March 18

KOGON TUMANIDA "NAVRO'Z" BAYRAMI KO'TARINKI RUHDA TANTANA QILINDI

Xalqimizning ezgu qadriyatlarini, uning olijanob orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan Navro‘z bayrami mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. Bu qutlug‘ bayram insonning tabiat bilan uzviyligi, xalqimizning mehr-oqibat, hamjihatlik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik kabi bebaho xislatlarini o‘zida ifodalaydi.

Jannatmakon yurtimizda bu yilgi Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanayotgani bilan yanada esda qolarli bo‘lmoqda. Shu bois ushbu qutlug‘ oyda bir-birimizga o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatish, tabarruk keksalarimizni yo‘qlash, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olish, hasharlar o‘tkazib, yurtimizni yanada obod qilish kabi savobli ishlarimiz bu yilgi Navro‘zning fayziga fayz qo‘shmoqda.

Mahalla va qishloqlar, ovul, ko‘cha va xiyobonlarda umumxalq sayli tarzida, yuqori kayfiyatda tantana qilinayotgan bu yilgi "Navro‘z" bayramini kogonliklar ham munosib kutib olib, shod- xurramlik bilan nishonlamoqdalar.

Xususan bayram munosabati bilan bugun, 18 mart kuni tuman Markaziy o‘yingohida "Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!" shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Dastlab,tadbirda Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqov so‘zga chiqib, shunday xalqchil islohotlar natijasida yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani singari Kogon tumanida ham ko‘plab zamonaviy korxonalar, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlari, shinam turar-joylar barpo etilayotgani, yangidan qurilayotgan maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot, sport inshootlari qolaversa mahallalarimizda “Obod mahalla” mezoni asosida yangicha qiyofa kasb etib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilayotgani va buning natijasida dunyo jamoatchiligi mamlakatimizda yuqori sur’at bilan olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, ko‘plab xayrli ish va loyihalar ro‘yobga chiqarilayotganini alohida e’tirof etayotganini ta’kidlab, barcha kogonliklar va mehmonlarni Navro‘zi olam shodiyonasi bilan samimiy muborakbod etdi.

Shundan so‘ng bayram tantanasining tomosha maydonida milliy kurash, bo‘yicha sport musobaqalari, shuningdek, bir-birini takrorlamaydigan varrak uchirish, arqon tortish kabi milliy xalq o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Folklor jamoalarining badiiy chiqishlari esa yurtdoshlarimiz bayram kayfiyatini yanada ko‘tardi. Shuningdek, tadbir qatnashchilari mohir oshpazlar tomonidan tayyorlangan bahoriy taomlar mazasidan bahramand bo‘ldilar.

Navro‘z saylining asosiy qismida o‘zbek estradasining yorqin yulduzi Hulkar Abdullayeva hamda viloyatimiz iste’dodli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan diltortar taronalar bilan yanada fayzli o‘tdi.

Yillar davomida ota-bobolarimiz bu ulug‘ ayyomni qanday pok niyat va yorug‘ umidlar bilan kutib olgan bo‘lsalar, bugun ham xalqimiz mana shunday baland kayfiyat bilan Navro‘zga peshvoz chiqmoqda.

|Kogon tumani hokimligi axborot xizmati