November 25, 2023

Diskriminatsiya haqida

Diskriminatsiya… xalqaro hamjamiyatning ish stolida doimiy tarzda hal qilinishi muhim bo’lgan “bosh og’riqlar” qatorida turuvchi insoniyat muammosi. Diskriminatsiya so’zini lug’aviy tahlilidan shuni tushunish mumkinki, uch subyekt – davlat, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini xuddi shu uch subyekt tomonidan har qanday tarzda cheklanishi demak. Diskriminatsiya inson huquqlari buzilishi va suiste’mol qilinishining eng keng tarqalgan turidir. Ya’ni inson huquqlari buzilishida diskriminatsiyaning bir nechta turlari asosiy o’rinda turadi. Diskriminatsiya jinsga, shaxsning jismoniy holatiga, yoshiga, diniy e’tiqodiga va etnik kelib chiqishiga nisbatan bo’lishi mumkin. Kartashkinning fikriga ko’ra, huquqlarning har qanday cheklanishi bu – diskriminatsiya. Lekin eng asosiy diskriminatsion holatlarning aksariyati irqiy kamsitilishda kuzatilyapti. Ba’zan esa ushbu muammolarni xatto ayrim subyektlarning tizimlariga qisman yo’g’irilganini ham kuzatamiz. Diskriminatsiyaning xavfi shundaki, u jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni haddan tashqari kuchaytirib yuboradi. Oddiy tushuntiradigan bo’lsak, bir xil ijtimoiy vaziyatda ikki shaxsga ikki xil munosabatda bo’lish. Bu nima degani ? Ya’ni o’sha ikki shaxsning huquqlari bir xil va qonunchilikka ko’ra teng, lekin ularning qaysidir biri o’zining irqi, tili, yoshi, jinsi kabi shaxsiy xususiyatlari sabab ma’lum huquqlaridan foydalana olmasligi bu – diskriminatsiya. Aslida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 1-moddasining o’zidayoq biz barcha insonlarning tengligi prinsipini ko’rishimiz mumkin. Lekin ushbu universal imperativ norma davlatlar tomonidan to’liq amalga oshirilyapti deya olmaymiz.

Jamiyatning huquqiy bilimga ega bo’lmagan qatlami ham diskriminatsiya deganda kamida irqiy kamsitish (odatda negerlarga nisbatan kamsitish) ni tushunishadi. Albatta, chunki diskriminatsiyaning ushbu turi ancha keng tarqalgan. Zaminning barcha qit’asida uchratasiz. Qora tanlilarning huquqlari cheklanishi yaqindagina – svilizatsiyalar o’rtasidagi urushlar orqali vujudga kelgan “zamonaviy” dunyoda vujudga kelib qolmadi. Tarixan olib qaraydigan bo’lsak, o’n olti, o’n yettinchi asrlardayoq ushbu diskrimatsion holatni guvohi bo’lishimiz mumkin. Bilamizki, negerlarga nisbatan kamsitilishning eng yuqori ko’rinishi bu qullashtirish, qulchilik edi. Hattoki yevropaning ayrim “pir” siyosatchilari qulchilikni legallashtirib ham qo’yishgan edi. Va, shu tariqa esa qora tanlilarning ijtimoiy pozitsiyasi shuqadar tahqirlandiki, mana hozirgacha uning sarqitlarini kuzatib turibmiz.

