Qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh hisobchisi katta pulni o‘zlashtirdi
Sudlanuvchi olti yil davomida Konimex tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh hisobchisi lavozimida ishlagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Konimex tuman sudining ochiq sayyor sud majlisida mablag‘larni o‘zlashtirgan qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh hisobchisiga jazo tayinlandi. Sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Sudlanuvchi 2017 yil 6 noyabrdan 2023 yil 1 sentyabr kuniga qadar Konimex tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh hisobchisi lavozimida ishlagan.
U bo‘lim boshlig‘ining moddiy rag‘batlantirish hamda mukofot pullari ajratish to‘g‘risidagi buyruqlariga asosan o‘ziga ajratilgan rag‘batlantirish mablag‘lariga biror-bir asoslarsiz 2019 yil davomida 4.865.524 so‘m, 2020 yil davomida 6.007.000 so‘m, 2021 yil davomida 22.860.000 so‘m, 2022 yil davomida 67.781.000 so‘m miqdordagi ortiqcha rag‘batlantirish mablag‘larini “UzASBO” elektron dasturi orqali to‘lovga taqdim qilib, o‘ziga tegishli bo‘lgan bank plastik kartasiga tushirib olib o‘zlashtirgan.
Shuningdek, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, bo‘lim bosh mutaxassisi B.Tileukulovga biror-bir asoslarsiz 2021 yil davomida 3.110.000 so‘m, bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan B.Xatamovga 840.000 so‘m ortiqcha mablag‘larni qo‘shib yozib to‘lovga taqdim qilib, jami 105.458.439 so‘m ko‘p miqdordagi pullarni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilgan. Bundan tashqari bosh hisobchi rag‘batlantirish, ustama hamda mukofot pullarini soxta ma’lumotlar kiritilgan holda tayyorlangan to‘lov xabarnomalarini “UzASBO” elektron dasturi orqali to‘lovga taqdim qilib, davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan.
Oqibatda sud ayblanuvchini JKning 167-moddasi 2-qismi “a,g” bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan javobgarlikka tortishni lozim topdi. Sud aybdorni uzil-kesil 1 (bir) yil 6 (olti) oy muddatga muayyan huquqdan ya’ni qishloq xo‘jaligi bo‘limlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifasini egallash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 (ikki) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi. Jazo tayinlashda yetkazilgan zarar qoplangani inobatga olingan.
Bundan tashqari 42 mln. 430 ming so‘m mablag‘ davlat budjetiga o‘tkaziladi