KOGON TUMANI HOKIMI OTABEK QAZOQOVNING BAYRAM TABRIGI!
Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar! Qadrli opa-singillar!
Avvalo, siz aziz tumanimiz xotin-qizlarini qolaversa butun yurtimiz ayollarini 8-mart – "Xalqaro xotin-qizlar" kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Inson hayoti va jamiyat rivojida muqaddas Ona zoti, munis ayollarimizning beqiyos o‘rnini oddiy so‘zlar bilan ifoda etish nihoyatda qiyin vazifa. Mana shunday qutlug‘ ayyom kunlarida siz, azizlarning sha’ningizga har qancha madhiyalar aytmaylik oz albatta. Bu yorug‘ dunyoni quyoshsiz, yer-u osmonsiz tasavvur etib bo‘lmaganidek, hayotimizni ham mo‘’tabar onalarimiz, mehribon ayollarimizdan ayri holda tasavvur etolmaymiz.
Aziz va muhtarama opa-singillar!
Ayollarimiz mamlakatimizning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy hayotidagi barcha sohalarda, xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ma’rifat, madaniyat va boshqa sohalarda samarali mehnat qilishmoqda. Hech kimga sir emas, ayol zoti haqida, uning qanday tengsiz latofat va nafosat sohibasi, ezgulik va fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning fayzu farishtasi ekani haqida tariximizda ulug‘ mutafakkirlar, shoir va allomalar qancha-qancha dil so‘zlarini bayon etganlar.
Bu haqda gapirganda, avvalo, buyuk shoir, alloma Mir Alisher Navoiy hazratlarining "Jannat onalarning oyog‘i ostidadir" degan hikmatli so‘zlarini yana bir bor eslaymiz va mehribon, muqaddas Ona siymosi oldida barchamiz bosh egib ta’zim qilamiz.
Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun muhabbat, vafo va sadoqat timsoli bo‘lib kelayotgan Siz, go‘zal va betakror, qadrdon ayollarimiz haqida ko‘plab ta’riflar keltirish mumkin.
Bu borada Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Bugungi farovon hayotimiz ham, yorug‘ kelajagimiz ham, albatta, oila va jamiyatning ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan ayollarga bog‘liqdir. Agar biz xalqimiz bizdan rozi bo‘lishini xohlasak, avvalo, mo‘tabar onalarimiz, opa-singillarimiz, qizlarimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak. Chunki ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi” degan so‘zlari har jihatdan ibratlidir.
Hurmatli onaxonlar, munis opa-singillar!
Mening tilagim va niyatim bitta — oilangiz, farzandlaringiz, el-urtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘linglar! Nega deganda, ayollarimizning baxti — xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir. Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman. Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lish hammangizga nasib etsin!