Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqovning Ramazon Hayiti munosabati bilan tuman ahliga bayram tabrigi!
Assalomu alaykum, muhtaram tumandoshlar, aziz kogonliklar!
Muqaddas Ramazon oyining yakuni sifatida yurtimizga kirib kelgan ulug‘ va muborak ayyom — Ramazon Hayiti bilan Sizlarni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bu qutlug‘ bayramning bahor nafasi bilan uyg‘unlashib, Navro‘z ayyomi bilan mushtarak tarzda nishonlanayotgani qalblarimizni yanada poklab, mehr-oqibat, saxovat va bag‘rikenglik tuyg‘ularini mustahkamlamoqda.
Ramazon Hayiti asrlar davomida xalqimizning ezgu qadriyatlari, iymon-e’tiqodi va ma’naviy poklanish timsoli sifatida yuksak e’zozlab kelinayotgan buyuk ayyomdir. Bir oy davomida sabr-toqat bilan ado etilgan ro‘zalar, qilgan ezgu amallar va dilimizdagi pok niyatlar bugun o‘zining munosib mukofotini topayotgan ayni saodatli damlardir.
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari va ezgu tashabbuslar Ramazon Hayitining insonparvarlik, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi ulug‘ fazilatlari bilan hamohangdir.
Shu kunlarda zahmatkash dehqon va fermerlarimiz yangi mehnat mavsumini katta ishonch va umidlar bilan boshlamoqdalar. Ularning mashaqqatli mehnati barakali bo‘lib, yurtimiz dasturxoni to‘kin, rizqimiz mo‘l bo‘lishiga xizmat qilsin.
Muqaddas oy davomida qilingan barcha duolar ijobat bo‘lishini, bemorlarimizga shifo, muhtojlarga madad, har bir xonadonga fayz-u baraka kirib kelishini tilayman. Mehr-oqibat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tuyg‘ulari yanada mustahkam bo‘lsin.
Ushbu fayzli va nurafshon ayyomda nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, mehribon opa-singillarimizni, kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarimizni alohida ehtirom bilan tabriklayman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, baxt-u saodat tilayman. Tutgan ro‘zalaringiz, qilgan ibodatlaringiz Yaratgan dargohida qabul bo‘lsin.
Muqaddas Ramazon Hayiti yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlab, qalblarimizni iymon nuri bilan munavvar etsin!
Yana bir bor barchangizni ushbu ulug‘ bayram bilan muborakbod etaman!
Hurmat va ehtirom bilan, Otabek Qazoqov Kogon tumani hokimi.