March 18

Farg‘onada “Agrobank” sobiq mansabdorlarining kirdikorlari oshkor bo‘ldi

Jumladan, omonatchilardan birining 600 mln. so‘m mablag‘i kirim qilinmasdan, o‘zlashtirib yuborilgan.

"Agrobank" Farg‘ona filiali sobiq mansabdoriga o‘qilgan sud hukmi bo‘yicha apellyatsiya qanoatlantirilmadi. Apellyatsiya instansiyasi ajrimi nusxasi Platina.uzda mavjud. Ushbu hujjatda bankning qator amaldorlarining noqonuniy hatti-harakatlari ham oshkor qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, ilgari "Agrobank" Farg‘ona filiali boshqaruvchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan M.A JKning 59-moddasi tartibida 1 yil 6 oy bank sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 6 axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan.
Hukmga ko‘ra, “Agrobank” ATB Farg‘ona filiali boshqaruvchisi X.O, filial Buxgalteriya hisobi va hisoboti bo‘limi bosh buxgalteri A.T, filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari - Front ofis boshlig‘i M.A va kassir Sh.Blar oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lib, omonatchi Z.Zning xabarisiz uning 600.000.000 so‘m mablag‘ini boshqa maqsadlarda chiqim qilishib, omonatchining plastik kartasiga o‘zlarining pullaridan bank orqali oyma-oy pul o‘tkazishib, o‘zgani juda ko‘p miqdordagi mablag‘ini o‘zlashtirishgan.
Shuningdek, ular kunlik kassa hujjatlari ma’lumotlarini soxtalashtirishib, bankning juda ko‘p miqdordagi 1.853.941,0 ming so‘mini;
- “Fergana-Oseana” MCHJ xorijiy korxonasining hisob-raqamidan MCHJ mas’ul shaxslarining xabarisiz 2023 yil 29 mayda 1 582,0 mln. so‘m naqd pullarni chiqim qilishib, kunlik kassa hujjatlari ma’lumotlarini soxtalashtirishib, o‘zgani juda ko‘p miqdordagi 1 582,0 mln. so‘mini o‘zlashtirib va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan;
- bank mijozlari tomonidan 2023 yil iyun oyiga qadar hisob-raqamlariga kirim qilish uchun aslida topshirilmagan naqd pullarni kirim qilishib, kirim qilingan naqd pullarni esa pul omboriga yo‘naltirishmasdan, jami 482.920,4 ming so‘mni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilib yuborishgan va bu pullarni naqd shaklda mijozlarga kassa terminallari orqali berib, plastik kartalarga xizmat ko‘rsatilganligini aks ettirishib, davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazganlikda aybli deb topilgan.
M.A himoyachisi bilan birgalikdagi shikoyatida, harakatida o‘zlashtirish, mansab soxtakorligi va mansab vakolatini suiiste’mol qilish jinoyatlari tarkibi yo‘qligi sababli oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.
Lekin o‘rganishlar asnosida va guvohlar ko‘rsatmalariga ko‘ra sudlov hay’ati M.Aga oid sud hukmini o‘zgarishsiz, uning himoyachisi bilan birgalikdagi apellyatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topdi.
Masalan, M.A Z.Z tomonidan bankka 13 oyga yillik 22 foiz to‘lash sharti bilan 600 mln. so‘m omonatga qo‘yilgani, MAning “NCI” dasturidagi profili orqali Z.Z omonatga qo‘ygan 600,0 mln. so‘mni olmagan bo‘lsa ham olganligi haqida ma’lumot kiritib qo‘yganligi, har oyda omonat foizini o‘z yonidan berib, kassaga xuddiki naqd pul kirim qilinayotganligi haqida yozuv kiritib, mijozga bildirmaslik uchun plastik kartasiga pullarni to‘lagani isbotlangan.
Avvalroq “O‘zsanoatqurilishbank” Chilonzor filiali sobiq rahbarining kirdikorlari oshkor bo‘lgandi. U bank kredit mablag‘larini o‘zlashtirish orqali daromad ko‘rish jinoiy rejasini ishlab chiqqan.