March 20, 2025

KOGON TUMANI HOKIMI OTABEK QAZOQOVNING NAVRO‘Z BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TUMANIMIZ XALQIGA YO‘LLAGAN TABRIGI

Assalomu alaykum aziz yurtdoshlar! Qadrli kogonliklar!

Bugun fasllar almashib, yangi kun, yangi mavsum, yangi hayot nafasi boshlanmoqda. Tabiat uyg‘onishi bilan zimiston kechalardan zerikkan ko‘ngillar yasharib-ayramoqda. Bir so‘z bilan aytganda jonajon Yurtimizga Navro‘zi olam kirib kelmoqda.

Shu munosabat bilan xalqimizning an’anaviy qutlug‘ ayyomi - Sharqona yangi yil bilan siz azizlarni, Sizning timsolingizda butun tumanimiz ahlini chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.

Muhtaram do‘stlar!

Bu yilgi bahor tantanalari hurmatli Prezidentimiz tomonlaridan ilgari surilgan "Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!" degan ezgu g‘oya ostida keng nishonlanmoqda. Mana shu quvonchli kunlarda yurtimizdagi har bir go‘sha , har bir maskan bamisoli ulkan va muhtasham bir saylgohga aylanmoqda.

Yoshi, millati va e’tiqodidan qat’iy nazar barcha yurtdoshlarimiz sayil-tomoshalar o‘tkazib, Navro‘zni shodu xurramlik bilan kutib olmoqda. Navro‘zi olam falsafasi xalqimizning orzu-intilishlari, amaliy ishlari bilan uzviy bog‘lanib ketganini butun har qadamda yaqqol ko‘rish mumkin.

Qadrli yurtdoshlar!

Navro‘zi olam bizni butun borliqni, avvalambor, yer va suv, hayvonot va o‘simlik dunyosini, sof havoni asrab-avaylab, ona tabiatga mehribon farzand bo‘lib yashashga da’vat etadi. Ana shunday ezgu chorlovga javoban bugungi
kunda tumanimizda ham Navro‘z hasharlario‘tkazilmoqda. Jumladan, "Yashil makon"loyihasi doirasida millionlab mevali va manzarali ko‘chatlar ekilmoqda, yangi bog‘u rog‘lar barpo etilmokda.

Oltinga teng tuproqlarimizda mirishkor dehqon va fermerlarimiz urug‘ qadab, bog‘bon va chorvadorlarimiz yangi mehnat mavsumini boshlamoqda. Shu o‘rinda rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari bo‘lmish zahmatkash dehqonlarimizni, mirishkor fermer va tomorqachilarimizni Navro‘z ayyomi bilan qutlab, ularga baxt va omad tilaymiz.

Bugun yangi O‘zbekistonimizning taraqqiyot yo‘lida barqaror sur’atlar bilan o‘sib borayotgani, bizning asosiy maqsadimiz bo‘lmish yangi jamiyat, yangi hayot qurish, xalq farovonligini yuksaltirish, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan munosib joy olish uchun qat’iy qadamlar qo‘yayotganimizni xalqaro ­jamoatchilik e’tirof etayotgani hammamizni quvontiradi va yangi kuch-quvvat bag‘ishlaydi, albatta. Navro‘z ruhi barchamizni ayni shunday orzu-niyatlar va intilish bilan yashashga da’vat etadi.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bugungi unutilmas, ulug‘ ayyomda ­nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, munis opa-singillarimizni, navqiron yoshlarimizni yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Aziz boshingiz omon, umringiz uzoq, rizqu nasibangiz ziyoda bo‘lsin! Har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik-omonlik, mehr-oqibat, baxtu ­saodat yor bo‘lsin!