September 25, 2023

Andijon davlat universiteti talabalari o‘rtasidagi “Shaxsiy o‘yin” turniri NIZOMI 

1-bob. Umumiy qoidalar

1.1. “Shaxsiy o‘yin” turniri individual musobaqa bo‘lib, unda ishtirokchilar belgilangan vaqt ichida mantiqiy savollarga tezkorlik bilan javob berish bo‘yicha musobaqalashishadi. Ishtirokchilarning maqsadi – o‘yin davomida raqib ishtirokchilarga nisbatan ko‘proq savollarga to‘g’ri javob berishdan iborat;

1.2. Turnirda Andijon davlat universitetida tahsil oluvchi barcha talabalar ishtirok etishi mumkin;

1.3. Маzkur nizom Andijon davlat universiteti talabalaridan o‘rtasidagi “Shaxsiy o‘yin” turniri tartibini belgilaydi;

1.4. Turnir kuzgi, qishki va bahorgi mavsumlarga bo’lingan holda o‘tkaziladi;

1.5. Turnir 10 turga bo‘lingan holda o‘tkaziladi;

1.6. Har bir tur asosiy va saralash bosqichidan iborat bo‘ladi. Turning asosiy bosqichi yarim finaldan boshlanadi va tur finali bilan yakunlanadi.

2-bob. O‘tkazilish tartibi

2.1. Har bir turning saralash bosqichi yozma ko‘rinishda o‘tkaziladi;

2.2. Har bir turning saralash bosqichida 4 ta mavzuga oid 5 tadan umumiy 20 ta savol beriladi. Har bir to‘g’ri javob uchun savolga oldindan belgilangan (10 / 20 / 30 / 40 / 50) ball beriladi. Har bir noto‘g’ri javob uchun esa, savolga oldindan belgilangan ballni (-10 / -20 / -30 / -40 / -50) qarama-qarshi qiymati yoziladi. Savolga javob yozilmagan taqdirda, o‘sha savolga ball berilmaydi. Saralash natijalariga ko‘ra ko‘proq ball to‘plagan 12 ta ishtirokchi keying bosqichga chiqadi;

2.3. Saralash bosqichida birorta ham savolga javob yozmagan ishtirokchi keyingi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritmaydi;

2.4. Agar ishtirokchilar yozma saralash natijalari bo‘yicha teng miqdordagi ball to‘plasalar, eng katta nominal qiymat uchun to‘g’ri javoblarni bergan ishtirokchi ustunlikka ega bo’ladi. Takroriy tenglik holatida keyingi nominal qiymat bilan olingan savollar soni hisobga olinadi va shu tartibda davom etadi;

2.5. Har bir turning asosiy bosqichi yarim final va final bosqichlaridan iborat bo‘ladi;

2.6. Har bir turning asosiy bosqichi yarim final o‘yinlarida 4 ta mavzuga oid 20 ta, final bosqichida 5 ta mavzuga oid 25 ta savol o‘ynaladi;

2.7. Asosiy bosqichga yo‘llanma olgan 12 nafar ishtirokchi yozma saralash natijalariga ko‘ra 6 ta ishtirokchidan iborat 2 ta yarim final guruhlariga ajratiladi;

2.8. Har bir turning yarim finalidan final bosqichiga yarim final bosqichida birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan, jami 6 nafar ishtirokchi yo‘l oladi. Agarda yarim final va final bosqichida o‘rinlar uchun ishtirokchilar orasidagi ballar teng kelib qolsa, eng so‘ngi ballni qo‘lga kiritgan ishtirokchi ustunlikka ega bo‘ladi;

2.9. Har bir to‘g‘ri javob uchun, savolga oldingan belgilangan (10 / 20 / 30 / 40 / 50) ball beriladi. Har bir noto‘g‘ri javob uchun esa, savolga oldingan belgilangan ballni (-10 / -20 / -30 / -40 / -50) qarama-qarshi qiymati yoziladi.

2.10. Yarim final bosqichida birorta ham savolga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri javob bermagan ishtirokchi final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritmaydi.

3-bob. Reyting hisobi

3.1. Har bir turning final bosqichida ishtirokchilar egallagan o‘rniga qarab belgilangan reyting ballariga (10 / 8 / 6 / 4 / 3 / 2) ega bo‘ladi;

3.2. Final bosqichida 1 nafardan ortiq ishtirokchilar birorta ham savolga to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri javob bermagan taqdirda ular o‘rtasidagi reyting ballari teng miqdorda taqsimlanadi;

3.3. Mavsum so‘ngida eng ko‘p reyting ballari to‘plagan ishtirokchi g‘olib deb topiladi.

4-bob. G‘oliblarni taqdirlash

4.1. Har bir mavsum yakunida reyting ballari asosida mos ravishda 1 -, 2- va 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar g’olib deb e’lon qilinadi;

4.2. 1-, 2- va 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar Andijon davlat universiteti tomonidan mukofotlanadi.

5-bob. Yakuniy qoidalar

5.1. Turnir davomida mazkur nizomda nazarda tutilmagan holatlar yuz bersa, bunday holatlar Andijon davlat universiteti “Zakovat” koordinatori tomonidan ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan hal etiladi.

5.2. Mazkur nizomga koordinator tomonidan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.