Yesterday

Haqiqiy qirolicha.

4 qism: faqat ishonch biln tinchlikka erishib bo'lmaydi

Janglar boshlanganidan biroz vaqt o‘tib, Yahud podshohiga maktub yuborildi.
— Ulug‘ Yahud podshohi, ikki davlatimiz o‘rtasidagi urush sabab begunoh insonlar aziyat chekmoqda. Keling, bu nizoga chek qo‘yaylik va sulh tuzaylik. Hozirgi holatda siz ham, biz ham bu urushni davom ettirishga qodir emasmiz. Bu jang ikkalamizga ham foyda keltirmaydi.
Albatta, Yahud podshohi bu taklifni darhol qabul qilmadi. Amira esa xalqining yanada ko‘proq azob chekayotganini ko‘rib, oziq-ovqat zaxiralari va askarlar soni tobora kamayib borayotganini anglab, urushning tezroq tugashini astoydil xohlardi.
Endi nima qilaman?.. — deb o‘ylardi u. Qaysi yo‘l tinchlikka olib boradi? Yahud podshohi aslida nimani xohlaydi? Bizda endi bu urushni davom ettirishga kuch qolmagan. Vaqt kerak… vaqt yutishim kerak.
Shu xayollar bilan band bo‘lgan Amira xonaga kirib kelgan farzandlarini ham darhol payqamadi. So‘nggi paytlarda u ularga deyarli vaqt ajrata olmayotgan edi.
— Ona? Ona!
— Ha… ha, Feruza, mening go‘zal qizim. Nima gap? Yaqinroq kel… Sen ham, Yoqut. Nima bo‘ldi? Hamma narsa joyidami?
— Onajon… yana urush bo‘ladimi?
— Buni senga kim aytdi, Yoqut?
— Amakim Vard aytdi. U yana urush bo‘lishini va siz o‘lib ketishingizni aytdi. Onajon, nega amakim siz o‘lasiz dedi? Men sizni yo‘qotishni xohlamayman…
Bolalar yugurib kelib unga yopishishdi. Amira ularni mahkam bag‘riga bosdi.
— Qo‘rqmanglar, — dedi u muloyim ovozda. — Amakingiz shunchaki hazillashgan. Men sizlarni tashlab ketmayman.
— Rostdan va’da berasizmi?
— Ha, va’da beraman. Endi xonangizga borib uxlanglar.
Bolalarni kuzatib qo‘ygach, Amira yana o‘z ishlariga qaytdi. Ammo uning fikrlari tinchimadi.
Vard nega bolalarga bunday gaplarni aytadi? U meni yoqtirmasligini bilaman, lekin… bu gapni hatto o‘z jiyanlariga aytish… Agar u Umarning ukasi bo‘lmaganida, uni allaqachon saroydan haydardim. Ammo hozir bunga vaqt yo‘q.
Amira Yahud bilan sulh tuzish uchun yangi yo‘llarni izlay boshladi. U o‘z xavfsizligini ham o‘ylamay, saroyni tark etdi va xalq orasida muzokaralar olib bora boshladi. U faqat davlat elchilari bilan emas, oddiy odamlar bilan ham gaplashdi, saroy tashqarisida xalq bemalol kirib-chiqadigan asosiy darvoza oldiga taxt o'rnatib u yerda o‘tirgancha, ularni tingladi.
Bu Yahudning ishonchini qozonishga yordam beradimi? Ular menda dushmanlik yo‘qligini tushunisharmikan?.. Ey Alloh, yordam ber. Meni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirma. Men begunoh xalqimning azoblanishini xohlamayman.
Shu tariqa Amira muzokaralarini yakunlab, saroyga qaytdi va butun vaqtini farzandlari hamda davlat ishlariga bag‘ishladi. U o‘z uyqusi va onalik huquqidan xalq tinchligi uchun voz kechdi.
Uning tinimsiz mehnati va duolari sabab Kusuful Shams bir necha yil tinchlikda yashadi. Xalq uni chuqur hurmat qildi, buyruqlarini so‘zsiz bajardi va uni eng dono malika deb bildi.
Ammo bu tinchlik yillari oxir-oqibat Umar akasi Vard tomonidan barbod qilindi. U Yahudga qo‘shilib, o‘z xalqiga xiyonat qildi.
Sen mening o‘rnimni olganing uchun javob berasan, Amira… boshqaning haqqini tortib olish jazosiz qolmaydi!
Shu g‘azab bilan u Yahudga Kusuful Shamsning qurol omborlari va harbiy zaxiralari joylashgan manzillarni yetkazdi va ularni yo‘q qilishga sabab bo‘ldi. Uning maqsadi oddiy edi — taxtni egallash.
Shu xiyonat tufayli Yahud qo‘shinlari Kusuful Shamsga bostirib kirdi.
Amira Vardning xiyonatini bilib, uni huzuriga olib kelishgach, so‘radi:
— Nega, Vard? Nega xiyonat qilding?
— Sen… sen hammasiga sababchisan! — deb baqirdi u. — Hammasi sen tufayli bo‘ldi! Agar sen bo‘lmaganingda, agar Umarga yordam bermaganingda, taxt meniki bo‘lardi! Umar vafotidan keyin tojni menga berishing kerak edi! Hammasi sening aybing!
— To‘g‘ri, — dedi Amira sovuqqonlik bilan. — Akangdan keyin taxtga chiqishing mumkin edi. Ammo men bu xalqni senga o‘xshagan nodonga ishonib topshirmasdim.
U qo‘riqchilarga yuzlandi:
— Uni zindonga tashlanglar. Urush tugagach, hukm chiqariladi. Hozircha u mahbus bo‘lib qoladi.
Qo‘riqchilar Vardni olib ketishdi. Amira yolg‘iz qoldi.

Balki Vard haqdir… balki taxtni unga berish kerakmidi?.. Yo‘q. Bu o‘ylash uchun vaqt emas. O‘zingni bos, tinchlan, Amira. Sen bu davlat malikasisan. Har bir jon uchun javobgarsan.
U qanchalik harakat qilmasin, urushni to‘xtata olmadi. Yahudga berilgan sulh takliflari, boylik va sovg‘alar — hech biri foyda bermadi. Oxir-oqibat, u jangdan boshqa yo‘l qolmaganini tushundi. Xalq esa unga to‘liq ishonardi.
Ammo bu dunyoda faqat ishonch bilan tinchlik saqlab bo‘lmaydi. Urush Yahud foydasiga og‘ib borardi — zaxiralar tugayotgan, qurol kamayayotgan edi.
So‘nggi paytlarda Amira tushida Umarning yuzini ko‘ra boshladi. U har doimgidek mehr bilan unga qarar, qo‘lida atirgul tutardi. Ammo bu safar gul qizil emas — oppoq edi.
Amira gulni oldi va Umar uni oq atirgullar bilan to‘la bog‘ga olib kirdi. U bog‘ga kirishi bilan atirgullar birdan qizarib ketdi, Umar esa g‘oyib bo‘ldi.
Amira bu tushlarning ma’nosini izlay boshladi va oxir-oqibat tushundi: o‘lim yaqin edi. Va u tez orada uni o‘z bag‘riga oladi.