June 17

Bir mushtning bahosi!

Tungi shahar. Ko‘ngilochar maskan. Odamlar dam olish ilinjida. Ammo bir lahzalik jahl, bir musht va bir noo‘rin harakat nafaqat bir insonning salomatligiga, balki boshqa bir insonning taqdiriga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.


Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudida ko‘rilgan ish ana shunday voqealardan biri bo‘ldi. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, Buxoro shahridagi tungi klub oldida yuz bergan janjal vaqtida fuqaro Olimov Olim Toxirovich (ism sharifi o‘zgartirilgan) Aminova Amina Negmatovna (ism sharifi o‘zgartirilgan)ning yuz qismiga musht tushirgan. Natijada jabrlanuvchi A.Aminovaga o‘rta og‘irlikdagi tan jarohati yetkazilgan.


Eng achinarlisi, bu voqea shaxsiy kelishmovchilik doirasidan chiqib, jamoat joyida, boshqa fuqarolarning ko‘z o‘ngida sodir etilganidir. Chunki bezorilikning xavfi ham aynan shunda — u nafaqat bir shaxsga qarshi qaratilgan harakat, balki jamiyatga, jamoat tartibiga nisbatan hurmatsizlikning ochiq ko‘rinishidir.


Sud muhokamasida sudlanuvchi aybini tan oldi, qilmishidan pushaymonligini bildirdi hamda jabrlanuvchining davolanish xarajatlarini qopladi. Jabrlanuvchi tomon ham da’vosi yo‘qligini ma’lum qildi. Biroq, Qonun oldida javobgarlik baribir muqarrar. Zero, yetkazilgan zarar qoplangani jinoyatning o‘zi sodir etilmagan degani emas.

Sud tomonidan jinoyat ishining barcha holatlari atroflicha o‘rganilib, aybdor Olimov Olim Toxirovich (ism sharifi o‘zgartirilgan)ga nisbatan 1 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.


Bu voqea barchamiz uchun muhim xulosa chiqarishga undaydi. Ba’zan inson bir necha soniyalik ehtiros yoki jahl ta’sirida shunday xatoga yo‘l qo‘yadiki, uning oqibatlari yillar davomida sezilib turadi. Bir musht bir insonga jarohat yetkazsa, ikkinchi insonni sudlanuvchilar o‘rindig‘iga olib kelishi mumkin.


Shu bois jamiyatda qonun ustuvorligi, o‘zaro hurmat va muomala madaniyatini qaror toptirish har birimizning vazifamizdir. Zero, tinchlik va osoyishtalik avvalo har bir fuqaroning o‘z xatti-harakatiga mas’uliyat bilan yondashishidan boshlanadi.

N.U.Sharopov
Buxoro viloyat sudining sudyasi

Q.I.Xolov
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudining raisi