May 15

HUMO to‘lov tizimi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi

Hozirda "Milliy banklararo protsessing markazi" aksiyalarini birlamchi chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

"Milliy banklararo protsessing markazi" MCHJ (HUMO) aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.

2023 yil 30 noyabrdagi PQ–381­-son qarorining 1-bandiga asosan 2024 yil 1 iyuldan boshlab to‘lov tizimi operatorlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi belgilangan.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida "Milliy banklararo protsessing markazi" mas’uliyati cheklangan jamiyatini aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etish to‘g‘risida Davaktiv agentligining tegishli buyrug‘i qabul qilindi va jamiyatning yangi tahrirdagi ustavi 2024 yil 13 may kuni Davlat xizmatlari markazidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Hozirda "Milliy banklararo protsessing markazi" aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini birlamchi chiqarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.