October 23, 2022

Ijtimoiy tarmoqlarning foydali va zararli tomonlari

Hozirgi kunda butun dunyo boʻyicha koʻpgina insonlar ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanib kelmoqda. Bu insoniyat uchun juda koʻp sohalarda keng imkoniyatlar ochib berdi. Lekin afsuski har doim ham ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish biz uchun foydali boʻlmaydi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarning foydali va zararli tomonlari haqida gaplashamiz

Ijtimoiy tarmoqlarsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. Har kuni ertalab oʻrnimizdan turganimizda koʻp hollarda albatta telefonimizni qoʻlimizga olamiz va telegram, instagram yoki facebook ga kiramiz. Bulardan foydalanishning koʻpgina avfzalliklari bor. Biz bu ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻpgina kerakli maʼlumotlarga ega boʻlishimiz, yangi doʻstlar orttirishimiz, yangiliklardan xabardor boʻlishimiz, yangi narsalar oʻrganishimiz, doʻstlarimiz bilan suxbatlashishimiz mumkin. Hattoki hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali insonlar oʻz bizneslarini rivojlantirish imkoniyatiga ega. Ular oʻz maxsulotlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali reklama qilib brendlarini tanitish, oʻzlari uchun xaridorlar avditoriyasini yigʻish va yangi maxsulotlarini xaridorlarga eʼlon qilishlari mumkin. Bu albatta ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning biz uchun avfzalliklari.

Ammo bilamizki har bir yaxshi narsaning yomon tomoni boʻlganidek ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning ham oʻziga yarasha yomon tomonlari bor. Koʻpincha biz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni meʼyoridan oshirib yuboramiz va koʻp vaqimizni yoʻqotib qoʻyamiz. Misol uchun Tiktok ijtimoiy tarmogʻini olaylik. Koʻp hollarda Tiktok ga bemaqsad kiramiz va juda koʻp vaqtimizni bu ijtimoiy tarmoqda shunchaki beʼmani videolarni tomosha qilish bilan oʻtqazamiz. Vaholanki, bizda boshqa muhim vazifalar yetarlicha boʻladi va biz bu vazifalarni yaxshi bajara olmaymiz yoki umuman bajarmaymiz. Bu albatta juda yomon.

Ijtimoiy tarmoqlar biz uchun juda muhim boʻlishiga qaramasdan ulardan har doim maʼlum bir maqsad bilan foydalanish kerak, aks holda biz shunchaki ijtimoiy tarmoqlarga qaram boʻlib qolishimiz mumkin.