January 13

Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqovning 14-yanvar — “Vatan himoyachilari kuni” hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi!


Aziz yurtdoshlar! Muhtaram askar va serjantlar, ofitserlar! Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Sizlarni, sizlar orqali esa o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ va sharafli ishga bag‘ishlagan mard va jasur harbiylarimizni, shuningdek, Kogon tumanining barcha aholisini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Vatan himoyasi — har qanday jamiyat va davlat taraqqiyotining mustahkam poydevori hisoblanadi. Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan izchil islohotlar jarayonida Qurolli Kuchlarimiz mamlakatimiz tinchligi, osoyishtaligi, hududiy yaxlitligi va xalqimiz farovon hayotining ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

So‘nggi yillarda Prezidentimiz — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni rahnamoligida milliy armiyamizni zamonaviy talablarga mos ravishda rivojlantirish, uning jangovar salohiyatini mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini tubdan yangilash borasida keng ko‘lamli va samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Harbiy xizmatchilar va faxriylarning Vatan va xalq oldidagi fidokorona xizmatlarini munosib qadrlash, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, ularning oilalari hamda farzandlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Har bir yurt o‘g‘lonining eng oliy burchi — Ona Vatan, xalq va oilasi tinchligini ta’minlash, muqaddas zaminimizni ko‘z qorachig‘idek asrashdir. Ana shunday mas’uliyatli va sharafli vazifani yuksak sadoqat, mardlik va jasorat bilan ado etib kelayotgan harbiy xizmatchilarimiz, serg‘ayrat yosh ofitserlarimiz va tajribali faxriylarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Ayniqsa, bugungi kunda yurtimiz tinchligi yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan yosh askarlarimizning qat’iyati, vatanparvarlik ruhi va jismoniy hamda ma’naviy tayyorgarligi kelajagimizga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlamoqda.

Fursatdan foydalanib, o‘z farzandlarini — Qurolli Kuchlarimizning askar va ofitserlarini Alpomishdek botir, jasur va vatanparvar insonlar etib tarbiyalagan barcha ota-onalarga, shuningdek, harbiylarimiz bilan hayotning quvonch va tashvishlarini doimo baham ko‘rib kelayotgan ularning rafiqalari va oila a’zolariga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli vatandoshlar!

Ona Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, mamlakatimiz mudofaa qudratini yuksaltirishdek sharafli vazifa siz, aziz o‘g‘lonlar zimmasida ekan, doimo to‘rt muchangiz sog‘, qaddingiz tik, g‘ururingiz baland bo‘lsin. Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt-saodat, xizmat faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar va yuksak zafarlar tilayman.

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, Vatanimiz abadiy bo‘lsin!

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz Vatan himoyachilari!

Hurmat va ehtirom bilan, Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqov!