January 14, 2025

Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqovning 14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni” va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi.

Assalomu alaykum Qadrli kogonliklar! Hurmatli askar va serjantlar, ofitserlar! Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Avvalo Sizlarni va Sizlar orqali o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan azmu shijoatli harbiylarimizni hamda barcha tumandoshlarimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.


Hozirgi vaqtda butun jamiyatimizda, jumladan, Qurolli Kuchlarimiz tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlarda “Inson qadri uchun” degan muhim tamoyil markaziy o‘ringa qo‘yilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum.


Shu asosda milliy armiyamiz saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiylar, muhtaram faxriylarimizning Vatan va xalq oldidagi xizmatlarini munosib qadrlash, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, kundalik hayotidagi muammolarini hal etishga ko‘maklashish, ularning oilasi va farzandlarini ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlarimiz yildan-yilga yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.


Mutafakkir shoir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, o‘z oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir.


Biz sizlar bilan — ana shunday g‘oyat mas’uliyatli va oliyjanob vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtga sadoqatli o‘g‘lonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.


Fursatdan foydalanib, o‘z farzandlarini — Qurolli Kuchlarimizning askar va ofitserlarini Alpomishdek botir, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiylarimiz bilan hayot quvonchi va tashvishlarini doimo baham ko‘rib kelayotgan ularning rafiqalari va oila a’zolariga katta rahmat aytishni o‘zimning burchim, deb bilaman.


Qadrli do‘stlar!


Ona Vatanga xizmat qilish, davlat xavfsizligi va chegaralar daxlsizligini ta’minlash, mamlakatimiz mudofaa qudratini yuksaltirish va jasorat bilan xizmat ko‘rsatish Siz o‘g‘lonlar chekida ekan, doimo to‘rt muchangiz but, qaddingiz tik, g‘ururingiz baland bo‘lsin. Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, oliyjanob va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilaymiz!

Kogon tumani hokimi Otabek Nodirovich Qazoqov