Davlatda demokratiyaning qaror topganini medianing yuzidan tushirmay keladigan gigantlarning tuzilmasida ham qora tanli bo’lgan kuchli kadrlarning ish beruvchilar tomonidan qaytarilishi uchrab turadi. Bu esa inson huquqlarining yaqqol cheklanishi. Tan olish kerak, dunyoda irqiy kamsitish bilan bog’liq muammolarning aksariyati bu negroidlarga nisbatan amalga oshiriladi. O’sha yuqorida keltirib o’tilgan asrlarda segregatsion siyosat va qulchilik tufayli amerikaga va yevropaning turli nuqtalariga borib qolgan qora tanli insonlar uchun maktablar, oliy ta’lim maskanlari, sport mashg’ulotlarini olib borish markazlari va hattoki diniy ibodatxonalarni ham alohida qilib qo’yishgan edi. Buni diskriminatsiyaning oliy ko’rinishi deya olamiz. Nega ? Chunki, oq tanlilar huquqlari yoki qora tanlilar huquqlari degan tushuncha yo’q. Inson huquqlari bor. Bo’ldi. Hech qaysi subyekt yoki siyosiy tuzilma insonlarni irqiy guruhlarga bo’lgan holda ularga ma’lum cheklovlarni qo’yish orqali huquqlarini cheklashga haqqi yo’q.

Jinsiy diskriminatsiyaga qarshi xalqaro hamjamiyat nimalar qildi va qilyapti ? BMT bosh assambleyasi tomonidan 1979-yilning 18-dekabrda “Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to’g’risidagi” konvensiya qabul qilingan va unda ishtirokchi davlatlarning barchasi uchun umummajburiy bo’lgan normalar belgilandi. Konvensiyaning 2-moddasida : “Ishtirokchi-davlatlar ayollarga nisbatan kamsitishni qoralaydilar va uning barcha shakllariga barham berish siyosatini olib borish majburiyatini oladilar. Ishtirokchi davlatlar erkaklar va ayollar tengligi tamoyillarini milliy konstitutsiyalarga kiritish; ayollarga nisbatan har qanday kamsitishlarni taqiqlovchi qonun hujjatlarini qabul qilish; kamsitishlarga qarshi huquqiy himoya va samarali vositalarni ta’minlash; ayollarga nisbatan har qanday kamsitish harakatlariga yo’l qo’ymaslik va hech qanday davlat organlari yoki muassasalar kamsitish bilan shug’ullanmasligini ta’minlash kabi bir qancha normalar orqali ishtirokchilarga vazifalar yuklayapti. Moddadan shuni analiz qilish mumkinki, ushbu konvensiyada belgilangan normalar moddada aytilganidek, ishtirokchilar tomonidan milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi shart. Bundan tashqari konvensiyada oila, ish-mehnat, fuqarolik, ta’lim va boshqa masalalarda ham ayollarning kamsitilishiga qarshi tegishli normalar belgilab qo’yilgan. diskriminatsiyaning butunlay chek qo’yilishi uchun jahon urushlaridan so’ng tuzilgan inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar-u hujjatlar yetarli bo’lmayapti.

Hozirgacha saqlanib qolayotgan ushbu muammoning yechimi shuki, uni butkul yuqotish uchun xalqaro huquqning barcha subyektlari birgalikda harakat qilishi, diskriminatsion holatlarga yechim bo’ladigan choralarni har taraflama qo’llash va universal normalarga asoslangan holda mintaqaviy shartnomalar tuzishlari kerak. Misol uchun, bir mintaqadagi davlatlarda eng ko’p diskriminatsiyaga uchraydigan irqning huquqlarini cheklashga qarshi mintaqaviy shartnoma imzolanishi mumkin va kerak. Ushbu shartnomadagi normalarning ijrosiga bog’liq protsessda ishtirokchilar hamkorlikda yechimlar izlashi kerak. Asosiysi, qonunchilik masalasi, shu mazmundagi qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilinishi, jamiyatning turli sohalarida xilma-xillikni joriy etish, inkluziyani jadallashtirish, huquqni muhofaza tizimini isloh qilish va asosiy teng-huquqlilikni mustahkamlash kabi jiddiy choralarni ko’rishi kerak.

Davlatlar boshqaruvni osonlashtirish uchun tizimda iyerarxik tizimni yaratishgani kabi hujjatlarning implementatsiya jarayoni ham hududlar ketma-ketligida “yoyilishi” kerak. Shundagina davlat ratifikatsiya qilgan hujjatining qonuniy maqsadiga erisha oladi.