March 20

KOGON TUMANI HOKIMI OTABEK QAZOQOVNING NAVRO‘Z BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TUMANIMIZ AHLIGA YO‘LLAGAN TABRIGI!

Assalomu alaykum, aziz va muhtaram yurtdoshlar! Qadrli Kogonliklar!

Tabiat yana bir bor uyg‘onib, borliq yangi hayot nafasi bilan to‘lib borayotgan shu fayzli kunlarda yurtimizga eng go‘zal, eng qadimiy va eng ardoqli ayyomlardan biri — Navro‘z kirib kelmoqda.

Bu ulug‘ bayram nafaqat fasllar almashinuvi, balki qalblar yangilanishi, umidlar kurtak yozishi, mehr-oqibat va ezgulikning tantanasidir.

Shu muborak ayyom munosabati bilan Siz azizlarni, Sizlarning timsolingizda butun Kogon tumanimiz ahlini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

Hurmatli do‘stlar!

Bugungi Yangi O‘zbekiston sharoitida Navro‘z umumxalq bayrami sifatida yanada keng quloch yozib, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va boy ma’naviy merosimizning yorqin ifodasiga aylanib bormoqda. Bu bayram bizni yanada jipslashishga, birdamlik va hamjihatlikda yashashga undaydi.

Ayniqsa, “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oya ostida o‘tayotgan bugungi tantanalar har bir yurtdoshimiz qalbida faxr va iftixor tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda.

Bugun Kogonimizning har bir mahallasi, har bir ko‘chasi, har bir xonadoni bayramona kayfiyatga burkangan. Sayil va tantanalar, milliy o‘yinlar va qadimiy an’analarimiz yana bir bor o‘zining betakror jozibasini namoyon etmoqda.

Qadrli yurtdoshlar!

Navro‘z — bu tabiatga mehr, yerga ehtirom, mehnatga hurmat demakdir. Bu bayram bizni ona zaminni asrab-avaylashga, uni yanada obod qilishga chorlaydi.

Bugungi kunda tumanimizda ham keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. “Yashil makon” tashabbusi doirasida ekilayotgan har bir nihol — kelajak avlodlar uchun bunyod etilayotgan yashil merosdir.

Dalalarimizda esa fidoyi dehqon va fermerlarimiz yangi mavsumni katta ishonch bilan boshlab yubordilar. Ularning zahmatli mehnati — dasturxonlarimiz to‘kinligi, hayotimiz farovonligining mustahkam poydevoridir.

Shu fursatdan foydalanib, barcha zahmatkash dehqonlarimizga, fermerlarimizga va tomorqachilarimizga chuqur minnatdorlik bildirib, ularga mo‘l hosil, baraka va omad tilayman.

Aziz vatandoshlar!

Bugun yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, bunyodkorlik ishlari va taraqqiyot yo‘lidagi qat’iy qadamlar har birimizni ilhomlantiradi. Biz birgalikda yangi, obod va farovon jamiyat barpo etish yo‘lida dadil odimlamoqdamiz.

Navro‘z ruhi esa barchamizni ana shu ulug‘ maqsadlar sari birlashtirib, qalblarimizga yangi kuch va ishonch bag‘ishlaydi.

Muhtaram nuroniylarimiz, aziz opa-singillarimiz, kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarimiz!

Sizlarni ushbu qutlug‘ ayyom bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman!

Xonadoningizga fayzu baraka, qalblaringizga quvonch va xotirjamlik yor bo‘lsin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonlarimiz to‘kin bo‘lsin!

Navro‘z barchamizga sog‘lik, baxt va ulkan zafarlar olib kelsin!

Bayramingiz muborak bo‘lsin!