August 19, 2023

Respublika “Koʻpkurash” harbiy-vatanparvarlik sport musobaqasining Toshkent shahar bosqichi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tashabbusi va qator hamkor tashkilotlar, jumladan, Oliy taʻlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi va boshqa muassasalar bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk bor professional taʼlim muassasalari oʻquvchi yoshlari oʻrtasida “Tinchlik taraqqiyot va farovonlik uchun” shiori ostida, Respublika “Koʻpkurash” harbiy-vatanparvarlik sport musobaqasining Toshkent shahar bosqichi oʻtkazildi.

Musobaqaning mahalliy va hududiy bosqichlarida Toshkent shahrida joylashgan professional taʻlim muassasalarida tahsil olayotgan 600 ga yaqin yoshlar qamrab olindi.

Bugun, ushbu harbiy vatanparvarlik sport musobaqasining Toshkent shahar bosqichiga yetib kelgan eng kuchli jamoalar, musobaqa Nizomiga koʻra:

1.     Tezkor savol-javob,

2.     AK-74 qurolini notoʻliq qismlarga ajratish va yigʻish

3.     Kamondan oʻq otish

4.     Arqon tortish

5.     Harbiy biatlon

shartlari asosida oʻzlarining intellektual salohiyati, zakovati, tezkorligi, kuchliligi, irodasi va chidamliligi kabi sifatlarni sinovdan oʻtkazishdi.

Musobaqaning yopilish marosimida gʻolib va sovrindor boʻlgan jamoalar hamda yakka tartibdagi bahslarda eng yaxshi deb topilgan ishtirokchilar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy Kengashi va hamkor tashkilotlar tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Eslatib oʻtamiz bugungi harbiy vatanparvarlik sport musobaqasida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan jamoa, joriy yilning 24-25-avgust kunlari boʻlib oʻtadigan Respublika bosqichida Toshkent shahri sharafini himoya qiladi.