonini cheklaydi;

to‘rtinchidan, demokratik norma va qadriyatlarning sustligi – siyosiy partiyalarning muhim muammolaridan yana biridir. O‘zlarini «demokratik» partiya deya e’lon qilgan mazkur siyosiy partiyalarning faoliyatida demokratiyaga xos bo‘lmagan kayfiyat ustuvorligini kuzatish mumkin. Bular, partiya boshqaruv organlari saylovida, siyosiy partiyadan deputatlikka nomzodlarning ko‘rsatilishida, partiya tizimida o‘rnatilgan chuqur vertikal munosabatlarda yaqqol ko‘rinadi. Mazkur holatlar esa, aslida jamiyatda demokratiyani mustahkamlashga qaratilgan fuqarolik jamiyati instituti hisoblanmish – siyosiy partiyalarning xalq oldidagi imidjini tushishiga olib kelmoqda.

beshinchidan, mavjud partiyalarning mafkuraviy asoslari va dasturiy g‘oyalari umumiy va bir biriga o‘xshash tarzda ifoda etilgan bo‘lib, ular orasidagi prinsipial farq sezilmaydi va sun’iy ajratilish kuzatilmoqda. Misol tariqasida ayrim holatlarni eslatib o‘tish kifoya. Jumladan, bir tomondan «adolat» g‘oyasi, ikkinchi tomondan «milliy tiklanish» g‘oyasi bir biriga juda yaqin va zid emas. Yana bir masala, bu partiyalarning tashqi siyosiy pozisiyalari deyarli mavjud emas. Xalq demokratik partiyasining hattoki nomi ham biroz g‘alati belgilangan, chunki demokratiya so‘zining o‘zi xalq hokimiyatini bildiradi, demak partiyaning nomida «xalq xalq hokimiyati» (ikkita xalq so‘zi) ibora bo‘lib qolgan.

Umuman olganda, bizning jamoatchilikimizda va ayniqsa partiyalar doirasida mafkuraviy diskurs juda sust bo‘lgani uchun, partiyalar o‘ziga asos qilib olgan mafkuralarning o‘zi ham hali jiddiy ishlov berilmagan ko‘rinadi. Masalan liberal demokratiya g‘oyasi jahon siyosiy tajribasida hamda ilmiy doiralarda turlicha talqin qilinadi; hususan liberalizm g‘oyasi tanazzulga uchraganligi haqida ham baxslar avj olgan.

oltinchidan, partiyalarimiz negadir muholifat so‘zidan cho‘chigandek tuyuladi. Bu so‘z, garchi qonunlarimizda kiritilgan va e’tirof etilgan bo‘lsa-da, bizning siyosiy jarayonimizda va muloqotlarimizda qo‘llanilmay qoldi. Bizning fikrimizcha, bu masalaga ham innovasion yondashuv va oydinlik kiritish kerak. Gap shundaki, muholifat so‘zi juda tor va salbiy ma’no xosil qilib, stereotipga va qotib qolgan tushunchaga aylanib qolgan.

Masalaga kengroq yondashsak, O‘zbekistonga aslida muholifatdan ham ko‘ra ko‘proq siyosiy xilma-xillik muhiti yaratilishi maqsadga muvofiq. Ya’ni, jamiyatda tabiatan mavjud turli fikrlar, g‘oyalar, ehtiyojlar, manfaatlar va talablarni davlat tomon harakatlanishi uchun tegishli kanallar yaratilishi lozim.

***

Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: O‘zbekiston taraqqiyotini ta’minlash, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishda bizga qanday siyosiy partiyalar kerak?

Bu savolga yagona bir javob berish qiyin, albatta. Lekin, ilmiy muassasa tomonidan shunday takliflarni berishimiz mumkin:

