Nukusda ko‘zi ojizlar kutubxonasiga ajratilgan pullar talon-toroj qilindi
Jami 530,4 mln. so‘mlik ishlar bajarilmagan bo‘lsada, qo‘shib yozib yuborilgan.
Nukusda ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi uchun ajratilgan mablag‘lar talon-toroj qilindi. Aytilishicha, Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.To‘xtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘istonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning ta’lim olishi uchun yaratilgan sharoitlar ahvoli o‘rganilgan.
Ushbu maxsus kutubxona ma’muriy binosini yangidan qurish va jihozlash bo‘yicha amalga oshirilgan qiymati 10,4 mlrd. so‘mlik pudrat ishlari o‘rganilib, jami 530,4 mln. so‘mlik ishlar haqiqatda bajarilmagan bo‘lsada, hisobotlarga qo‘shib yozish yo‘li bilan budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi.
Kutubxonani jihozlash maqsadida ajratilgan 2 ta “brayl” printeri uchun 90 mln. so‘m va 1 ta ovoz yozish studiyasi uchun 50 mln. so‘m mablag‘lar ham o‘zlashtirib yuborilgani oqibatida ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bor shaxslarni qoraqalpoq tilida zarur adabiyot va audio materiallar bilan ta’minlash imkoni cheklangan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilib, yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilmoqda.