Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqovning tuman aholisiga giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha murojaati.
Bugungi kunda asr vabosi bo‘lgan narkomaniya va ongni o‘zgartiruvchi vositalarning noqonuniy tarqalishi insoniyat genofondi, xonadonlar osoyishtaligi hamda jamiyat barqarorligiga jiddiy xavf solayotgan eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.
Ushbu mudhish illat, ayniqsa, ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlarning hayotini izdan chiqarib, ularning mukammal ta’lim olishi, halol mehnat qilishi va jamiyatda munosib o‘rin egallashiga katta to‘sqinlik qilmoqda.
Yurtimizda har bir fuqaroning salomatligini asrash, yosh avlodni yot illatlardan himoya qilish hamda narkojinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi qat’iy kurash olib borish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu bois tumanimiz hududida ham giyohvand moddalar savdosiga chek qo‘yish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida qonun ustuvorligini ta’minlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Aziz tumandoshlar!
Giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas. Bu qabih illatni bartaraf etishda ota-onalar, ustoz va murabbiylar, mahalla faollari, ziyolilar hamda keng jamoatchilikning hamjihatligi nihoyatda muhimdir.
Har birimiz farzandlarimiz tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashib, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishimiz, sport, ilm-fan, kitobxonlik va zamonaviy kasb-hunarga yo‘naltirishimiz zarur.
— giyohvand moddalarning har qanday ko‘rinishdagi savdosi va iste’moliga nisbatan mutlaqo murosasiz bo‘lishga;
— yoshlarni sport, sifatli ta’lim, kitobxonlik va tadbirkorlikka keng jalb etishga;
— oilaviy qadriyatlarni asrash hamda mahallalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirishga chorlayman.
Shuningdek, atrofingizda kuzatilayotgan shubhali holatlar, taqiqlangan moddalar savdosi yoki iste’moli haqida tegishli tashkilotlarga zudlik bilan xabar berishingizni so‘rayman.
Unutmang, jismonan va ma’nan sog‘lom avlod — davlatimiz tayanchi, millatimiz faxri va yurtimiz kelajagidir. Farzandlarimizning xavfsiz va baxtli kelajagini ta’minlash barchamizning muqaddas burchimizdir.
Keling, tumanimiz tinchligi va yoshlarimiz kelajagi yo‘lida giyohvandlikka qarshi birgalikda kurashaylik!