KOGON TUMANI HOKIMI OTABEK QAZOQOVNING BAYRAM TABRIGI
Assalomu alaykum, qadrli tumandoshlar, aziz kogonliklar!
Avvalo barchangizni xalqimizning Eng ulug‘ va eng aziz bayrami – Mustaqilligimizning tarixiy 34 yilligi bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman. Jonajon Vatanimizning hurlik va ozodlikda o‘tgan har bir yili, har bir kuni, har bir daqiqasi tarix zarvaraqlariga yozishga arzigulik yutuqlarga boy bo‘lmoqda. Ayniqsa, so‘nggi 9 yil Kogon va kogonliklar hayotiga ham tub o‘zgarishlar, misli ko‘rilmagan yangilanishlarni olib kirdi.
Hurmatli Prezidentimiz rahbarliklarida mard va matonatli xalqimiz tomonidan amalga oshirilgan olamshumul ishlar tufayli mahalla va qishloqlarimiz qiyofasi tobora ochilib, obodlikka yuz tutdi. Aholining hayot darajasi va turmush sifati yuksaldi.
Tumanda aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirildi. jumladan:
- 2025-yil boshida tumanda ishsizlik darajasi 5,6 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ushbu ko‘rsatkichni 1,9 foizga tushirishga erishdik.
- Kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilgan tizimli va amaliy ishlar, natijasida 1722 ta kambag‘al oilalardan 571 tasi kambag‘allikdan chiqarildi.
- Joriy yil ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni doimiy daromadga ega qilish maqsadida 5 ming 250 nafar ishsiz ayollarning bandligi ta’minlandi.
Tumanimizda qurilish va obodonlashtirish borasida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi: Choloki mahallasi “Qasri orifon” qishlog‘iga rasman “turizm qishlog‘i” maqomi berildi. Qishloqda zamonaviy infratuzilma, 17 ta oilaviy mehmon uylari, 4 ta mehmonxona, 1 ta umumiy ovqatlatlanish shaxobchasi hamda maishiy xizmat ko‘rsatish xizmatlari yo‘lga qo'yildi. Niyoz-hoji mahallasida 2 qavatli, Mustaqillik va Sarayon mahallalarida esa 3 qavatli ko‘p tarmoqli yangi mahalla markazlari qurilib, foydalanishga topshirildi. Suxor mahallasida 5-maktabning 660 o‘rinli yangi binosi, Istiqbol mahallasida 16-maktabning qo‘shimcha 240 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurilib foydalanishga topshirildi. Yangi-hayot va Choloki mahallalarida 2 ta 120 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim muassasalari foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Navro‘z mahallasida 90 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.
Tuman aholisining maroqli dam olishi uchun Niyozhoji mahallasi hududida istirohat bog‘i, kreativ ko‘rgazmali uslublardan foydalangan holda shaxmat maydonchasi tashkil yetilib, tez fursatda foydalanishga topshiriladi.
Bundan tashqari, istirohat bog‘ida Yoshlar markazi barpo etilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda qurilish ishlari to‘liq tugatilib, jihozlash ishlari davom etmoqda.
Nurafshon mahallasi hududida zamonaviy 200 nafar yoshlar shug‘ullanishlariga mo‘ljallangan sport zal qurilib foydalanishga topshirildi. Niyoz-hoji mahallasida sun’iy qoplamali mini futbol maydonchasi tashkil qilindi. Saroy oilaviy shifokorlik punktining Beklar mahallasidagi filiali hamda 24-oilaviy poliklinikaning Tutkunda mahallasi filiallarining yangi binolari qurildi. Davlat dasturi asosida O‘bacho‘li, Kogon, Tuniroq, Tutkunda, Niyozhoji, O‘rtacho‘l, Nurafshon, O‘zbekiston mahallalari hududida keng ko‘lamda tuproq yerlarini shag‘allashtirish, qora qoplamada hosil bo‘lgan chuqurlarni yamash rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 7 km tuproq yerlar shag‘allashtirildi.
B.Naqshband, Istiqbol, Beklar, Geofizika, Yangi hayot, Mustaqillik, Nurafshon, Siyozpoyon, Xo‘ja Yakshaba, Tuniroq mahallalarining 8 km mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarida asfaltlashtirish ishlari bajarilgan. Niyozhoji mahallasidan o‘tuvchi D-197 davlat ahamiyatidagi yo‘lning 2 km qismida tekislovchi qatlam qurish ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, 2025-yilning oxirigacha 7 km qo‘shimcha asfaltlashtirish ishlari rejalashtirilgan. Aholini elektr enargiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida 56 dona transformator punkti 161 km past kuchlanishli havo tarmog‘i mukammal ta’mirlandi.
Bundan tashqari, 2025-yilda jami 9 km gaz quvurlari rekonstruksiya qilindi va jami 10 km gaz quvurlari yer ostidan yer ustiga chiqarilib, tabiiy gaz ta’minotida yo‘qotishlar oldi olinishiga erishildi. Fermer xo‘jaliklari va tomorqa yerlarini sug‘orishni yaxshilash maqsadida Tutkundadan Nurafshongacha 4,28 km, Hukumatoboddan Geofizika orqali Beklargacha 4,2 km, Cholokidan Niyozhoji mahallasigacha esa 6 km ariqlar betonlashtirilib, ushbu ishlarga 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
Tumanimizda o‘tgan davr mobaynida jami 18 ta, 376 mlrd.so‘mlik loyihalar ishga tushirildi va 497 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida yiliga 1200 mlrd.so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish imkoni tug‘ildi.
Agrar sohada amalga oshirilgan kompleks ishlar natijasida: Fermer xo‘jaliklar tomonidan 2025-yilda 13 ming 74 tonna g‘alla hosili yetishtirilib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi. Ilg‘or pillachilarimiz joriy yilda 193 ming 700 tonna pilla yetishtirib, belgilangan rejani ortig‘i bilan bajarib, 7 mlrd. 748 mln. so‘m qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishdi.
Albatta, barchamizni xursand qiladigan bunday o‘zgarishlar ming-minglab oilalar hayotiga shodlik va baxt olib kelmoqda.
Qadrli do‘stlar!
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan joriy yilgi bayram tantanalarida istiqlolimizning o‘ttiz to‘rt yillik tarixi, ayniqsa Yangi O‘zbekistonning so‘nggi to‘qqiz yildagi tom ma’nodagi yuksalish davri davomida erishgan salmoqli yutuqlari, ulkan bunyodkorlik ishlari madh etilmoqda. Barchaning tilida shu yurtda, shu aziz Vatanda yashash baxtidan shukronalik tuyg‘ulari yangramoqda.
Inson intilishlari qadrlangan, uning manfaatlari ulug‘langan yurtda Vatan taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilgan, Uchinchi renesansni barpo etishda o‘z hissasini qo‘shayotgan turli soha egalarining fidokorona mehnatlariga zafarlar tilayman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, Yangi O‘zbekistonimiz shuhrati va qudratini oshirish, xalq farovonligini yanada yaxshilash yo‘lidagi olijanob ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.