December 13

KOGON TUMAN HOKIMI OTABEK QAZOQOVNING “QISHLOQ XO‘JALIGI XODIMLARI KUNI” MUNOSABATI BILAN SOHA XODIMLARIGA BAYRAM TABRIGI!

Assalomu alaykum qadrli do'stlar! Muhtaram dehqon va fermerlar! Aziz soha fidoyilari!

Bugungi qutlug‘ ayyom bilan barchangizni, qolaversa butun tumanimiz ahlini “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni” bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu va samimiy tilaklarimni bildirishga ruxsat etgaysiz.

Barchamizga ayonki, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning eng qadimiy, hech qachon o‘z o‘rni va ahamiyatini yo‘qotmaydigan, shu bilan birga eng mas’uliyatli hamda mehnati og‘ir bo‘lgan kasblardan biri hisoblanadi.

Hukumatimiz tomonidan so‘ngi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ana shunday muhim sohaning zalvorli yukini o‘z yelkasida ko‘tarib kelayotgan mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va mutaxassislarni dunyodagi eng olijanob kasb egalaridir, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

Sayyoramizdagi global iqlim o‘zgarishlari, mintaqamizdagi ekologik muammolar qishloq xo‘jaligida har yili ilgari kuzatilmagan suv tanqisligi, turli hasharot va kasalliklarni ekin-tekinlarga katta xavf tug‘dirgani yangi-angi sinov va qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Biroq, ko‘pni ko‘rgan, doimo yer bilan tillashib, dardlashib yashaydigan tumanimizning dehqon va fermerlari ana shunday murakkab sharoitda ham omilkorlik bilan, boy bilim va tajribasi, ilm-fan yutuqlarini ishga solib, mo‘l hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘lmoqdalar.

Qadrli do‘stlar!

Mazkur bayram munosabati bilan sizlarni qutlar ekanman, sizlarning bu yilgi mashaqqatli mehnatingiz, erishilgan natijalar va oldimizda turgan rejalar haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Joriy 2025-yil hosili uchun 219 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 4511 gektar maydonda tumanimiz tuproq-iqlim sharoitimizga mos bo‘lgan g‘alla navlari parvarishlanib, natijada 13073 tonna g‘alla davlat zaxirasiga topshirildi. Shundan, 12902 tonna tovar va 171 tonna urug‘lik don mahsulotlaridan iborat.

Siz aziz soha fidoyilari hamda tumanimiz mirishkorlarining yil bo‘yi qilingan barakali mehnati evaziga davlat xirmoniga 27 ming 320 tonnadan ziyod "Oq oltin" topshirib, shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardik.

Qolaversa, pillachilik yo'nalishida 3222 quti ipak qurti parvarishlanib, natijada 193 tonna pilla hosili yetishtirib olindi.

Barchangizga ma’lumki, sug‘orish kanallari suv o‘tkazuvchanligini yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida tumanda bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan Davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-sentabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-330-sonli qaroriga asosan 3 ta mahallalarda 11,5 km uzunlikdagi sug‘orish tarmoqlari betonlashtirilib, rekonstruksiya qilindi.

Qayd etish o‘rinliki, joriy yilda chorvachilik yo‘nalishida barcha toifa xo‘jaliklarida qoramol bosh sonini 96 ming boshga yetkazish va go‘sht ishlab chiqarish hajmini 34,3 ming tonnaga yetkazish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda qoramol bosh soni 98 ming 200 boshga, go‘sht ishlab chiqarish hajmi 35 ming 600 tonnaga yetkazildi.


Joriy 2025-yilda erishilgan yutuqlarimiz ulkan, lekin shuni ta’kidlashimiz joizki qishloq xo‘jaligi sohasida oson va yengil yilning o‘zi bo‘lmaydi. Tabiat injiqliklari, suv resurslarining cheklangani, turli hasharot va zararkunandalar bilan kurashish har bir dehqondan katta azmu shijoat, mirishkorlik va tajribani talab etadi.

Muhtaram dehqon va fermerlar, qadrli soha fidoyilari!

Sizlarni yana bir bor Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan chin dildan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli va sharafli mehnat faoliyatingizda ulkan zafarlar, xonadonlaringizga qut-baraka va xotirjamlik hamisha yor bo‘lishini tilayman.

Yuksak hurmat va ehtirom bilan, Kogon tumani hokimi Otabek Nodirovich Qazoqov!