October 21

Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqovning 21-oktabr “O‘zbek tili bayrami” munosabati bilan bayram tabrigi!

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar, qadrli kogonliklar!

Avvalo, Siz aziz ona tilimiz fidoyilari va butun tumanimiz ahlini bugungi shodiyona – 21-oktabr, O‘zbek tili bayrami kuni hamda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Til har bir millatning ulkan boyligi va bebaho mulki hisoblanadi. 1989-yilning 21-oktabrida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning mustaqillik sari qo‘ygan dadil qadamlaridan biri bo‘ldi. Bu bilan davlat va jamiyat boshqaruvining barcha sohalarida o‘zbek tilida ish yuritish hamda o‘zbek hujjatchiligini takomillashtirishga katta imkoniyat yaratildi. Qonun milliy ongning rivojlanishida, mamlakat mustaqilligining mustahkamlanishida, madaniy merosning tiklanishida muhim ahamiyat kasb etdi va uning qoidalari O‘zbekiston Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yildi.

Asosiy qonunimizning 4-moddasiga binoan O‘zbekistonning davlat tili o‘zbek tilidir. Respublikamiz sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan bir sharoitda qabul qilingan qonunga mustaqillikka erishilgandan so‘ng o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish zarurati yuzaga keldi. Natijada 1995-yil 21-dekabrda ushbu qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Ona tilimiz milliy o‘zligimizdir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi. Vatanimiz mustaqilligining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘zbek tilining ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Hurmatli tumandoshlar!

Modomiki, til ijtimoiy xarakterga ega ekan, ijtimoiy hayotdagi taraqqiyot tildagi taraqqiyotni belgilab beradi va, o‘z navbatida, til va tilshunoslikning taraqqiyoti jamiyat, davlat taraqqiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Buning isbotini bugungi kundagi dunyo manzarasidan topish mumkin – qaysi mamlakatda – jamiyatda tinchlik, farovonlik hukm surayotgan bo‘lsa, shu yerda til va tilshunoslik taraqqiy qilyapti va buning aksi bo‘lgan mamlakatlarda til va tilshunoslik rivoji haqida fikr yuritish amri mahol.

Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning: “Tilga ixtiyorsiz – elga e’tiborsiz” degan hikmatli so‘zlari chinakam millatsevarlik, vatanparvarlik tuyg‘ulari bilan yo‘g‘rilgandir. Zero, ona tilini hurmat qilmagan kishi nafaqat o‘zini, balki elini hurmat qilmagan bo‘lib chiqadi. O‘z davrida Navoiy turkiy til ravnaqi uchun ulkan xizmatlar qildi. U turkiy tilning ifoda ko‘lami forsiy tildan bir necha bor ustun ekanligini “Muhokamatul-lug‘atayn” nomli asarida isbotlab beradi.

Aziz tumandoshlar!

Barchangizni O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining o‘ttiz olti yilligi hamda 21-oktabr O‘zbek tili bayrami kuni bilan yana bir bor chin qalbdan samimiy tabriklayman.

Barcha pok niyatlarimiz ijobat bo‘lishini, Yaratganning o‘zi yurtimizni turli balo-qazolardan asrashini, birdamlik, do‘stlik va ahillik tuyg‘ulari yanada ziyoda bo‘lishini so‘rab qolaman. Barchangizga sihat-salomatlik, yangi-yangi yutuqlar, oilaviy xotirjamlik yor bo‘lsin, farzandlar, nabiralarning baxtu kamolini ko‘rish nasib etsin!