May 8

KOGON TUMANI HOKIMI OTABEK QAZOQOVNING BAYRAM TABRIGI!

Qadrli tumandoshlar! Aziz kogonliklar!

Avvalo, Siz, azizlarni yurtimiz hayotida alohida o‘rin tutadigan qutlug‘ sana — 9-may “Xotira va qadrlash kuni” hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk G‘alabaning 81 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bu muqaddas ayyom barchamizni o‘tganlarni xotirlash, bugungi tinch va osuda hayotning qadriga yetish, xalqimizning matonati va jasoratini yana bir bor yuksak ehtirom bilan yod etishga chorlaydi. Ayniqsa, fashizm balosiga qarshi kurashib, insoniyatning yorug‘ kelajagi yo‘lida o‘z jonini fido qilgan mard va jasur ota-bobolarimizning buyuk jasorati hech qachon unutilmaydi. Ularning Vatan, xalq va kelajak avlod oldidagi fidokorona xizmatlari bugungi avlod uchun chinakam jasorat va vatanparvarlik maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, front ortida fidokorona mehnat qilib, urushning og‘ir sinovli yillarida mashaqqat va qiyinchiliklarga bardosh bergan mehnat faxriylarining xizmatlari ham har qanday tahsinga munosibdir. Bugungi tinch-osoyishta va farovon hayotimizda ularning munosib hissasi borligini chuqur anglaymiz va faxr bilan e’tirof etamiz.

Bugungi dorilomon kunlarimizni asrash, Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish yo‘lida mardlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining yorqin xotirasini chuqur hurmat va ehtirom bilan yod etamiz. Ularning jasorati, Vatanga sadoqati va fidoyiligi har birimiz uchun ibrat maktabidir.

Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Kogon tumanida ham ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xotira marosimlari, uch avlod uchrashuvlari, madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, urush va mehnat faxriylari, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalari holidan xabar olinib, ularga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda. Bu kabi ezgu ishlarda xalqimizga xos mehr-oqibat, inson qadri va xotiraga bo‘lgan yuksak hurmat o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

Muhtaram tumandoshlar!

Barchamiz uchun eng ulug‘ ne’mat bo‘lgan tinchlik va osoyishtalikni asrash, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida birlashib yashash har birimizning muqaddas burchimizdir. Yurtimiz osmoni doimo musaffo, xalqimiz hayoti tinch va farovon bo‘lsin.

Sizlarni, aziz va mo‘tabar faxriylarimizni yana bir bor ushbu muborak ayyom bilan samimiy qutlayman. Barchangizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka va farovonlik tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!