Today

KO‘ZA KUNDA EMAS, KUNIDA SINADI!

Erkin yashash baxti insonga in’om etilgan eng oliy baxtdir. Umrni maqsadli yashab o‘tish har kimning o‘ziga, aqliga, ma’naviyatiga, odobiga bog‘liqdir. Sudlanuvchi Pulatov Erkin Eshpulatovich (ism sharifi o‘zgartirilgan) esa o‘zining guldek hayotini go‘yoki to‘polon bilan oqayotgan daroga o‘zi qo‘li bilan g‘arq qilganlar toifasiga mansub desak hech mubolag‘asi yo‘q.

Gap shundaki, sudlanuvchi E.Pulatov 2024-yil 22 sentabr kuni kech soat 23:00 larda spirtli ichimlik iste’mol qilgan mast holatda o‘zi yashab kelayotgan Kogon tuman “Niyoz hoji” MFY, “Ganchkash” qishlog‘ida Muradov O‘tkir Tursunovich (ism sharifi o‘zgartirilgan) bilan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjallashib, janjal vaqtida sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan O‘.Muradovni qorin oldi sohasidan qasddan urib, unga qasddan badanga og‘ir shikast yetkazgan. Pichoqning o‘tkir tig‘i O‘.Muradovni qorin oldi sohasiga urib suqqanligi, so‘ngra IIB xodimlari yetib kelib, uni Kogon shahar tibbiyot birlashmasiga olib ketishganligini bildirgan.

Sudlanuvchi E.Pulatov sudda O‘.Muradov bilan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjallashib qolganligini, janjal vaqtida oshxona pichog‘i bilan O‘.Muradovni qorin oldi sohasidan qasddan urib, unga og‘ir shikast yetkazganligini, qilmishidan pushaymondaligini, jabrlanuvchi O‘.Muradovga yetkazilgan zararni to‘liq qoplab berganligini, unga nisbatan jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini, qonuniy yengillik berishni so‘ragan.

Sudlanuvchi Pulatov Erkin Eshpulatovich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 104-moddasi 2-qismining “l” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga shu modda bilan JKning 57-moddasini qo‘llab 4 (to‘rt) yil 6 (olti) oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

QOSIM XOLOV Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon tuman sudining raisi