  • «Milliy yuksalish» partiyasi: deyarli 30 yil davomida mamlakatimizda milliy tiklanish, u yoki bu shaklda bo‘lsada, ro‘y berdi. Endi milliy tiklanish maqsadidan – milliy yuksalishga o‘tish vaqti keldi. Shuning uchun mazkur partiyaning ham nomi, ham g‘oyaviy bazasi qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq.
  • «Turkiston partiyasi»: azaldan yagona ijtimoiy, siyosiy va madaniy jihatdan bir makon bo‘lgan – Markaziy Osiyo integrasiyasiga qaratilgan partiya. Yevropa mamlakatlarida masalan, Yevropa partiyalari mavjud. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasini ustuvor yo‘nalish deb belgiladi. Shu maqsadni ko‘zlagan holda va O‘zbekistonni mintaqada yetakchi davlat bo‘lib qo‘shni davlatlarni birlashtirish uchun xizmat qilish bu buyuk progressiv g‘oyadir.
  • «Agrar partiya»: UzLiDep partiyasi o‘z atrofida ham tadbirkorlarni ham yer egalari (fermerlar)ni qamrab olishi tobora qiyinlashib boradi. Aynan agrar partiya mamlakatdagi katta ijtimoiy qatlam hisoblangan – fermerlar siyosiy irodasini ifodalovchisi sifatida chiqishi mumkin.
  • «Respublikachilar partiyasi»: asosiy e’tibori davlat boshqaruvini optimallashtirish, samardorligini oshirish va ijro intizomini mustahkamlashga qaratadi. Respublikachilik mafkurasida demokratiya, davlatchilik va fuqarolik jamiyati g‘oyalari uyg‘un holda mujassam etishi mumkin.


Biz bu joyda aynan shu partiyalarni tuzish kerak demoqchi emasmiz, balki muhokamaga savol sifatida taqdim etmoqdamiz. Bu hususida davlat va jamoat tashkilotlari, siyosiy partiya vakillari, siyosatshunos olimlar va boshqa soha vakillari bilan ilmiy diskussiya qilish zarurligini e’tirof etish niyatidamiz. Eslatib o‘tish joiz, mamlakatimiz yangi tarixida siyosiy partiyalar tizimi doim bir ko‘rinishda qolmagan: ayrim partiyalar birlashgan, ayrimlari faoliyatini tugatgan. Bu normal dialektik jarayon.

Shulardan kelib chiqib, O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati shakllanishida, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda, sosium integrasiyalashuvida siyosiy partiyalar ishtirokini kengaytirish borasida bir qancha takliflarni ilgari surish mumkin. Jumladan:

  • Bugungi kunda, siyosiy partiyalarni davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi dolzarb ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy masalalar borasida doimiy izlanishlar olib boradigan, aholini (elektoratni) qiynayotgan muammolar yechimlari yuzasidan aniq va manzilli dasturlar ishlab chiqadigan, davlat boshqaruv organlari ustidan jamoatchilik nazoratini va ijtimoiy hamkorlik o‘rnatadigan «aql fabrika»lariga aylantirish zarurati mavjud;
  • O‘zbekistonda faoliyat olib borayongan siyosiy partiyalarni vakillik demokratiyasi institutiga aylantirish uchun eng avvalo ularning ish samaradorligini oshirish, elektorat bilan ishlashda yangi, XXI asrga xos bo‘lgan, innovasion ijtimoiy mexanizmlarni qo‘llash hamda partiyalararo sog‘lom raqobat muhitini yaratish lozim;
  • davlat va jamiyat ijtimoiy-siyosiy tizimi shaffofligi va legitimligini ta’minlash eng avvalo xilma-xillik muhitini yaratish hamda siyosiy plyuralizmga ham bog‘liqdir. Ko‘ppartiyaviylik timizi o‘z o‘zi bilan demokratiyani yaratmaydi;
  • shuning bilan birga, hozirgi kunda O‘zbekiston Harakatlar Strategiyasi asosida o‘z oldiga qo‘ygan va ilgari surilayotgan ulkan islohotlarning qay darajada muvaffaqiyatli kechishi eng avvalo 2019 yilda mamlakatimizda kutilayotgan parlament saylovlariga ham ko‘p jahatdan boqliqdir. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugun O‘zbekistonga tom ma’nodagi demokratik saylovlar, demokratik partiyalar va demokratik parlament juda zarur.


Xulosa o‘rnida, partologiya va siyosatshunoslik sohasidan yana bir eslatmani keltirish foydadan holi emas. Partiyalarning mavjudligi bu bir masala, ular amalda qanday faoliyat yurgizishini tushunish bu boshqa masala. Har xil demokratiyalarda partiyalar har xil ish yuritadi. Zamonaviy demokratiya klassik demokratiyadan farq qiladi. Jamiyatlar va davlat institutlari globallashuv davrida va jadal informasion jarayonlar muhitida juda murakkablashib bormoqda. Demak partiyalar ham bunday sharoitda jiddiy sinovdan o‘tishi muqarrar. Bunda partiya tizimini islohoti bir nechta yo‘nalishda amalga oshirilishi kerak bo‘ladi, ya’ni: partiyaning tashkilot sifatida oliy maqsadi va ichki tuzilishi; partiyaning davlat bilan munosabati; partiyaning fuqarolar bilan muloqoti va hakazo.

