March 11

Apple Qozog‘istonda rasmiy ofisini ochishi mumkin

Agar mamlakatda Amerika kompaniyasining ofisi ochilsa, Markaziy Osiyodagi birinchisi bo‘ladi.

Qozog‘iston “Apple” kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda, deya xabar berdi“Tengrinews.kz” nashri Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligiga tayanib.

Muzokaralar mamlakatda “Apple"ning rasmiy ofisini ochish bilan bog‘liq. Tahririyatning rasmiy so‘roviga berilgan javobda vazirlik rasmiy vakolatxona ochish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani qayd etilgan.

Qozog‘iston “Apple” ofisini ochish masalasi shu yilning 23-yanvarida Olmaotada sodir bo‘lgan zilziladan keyin paydo bo‘lgandi.

Agar “Apple” kompaniyasi Qozog‘istonda o‘z ofisini ochsa, u Markaziy Osiyodagi birinchisi bo‘ladi. 2021-yil boshida O‘zbekistonda “Apple” kompaniyasining rasmiy ofislari ochilishi ma’lum qilingandi. Biroq, shundan beri bu haqda hech qanday ma’lumot mavjud emas.

2019-yilda “O‘zstandart” agentligi “Apple” O‘zbekistonda rasmiy servis markazlarini ochmaydi, degan bayonotga izoh berib, kompaniya vaziyat taqozo qilganida boshqa mamlakatlarda o‘z servis markazlarini ochganini ta’kidlagandi.

2022-yili Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, “Apple” Rossiyani tark etdi va mahsulot yetkazib berishni to‘xtatdi.