June 2

Haqiqiy qirolicha.

5 qism: Bazan mag'lub bo'lish doim ham haqiqiy yo'qotish emas

Amira o‘z tushlaridan ma’no izladi va oxir-oqibat hammasini anglab yetdi — uning o‘limi yaqin edi.

Buni bilganiga qaramay, Amira baribir jang maydoniga otlandi.

Qilichlar jarangi, jang qichqiriqlari orasida u ortidan yaqinlashayotgan soyani sezmay qoldi. Orqasidan qilich zarbasi tushdi. Zarba og‘ir va shafqatsiz edi. Og‘riq butun vujudini qamrab oldi, ammo u yiqilmaslik uchun o‘zini majburlab oldinga yurishda davom etdi.

Shunda osmon yorug‘likka to‘ldi.

Ana shu nurning ichidan uning qalbining podshohi — yagona sevgisi Umar paydo bo‘ldi.

U bir so‘z demay uning yoniga keldi va bag‘riga oldi. Shu lahzada Amiraning barcha og‘riqlari yo‘qoldi. Nafasi sokinlashdi, yuragi tinchlandi. Lablarida zaif tabassum bilan Amira dunyoni Umar quchog‘ida tark etdi.

U ko‘zlarini ochganida, tushidagi bog‘ ichida edi.

Bu safar u yolg‘iz emasdi.

Uning qarshisida Umar turardi — hayotidayoq tanigan o‘sha iliq nigohi bilan.

— Umar… mening Umarim… sen qaytib keldingmi?.. — dedi u shivirlab. — Alloh seni menga qaytarib berdi…

U ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi va uni quchoqlab oldi.

— Ey qalbim malikasi, yig‘lama, — dedi Umar sokin ovozda. — Men hech qachon seni tark etmaganman. Men doim yoningda edim, faqat sen ko‘ra olmasding. Endi esa biz abadiy birga bo‘lamiz. Hech qachon ajralmaymiz.

Bir paytlar ajralgan ikki ruh yana birlashdi va foniy dunyoning og‘irligini ortda qoldirib, abadiyat sari yo‘l oldi.

Amiraning vafotidan so‘ng qo‘shin ruhi so‘ndi. Kusuful Shams tez orada Yahud qo‘liga o‘tdi. Yahud podshohi xiyonat qilgan Vardni huzuriga keltirishni buyurdi.

— Sen o‘z vataniga xiyonat qilgan odamsan, — dedi podshoh.

— Men sizga yordam berdim, — dedi Vard. — Men sizning ittifoqchingizman.

— O‘z xalqiga xiyonat qilgan kishi hech qachon mening ittifoqchim bo‘la olmaydi, — dedi podshoh sovuqqonlik bilan. — U meni ham sotardi. Agar Amira tirik bo‘lganida, ehtimol omon qolgan bo‘lardi. Ammo sen — yo‘q. Sen yashashga loyiq emassan.

Vard gapirmoqchi bo‘ldi, ammo podshoh uni tinglamadi. Qilichini sug‘urib, uning hayotiga yakun yasadi.

Shunga qaramay, Yahud podshohi Amiraning jasoratini e’tirof etdi. U ayol bo‘lishiga qaramay, o‘z yurtini himoya qilish uchun jang qilganini hurmat qildi. Shu sababli uning farzandlarini tirik qoldirdi.

Yoqut Kusuful Shamsni Yahud nomidan boshqaruvchi etib qoldirildi. Feruza esa podshohning rafiqasi sifatida uning yurtiga olib ketildi — bu sovrin emas, balki isyonlarning oldini olish uchun tirik kafolat edi.

— Onang ham tinchlik uchun turmush qurgan edi, — dedi podshoh Feruzaga.

— Ha, — dedi Feruza. — Agar tinchlik ta’minlansa, men ham o‘zimni qurbon qilishdan qo‘rqmayman.

— Sen men bilan bo‘lsang, akang isyon qilmaydi. U isyon qilmasa, tinchlik saqlanadi.

Shu tariqa Kusuful Shams zabt etildi, ammo Amira tufayli yurt ko‘p yillar tinchlikda yashadi. Uning o‘g‘li Yoqut esa adolat bilan hukmronlik qildi.

Vaqt o‘tdi, ammo xalq o‘z malikalarini unutmadi.

Avlodlar osha, quyosh qorayib, osmon jim bo‘lgan kunni ko‘rgan odamlar shunday deb pichirlashardi: bu — Amira va Umarning yana uchrashgan kuni. Ular ishonardiki, Alloh uning duosiga javoban osmonni tutgan.

Tarixda Amira zabt etuvchi sifatida emas, balki himoyachi sifatida esda qoldi.
U kuch emas, xalqini tanlagan buyuk malika edi.
Mag‘rurlik emas, tinchlikni tanlagan dono hukmdor edi.
Mehribon ona edi.
Va sadoqatli yor edi.

tugadi hikoya tamom.

Millim: bu meni birinchi yozga hikoyam. Sizlarga yoqdi degan umiddaman. Keyigi hikoya o'zgadunyo va sehr haqida bo'ladi shunday ekan yengi hikoyani kuting.