Shu o‘rinda elektorat masalasining ham ma’no-mohiyati jiddiy o‘zgarib boradi. Ijtimoiy munosabatlar 21-asrda butun dunyoda yangicha tus olmoqda. Shu nuqtai nazardan, siyosiy qarashlar va manfaatlar ham tobora murakkablashib o‘zgaruvchan xarakterga ega bo‘ladi. Biz demokratik jarayonni jadallashtirishimiz kerak, chunki biz tasavvur qilgan zamonaviy demokratiya industrial inqilob zamonida rivoj topgan bo‘lib, uning o‘zi ham dunyoda o‘zgarib bormoqda, chunki informasion zamonda insoniyatning butun hayoti tubdan o‘zgarib boradi, jumladan davlatning qiyofasi va boshqaruv uslublari ham.

AQSHda va boshqa ilg‘or mamlakatlarda katta tezlikda kechayotgan bu jarayon hatto “demokratiya zaiflashib va tanazzulga yuz tutib bormoqda” degan tashvishlarga sabab bo‘lmoqda. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, to yangi tartibot shakllanguncha har bir institut – davlatdan tortib to oilagacha, maktabgacha va korxonagacha butun jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar tubdan o‘zgarib ketadi.[12] Biz bu hodisani ‘post-demokratiya’ deb atasak bo‘ladi. Shuning uchun biz informasion asrga mos davlat institutlari va boshqaruv sifatiga, ya’ni post-demokratiyaga o‘tishdan oldin “klassik” demokratiyani oddiy turmush tarziga aylantirishimiz lozim. Siyosiy partiyalarning eng dolzarb vazifasi shundan iborat.

Farhod Tolipov, "Bilim Karvoni" nodavlat-notijorat ilmiy muassasasi direktori, mustaqil siyosatshunos.

1] Diamond L. “Is the Third Wave Over?” Journal of Democracy, 1996, № 3.

[2] La Palombara J., Weiner M. Political parties and political development. – The origin and development of political parties (Princeton, NJ, 1966), p. 3-4.

[3] Tanja A. Borzel. Organizing Babylon – On the Different Conceptions of Policy Networks//Public Administration. – 1998, p. 253–273.

[4] Бейме К. фон. Партии // Политология вчера и сегодня. Вып. 4. –М., 1992. – С. 64.

[5] Ижтимоий амортизатор – жамиятда юзага келадиган ижтимоий қарама-қаршиликларни юмшатиш ва бартараф қилишга қаратилган фаолият тури. Социокультурный словарь, Т.3. 471 с.

[6] Язык и наука конца XX века. Сб. статей. М.: РГГУ, 1995. – С. 35-73.

[7] Бу жойда мамлакатлардаги партияларнинг айнан сони эмас, балки уларни ҳокимият учун реал кураша оладиган сиёсий партиялар назарда тутилган – муаллиф.

[8] Особенности партийной системы: http://www.hyno.ru/tom2/1886.html

[9] Мирзиёев Ш.М. Парламентимиз ҳақиқий демократия мактабига айланиши, ислоҳотларнинг ташаббускори ва асосий ижрочиси бўлиши керак. 12.07.2017. http://uza.uz/oz/politics/parlamentimiz-a-i-iy-demokratiya-maktabiga-aylanishi-islo-ot-12-07-2017

[10] Фуқаролик жамияти институтлари салоҳиятини мустаҳкамлаш, жамиятнинг ҳуқуқий маданияти ва ижтимоий фаоллигини оширишга оид Ўзбекистон тажрибаси. Ўқув қўлланма. Т., 2016. Б.80.

[11] Сиёсий партия вакиллари билан суҳбат асосида шакллантирилган.

[12] Walter Russel Mead. “The Big Shift. How American Democracy Fails Its Way to Success”, in Foreign Affairs, May/June 2018, https://www.foreignaffairs.com/articles/united-states/2018-04-16/big-shift?cid=nlc-fa_twofa-20180419


Telegram: https://t.me/arsenal_pc