Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqovning Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan tumanimiz ahliga tabrigi!
Assalomu alaykum qadrli do‘stlar, aziz tumandoshlar!
Qalblarimizni eng ulug‘, eng aziz ayyom shukuhi to‘lqinlantirib turgan shunday dorilomon kunlarda Sizlar bilan yurtimizdagi ulug‘ bayram – Qurbon hayitini keng nishonlamoqdamiz.
Fursatdan foydalanib, barcha tumanimiz ahlini va mehmonlarini ezgulik va mehr-oqibat tantanasi bo‘lgan – Qurbon hayiti ayyomi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Qurbon hayitining ma’naviy hayotimizda olijanob fazilatlarni, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Bu qutlug‘ ayyomda hammamiz, avvalo, mana shunday fayzli va barakotli kunlarga yetkazgani, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo ekanligi uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytamiz.
Mana shunday saodatli damlarda HAJ amallarini ado etayotgan tumandoshlarimiz bugungi dorilamon kunlar uchun shukronalar aytib, Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab xayrli duolar qilmoqdalar. Ishonchim komilki, bunday ulug‘ ibodatni ado etish sharafiga muyassar bo‘lgan mo‘min-musulmonlarimiz ona-Vatanimizga qaytgach, shaxsiy hayotda, ijtimoiy faoliyatda boshqalarga ibrat va namuna ko‘rsatadilar, yoshlarni fidoyi va vatanparvar etib tarbiyalash, adashgan insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdek savob ishlarga munosib hissa qo‘shadilar.
Qadrli va muhtaram tumandoshlarim!
Qurbon hayiti – ulug‘ bayram. Shuning uchun bu kunni yaqinlarimizni yo‘qlab ularning holidan xabar olish, yoshi ulug‘larni ziyorat qilish, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, oilalarga xursandchilik ulashish va bayramning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan amali solihlar bilan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Hayit kunlarini g‘animat bilib, barcha gina-kuduratlarni unutib, kechirimli bo‘lish musulmon kishiga xos bo‘lgan go‘zal fazilatlardandir.
Ushbu muborak ayyomda davlatimiz rahnamoligida yurtimiz ravnaqi, diyorimizning osoyishtaligi, xalq farovonligi yo‘lida olib borilayotgan barcha xayrli ishlarda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lishini so‘rab qolaman. Ushbu ulug‘ ayyom kunlarida barcha tumanimiz xalqini, barcha do‘stlarimizni samimiy qutlab, ularga tinchlik va xotirjamlik, taraqqiyot hamda farovonlik tilayman. Barchangizni muborak Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi yanada mustahkam va barqaror bo‘lsin!