June 17

Bir soniyalik e’tiborsizlik fojiasi.

Yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik har doim ayanchli yakun topadi. Kogon tumanida sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi ham bir insonning bevaqt o‘limi va yana bir oila boshlig‘ining sudlanishi bilan tugadi.


2024-yil 24 oktabr kuni soat 15:50 larda haydovchi Boltayev Bobir Teshayevich (ism sharifi o‘zgartirilgan) “Isuzu” rusumli yuk mashinasida harakatlanib borayotib, tezlik va ehtiyotkorlik choralarini buzadi. Natijada, yo‘lni velosipedda kesib o‘tayotgan 75 yoshli Temirov Temir Nurovichni (ism sharifi o‘zgartirilgan) urib yuboradi. Jabrlanuvchi olingan og‘ir jarohatlar tufayli voqea joyida vafot etadi.


Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudi mazkur ishni ko‘rib chiqdi. Sud hukm chiqarishda haydovchi aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan qattiq pushaymon bo‘lganligini, marhumning oilasiga yetkazilgan barcha moddiy va ma’naviy zararlar to‘liq qoplab berilganligini, jabrlanuvchining qonuniy vakili haydovchiga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini inobatga olib, sud


Boltayev Bobir Teshayevich (ism sharifi o‘zgartirilgan)ni O‘zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topib, unga shu modda bilan O‘zbekiston Respublikasi JKning 45,57-moddalarini qo‘llab, 1 (bir) yil muddatga muayan huquqdan, ya’ni barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda, 3 (uch) yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.


Xulosa qilib aytganda, yo‘ldagi har bir soniya hushorlikni talab qiladi. Birgina xato tufayli bitta umr barvaqt yakunlandi, yana bir inson esa mahkumga aylandi. Yo‘llarda o‘zingiz va o‘zgalar hayotiga befarq bo‘lmang!

N.U.Sharopov
Buxoro viloyat sudining sudyasi

Q.I.Xolov
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudining raisi