May 14

Chekka hududlarda IT-shaharchalar tashkil etiladi

Ular dastlab respublikaning 15 ta tuman va shaharlarida faoliyat yuritadi.

Kunikecha Prezidentga mamlakatimizda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, bu sohada yoshlarni va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari boʻyicha axborot berildi.

Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning oʻtgan toʻrt oyida IT sohasidagi xizmatlar hajmi 20 foiz oʻsib, 200 million dollarlik eksport qilingan. Yana 5 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Ammo hududlar kesimida bu soha faqatgina Toshkent shahriga yaxshi rivojlangan. Masalan Oʻzbekiston boʻyicha faoliyat yuritayotgan IT mutaxassislarining 80 foizi shu yerda yashaydi.

Shu bois, bu sohani chekka hududlarda ham rivojlantirish maqsadida IT-shaharchalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Loyihaga koʻra, bunday maskanlar dastlab 15 ta hududda – Chimboy, Gʻijduvon, Zomin, Sharof Rashidov, Forish, Xatirchi, Pop, Shahrisabz, Qoʻshrabot, Sariosiyo, Sirdaryo, Parkent, Toshloq va Tuproqqalʼa tumanlari hamda Xonobod shahrida tashkil qilinadi.

Ularda yiliga 10 mingga yaqin yoshlar IT, chet tili va boshqa zamonaviy kasblar boʻyicha bepul oʻqitiladi.

Prezident shaharchalar yoshlar uchun qulay joyda boʻlishi, ularda yuqori malakali mutaxassislar dars berishi zarurligini taʼkidlagan.

“Shiddat bilan oʻzgarayotgan davrda hamma sohaga axborot texnologiyalarini biladigan kadrlar kerak. Bu sohada xizmatlar uchun ham, eksport uchun ham eng asosiy resurs bu – malakali mutaxassislar. IT-shaharchalar bu yoʻlda yoshlarga qanot boʻladigan, zamonaviy kasblarga oʻrgatadigan tizim boʻlishi kerak”, – degan Shavkat Mirziyoyev.