Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqovning Qurbon hayiti munosabati bilan tuman ahliga bayram tabrigi!
Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar!
Avvalo, Siz azizlarni va tumanimizning barcha aholisini muborak Qurbon hayiti ayyomi bilan samimiy muborakbod etaman.
Qurbon hayiti — xalqimizning azaliy qadriyatlari, mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik va hamjihatlik kabi yuksak insoniy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan ulug‘ va qutlug‘ bayramdir. Ushbu muborak kunlarda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, xalqimiz farovonligi va dasturxonlarimiz to‘kinligi uchun Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.
Bugungi fayzli damlarda muqaddas Haj ibodatini ado etayotgan yurtdoshlarimiz ham Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz tinchligi va farovonligi yo‘lida ezgu duolar qilmoqdalar. Ishonamizki, ular ushbu muborak safardan yurtimizga yanada ulug‘ maqsadlar, pok niyatlar va ezgu fazilatlar bilan qaytadilar.
Qurbon hayiti kunlari mehr-muruvvat ko‘rsatish, keksalar holidan xabar olish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, qarindosh-urug‘ va yaqinlar bilan diydorlashish kabi ezgu amallar bilan yanada fayzli bo‘ladi. Shu bois barchamizni ushbu muborak ayyomni insoniylik, saxovat va hamjihatlik ruhida o‘tkazishga chorlayman.
Fursatdan foydalanib, tumanimizning barcha aholisiga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayz-u baraka, yurtimizga esa doimiy tinchlik va taraqqiyot tilayman.
Muborak Qurbon hayiti barchamizga qutlug‘ bo‘lsin!
Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va elimiz birdamligi yanada mustahkam bo‘lsin!