December 30, 2023

Toshkent shahar "Kamalak" bolalar tashkiloti tomonidan yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Oʻzbekiston “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining 2017-yil 30-iyun kuni boʻlib oʻtgan IV-qurultoyi qaroriga muvofiq tashkil etilib, shu kundan eʻtiboran yoshlarni jismonan sogʻlom, maʻnan yetuk va intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni shakllantirish, ularni “ommaviy madaniyat”ning zararli taʻsiridan muhofaza qilish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama koʻmaklashuvchi, bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston yoshlarini yagona maqsad yoʻlida birlashtiruvchi tashkilot sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etilgan kundan boshlab tashkilotning oʻz oldiga qoʻyilgan maqsadlarni amalga oshirish hamda oʻz vazifalarni yuksak darajada bajarish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida qabul qilingan yoshlarga oid Qonunlar, qaror va farmonlar, xususan, Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-406-sonli qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi PF-5106-son farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3138-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-yanvardagi “Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 23-son qarori kabi koʻplab normativ huquqiy hujjatlar ijrosi boʻyicha yoshlar manfaatlariga xizmat qiluvchi koʻplab loyihalar hayotga tadbiq etilgan.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshida 10 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan yoshlarni birlashtiruvchi, faoliyatining asosiy maqsadi – bolalarni milliy gʻoya asosida Vatanning sodiq farzandlari va komil inson etib tarbiyalash, ularning huquq-manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish, iste’dod va qobiliyatlarini namoyon qilishlari hamda rivojlantirishlari uchun shart-sharoitlar yaratishdan iborat boʻlgan “Kamalak” bolalar tashkiloti faoliyat yuritib, bugungi kunda Toshkent shahrida “Kamalak” bolalar tashkiloti a’zolari 184 098 nafarni tashkil etadi.

Umumta’lim muassasalarida yoshlar orasidan iste’dodlilarini saralab olish, ulab bilan yangicha uslub asosida alohida ishlash uchun ularni qobiliyatlariga mos kasblarga yoʻnaltiruvchi boshlangʻich tashkilot Sardorlar Kengashlari faoliyat yuritib kelmoqda. Sardorlar Kengashi oʻz safiga tabiiy yetakchilik qobiliyatiga ega boʻlgan, tashabbuskor yoshlar orasidan ixtiyoriylik, oshkoralik, huquq va majburiyatlar tengligi tamoyili asosida saralab olinadigan 14 nafar maktab Sardorlar Kengashi, ulardan 7 nafar “Ittifoq” sardorlari hamda 7 nafari “Kamalak” sardorlari, taʻlim muassasasidagi 4–7-sinflarning har birida sinf “Kamalak” sardorlari, 8-11-sinflarda sinf “Ittifoq” sardorlarini shakllantiriladi.

Bugungi kunda Toshkent shahridagi 340 ta ta’lim muassasalarida 340 nafar ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, 23 117 nafar sardorlar (11 566 nafar “Kamalak” sardorlari (10-14 yosh), 11 551 nafar “Yoshlar ittifoqi” sardorlari (15-18 yosh)), xususan, 18 175 nafar sinf sardorlari, 4 760 nafar maktab sardorlari, 168 nafar tuman sardorlari hamda 14 nafar Toshkent shahar hududiy sardorlari faoliyat yuritmoqdalar.

2023-yil davomida Toshkent shahar “Kamalak” bolalar tashkiloti va sardorlar Kengashi tashabbusi bilan 368 ta loyiha, tadbir va sport musobaqalari tashkil etilib, mazkur loyihalarga 235 ming 142 nafar bolalar va yoshlar jalb etildi.

2022/2023-o‘quv yili davomida Poytaxt sardorlari 2022-yilning noyabr oyidan 2023-yilning aprel oyiga qadar davom etgan, 6 oyga mo‘ljallangan “Milliy strategiya” asosida faoliyatlarini olib bordilar. Mazkur strategiya doirasida yanvar-aprel oylarida jami 51 ta loyiha, tadbir, tanlov va sport musobaqalari tashkil etilib, 42 ming 328 nafar yoshning ishtiroki ta’minlandi.

