May 11

382 nafar mutasaddi ishdan olindi

Ular Sayxunobod tajribasining joylardagi ijrosiga sustkashlik bilan yondashgan.

Charm va ipak sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev tuman darajasidagi 382 nafar mas’ul ishdan olinganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, aprel oyining o‘zida 365 ming aholi bandligi ta’minlangan va tadbirkorlikka jalb qilingan. Banklar o‘z mijozlarining muammolarini hal qilib, 115 ming kishining ishli bo‘lishiga sharoit yaratgan. Mahallalarda 70 mingta mikroloyiha amalga oshirilgan. 465 ming gektar tomorqaga ekin ekilgan.
"Lekin ayrim hududlarda sustkashliklar ham bor. Masalan, o‘rganish o‘tkazilgan 7 ta tumanda o‘nlab tomorqalarda mahsulot ekilmagan. Sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun tuman darajasidagi 382 nafar mas’ullar ishdan olingani ma’lum qilindi", deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Davlat rahbari bandlik va aholi daromadi masalasi birlamchi ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ta’kidlab, barcha darajadagi rahbarlarni ogohlantirdi.
Sayxunobod tajribasi bo‘yicha ishlarni tuman va mahalla kesimida sifatli tashkil etish, aholiga doimiy ish o‘rni va daromad manbai yaratish bo‘yicha vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.