Sovet Ittifoqidagi dastlabki radiatsion avariya
Qishtim falokati, shuningdek Mayak avariyasi deb nomlanuvchi radiatsion avariya 1957-yilning 29-sentyabr sanasida Chelyabinsk viloyati hududida sodir bo'lgan. Ushbu avariya tarixda Chernobil va Fukusima avariyalaridan keyingi eng katta zarar keltirgan radiatsion falokat sifatida nom qoldirgan.
Falokatning yuzaga kelish sabablari
Ikkinchi Jahon urushidan so'ng Sovet Ittifoqi yadroviy qurollar ishlab chiqarishda AQShdan ortda qola boshlagan edi. Shuningchun sovet hukumati yadro quroli uchun yetarli darajada uran va plutoniy ishlab chiqarish bo'yicha dasturni qabul qiladi. Shu dastur asosida 1945-1948-yillarda Chelyabinsk hududida shoshilinch tarzda Mayak zavodi qurib bitkaziladi. Dastlabki davrlarda Sovet Ittifoqida yadro fizikasi haqidagi bilimlar yetarli bo'lmagani sababli zavod xavfsizlik darajasi yetarli darajada baholanmaydi.
Zavoddan chiqayotgan zararlangan suv dastlab Karachay ko'liga quyilgan bo'lib, bu ko'lning "yer yuzidagi eng zaxarli hudud"ga aylanishiga olib kelgan. Keyinchalik, 1953-yilda 8 metr yer ostida yadroviy chiqindilarni saqlash uchun maxsus ombor bunyod etiladi.
Avariyaning sodir bo'lishi
Avariyaning sodir bo'lish sabablari haqida rasman ma'lumot berilmagan. Norasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 1957-yil 29-sentabrda zavoddagi sovutish tizimlarida muammo kuzatiladi. Shu sababli, yer osti omboridagi moddalar bug'lana boshlaydi va kuchli portlash sodir bo'ladi. Portlash kuchi tufayli 200 metr radiusdagi bino devorlari vayron bo'ladi. Radioaktiv moddalarning katta qismi havoga tutun va chang bilan birga ko'tarila boshlagan. Ushbu tutundan hosil bo'lgan bulut keyingi o'n soat ichida 300 kilometr masofada harakatlangan.
Avariya qurbonlari
Radiatsion ifloslanish Chelyabinsk va uning atrofidagi viloyatlarning 270 ming aholisi istiqomat qiladigan 23 000 km2 hududni egallagan. Avariya oqibatlarini bartaraf etish uchun 23 ta qishloq aholisi ko‘chirilgan, barcha binolar, mulklar va qoramollar yo‘q qilingan. Bu ish bilan yuz minglab harbiy xizmatchilar va fuqarolar shug'ullangan. Dastlabki 10 kundayoq radiatsiya qurbonlari soni 100 kishidan oshgan, 250 ming fuqaroga zarar yetgan.
Hozirgi Mayak hududi
Avariyadan zararlangan hududda qishloq xo'jaligi faoliyatini olib borish taqiqlanadi. 1968-yilda bu yerdagi 16600 gektar maydonda Sharqiy Ural qo'riqxonasi barpo etilgan. Qo'riqxonaga tashrif buyurish taqiqlangan — radioaktivlik darajasi inson uchun hamon xavfli hisoblanadi. Hozirda vaqtda ushbu qo‘riqxona Rossiyaning radiatsiyaga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlarni o‘tkazishda muhim rol o‘ynaydi.