Today

Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqovning 1-oktabr Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi!

Assalomu alaykum, Qadrli Ustoz va Murabbiylar!

Avvalambor, siz azizlarni bugungi bayram - O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga yuksak ehtiromim va eng samimiy tilaklarimni izhor etaman. Insoniyat hamisha Sizdek buyuk zotlar qarshisida qarzdor. Chunki hayot taraqqiyotida bugunga qadar nimagaki erishilgan bo‘lsa, bunda eng avvalo Ustozning, Muallimning xizmatlari beqiyos.

Inson hayotini Ustozsiz, muallimsiz tasavvur etish mumkin emas. Chunki ular hayotimizni nurafshon etib turuvchi charog‘bonlar, insoniyatni ezgu yo‘lga boshlab borayotgan sarbonlardir. Ularsiz hayotimiz zulmatga, yo‘llarimiz jaholatga yuz tutgan bo‘lardi.

Shu bois ham azal-azaldan Ustoz-muallimlarning mavqei ota kabi ulug‘ sanalgan va bugun ham jamiyatda ular eng nufuzli va obro‘li kasb egalari sifatida e’zozlanib kelmoqda.

Bugun ham mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarning maqomini, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish – davlat siyosatining eng muhim, hal qiluvchi yo‘nalishiga aylandi.

Muhtaram Prezidentimiz “Jamiyatimizdagi eng jonkuyar, vatanparvar, xalqparvar insonlar, zamonamizning eng ilg‘or kishilari – bu avvalo ustoz va muallimlardir.Shu sababli xalqimiz o‘zining eng katta boyligini – farzandlari tarbiyasini sizlarga ishonib topshiradi” deya alohida e’tirof etdilar.

Albatta, bu e’tirof, bu ishonch ortida juda katta mas’uliyat, burchdorlik hissi mujassam.

Xalq farzandini o‘z farzandi kabi aziz bilgan, uning kelajagi uchun kuyungan va baxtu saodati uchun astoydil jon kuydirayotgan qadrli Ustoz va Murabbiylar!

Ustozlik, muallimlik –oliy martaba, sharaf. Insoniyatni yorug‘likka yetaklamoq va uning qalbini ezgulikka to‘ldirmoq buyuk ishdir aslida. Ana shunday buyuk ishda barchangizga kuch-quvvat tilayman.

Hamisha sog‘-omon bo‘ling, bayramingiz muborak bo‘lsin!