Internetda G‘azo fojiasiga befarq bo‘lgan yulduzlarni bloklashmoqda
Jastin Biber, Selena Gomes, Zendaya, Dreyk, Kardashyan va Teylor Svift kabi ko‘plab mashhur yulduzlar tanqidlar yomg‘iri ostida qolgan.
Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi vahshiyliklariga va Falastin xalqiga qarshi ochiq-oydin genotsid uyushtirayotganiga jahon afkor ommasi jim qarab turgani yo‘q. Ular Yahudiy davlatining (Isroilning konstitutsiyadagi rasmiy nomi) qonxo‘rligidan noroziliklarini hech bo‘lmasa tinch namoyish, flesh-mob, iqtisodiy boykot yoki internet orqali aksiyalar yo‘li bilan oshkor etmoqda. Fojiani ko‘rib-ko‘rmaslikka olayotgan omma e’tiborini tortishga urinmoqda.
Yaqindan boshlab, Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda norozilikni namoyon etishning yangi shakli paydo bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari G‘azo fojiasi bo‘yicha o‘z munosabatini bildirishdan qo‘rqib, sukut saqlayotgan mashhur yulduzlarning sahifalarini ommaviy ravishda bloklashni yo‘lga qo‘ydi.
Jastin Biber, Selena Gomes, Zendaya, Dreyk, Kardashyan va Teylor Svift kabi ko‘plab mashhur yulduzlar tanqidlar yomg‘iri ostida qolgan. Hatto Teylor Svift kabi “yorqin” san’at yulduzlarining ko‘p yillik muxlislari ham uni bloklashga qaror qilishdi.
NBC news'ning ma’lum qilishicha, mazkur jarayon ishtirokchilari Yahudiy davlati armiyasining G‘azo sektoriga bostirib kirib, falastinlik ayollar va bolalarni bir boshidan qirishni boshlagan kunlardan beri o‘z noroziliklarini namoyish eta boshlagan edi. Lekin qudratli davlatlarning homiyligi va xalqaro tashkilotlarning ojizligidan quturgan Isroilning barcha kelishuv va va’dalarni buzgan holda Rafah shahriga hujum qilganida bu jarayon ko‘lami yanada kengaya boshladi.
Yahudiy armiyasi askarlari G‘azoda tinch aholini ayamay qira boshlagan bir paytda yulduzlarning surbetlarcha Met Gala noyob kiyimlar ko‘rgazmasini o‘tkazishgani tarmoqlar foydalanuvchilarining ayniqsa g‘azabini keltirdi. Ko‘pgina foydalanuvchilar bu namoyishni haddan oshish va sionist askarlar qo‘lida o‘lim topgan (va topayotgan) o‘n minglab begunoh ayollar va bolalar xotirasiga hurmatsizlik, deya baholashdi.
Mashhur bloger Xeyli Kalil o‘zining Met Gala libosida suratga tushgani va “Let Them Cake” ovozi bilan sinxronlashtirilgan videoni internetga joylaganidan keyin ayniqsa noroziliklar kuchaygan.
Ma’lumki Let Them Cake (aniqrog‘i Let them eat cake) naqli 1793 yilda qatl etilgan qirolicha Mari Antuanetta bilan bog‘liq. U non yo‘qligi bois och qolib, isyon ko‘targan qashshoqlardan g‘azablangan va "Nonlari yo‘q bo‘lsa, ana, tort yesinlar!" degan ekan. Xeyli Kalilning shu sahnaga taqlid qilib, video joylagani G‘azo sektorida Yahudiy davlati askarlari o‘ldirayotgan qurbonlar ustidan kulish, deya baholandi.
Keyinchalik Kalil foydalanuvchilardan uzr so‘rab chiqib chiqdi. “Yulduz” qiz uni shunchaki Met Gala arafasida o‘tkazilgan ziyofatga chaqirishganini, tadbirda ishtirok etmaganini bildirdi. G‘azo fojialari haqida gapirmaganini esa, “yetarlicha ma’lumotga ega emasligi” bilan izohladi.
"Mashhur yulduzlarni va inflyuenserlarni bloklash kerak. Muhtojlarga yordam berish uchun biz ularga bergan hamma narsamizni: layklar, sharhlar va pullarimizni qaytarib olish vaqti keldi”, deyishmoqda flesh-mob ishtirokchilari.
Ta’kidlash kerak, Isroilning insoniyatga qarshi jinoyatlari va xunrezliklariga qarshi chiqayotganlarning ko‘p qismi musulmonlar emas, ular shunchaki insoniyligini yo‘qotmagan, turli millat va dinlarga mansub odamlardir.