Bitiruvchi sinflarning Oliy ta'lim muassasalari bilan yaqindan tanishishlari uchun “Oliy ta’lim muassasalariga sayohat” loyihasi yo‘lga qo‘yilib, bugungi kunga qadar Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Toshkent Moliya instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlariga sayohatlar tashkil etildi.

Toshkent shahrida ilk bor umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun “Ma’naviyat haftaligi” loyihasi tashkil etildi. Haftalik doirasida “Zakovat kubogi-2023”, “Turk tilini bilasizmi?” mavzusida seminar-trening, “Abdulla Qodiriy ijodi yoshlar nigohida” mavzusida ilmiy konferensiya, “Kitob va kitobxonlik – inson ma’naviyati ko‘zgusi” mavzusida davra suhbati, “Nazm va Navo” kechasi kabi yirik loyihalar o‘tkazildi.

Iyun-avgust oylari davomida Toshkent shahrida an’anaviy “Yozni Kamalak bilan” loyihasi yuqori saviyada o‘tkazildi. Loyiha doirasida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilgan yozgi lagerlar, mahallalar, aholi gavjum joylarida umumiy hisobda 42 ta maskanda 154 ta loyiha amalga oshirilib, 4 000 nafar yosh qamrab olindi. Shuningdek, loyiha doirasida “Harbiy qismda bir kun”, “Monomarkazga sayohat”, “Muzeyga sayohat”, “Union cup”, “Sen hech kimdan kam emassan” kabi yirik loyihalar amalga oshirildi.

2023-yilning 24-oktabr kuni Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar yoshlar markazida Toshkent shahridagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari hamda ixtisoslashtirilgan maktablar hamda tuman sardorlarining anʼanaviy "El uchun, yurt uchun, porloq kelajagimiz uchun – bir nuqtada birlashamiz” shiori ostidagi “Poytaxt sardorlari forumi” tashkil etildi. Forumda faol, tashabbuskor, jamoat ishlarida faol boʻlib tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan jami 300 nafar maktab, tuman sardorlar kengashlari aʼzolari ishtirok etdilar. Forumda ishtirokchilar uchun turli ekologiya, taʼlim, madaniyat va sanʼat, media savodxonlik, sport, ijtimoiy himoya, liderlik yoʻnalishlarda guruhlarga boʻlingan holda seminarlar, “Sardorlarning bugungi islohotlar jarayonidagi oʻrni”, “Jamoa shakllantirish: yoshlarning psixologik rivojlanishi” mavzularida muhokama yigʻilishlari, “Kahoot” enerjayzer oʻyini, turli sohalarda muvaffaqiyatlarga erishib kelayotgan maktab oʻquvchilari hayotini oʻzida aks ettirgan “Yengilmas” filmi namoyishi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2023-yil 7-noyabrdagi 02/5-2382-son va 02/5-2388-sonli xatlariga asosan, joriy yilning 13-17 noyabr kunlari davomida Toshkent shahrida 340 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining barchasida (100 %) umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda sardorlari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etildi. 182 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga Toshkent shahar “Kamalak” bolalar tashkiloti faoliyatini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i va Poytaxt sardorlari shaxsan tashrif buyurib, ular tomonidan sardorlar faoliyatini namunali tashkil etish bo‘yicha seminarlar o‘tkazildi.

Umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan iste’dodli yoshlarning muvaffaqiyat yo‘lini o‘zida mujassam etgan, sinovlarda sinalgan, ammo sinmagan, maqsadidan aslo qaytmaydigan, “hayot” deb atalmish kurash maydonida yengilmaydigan qahramonlarning ham dardli, ham quvonchli tarixini tengdoshlariga namuna qilib ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahar “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan “Yengilmas” motivatsion filmi yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga qadar filmning 5 ta soni premyera qilindi. Barcha sonlar yoshlar ittifoqi tizimidagi sardorlar faoliyatiga bag‘ishlandi.

Joriy yilning 12-14-dekabr kunlari Toshkent shahrida yoshlarni zamonaviy hayotga oid eng dolzarb masalalar ustida bahs olib borishlari, o‘zgalarning fikriga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishlari, ularning tahliliy va tanqidiy fikrlashini rivojlantirish, dunyoqarashini kengaytirish maqsadida “Munozara” intellektual o'yinining hududiy bosqichi o‘tkazildi. Munozara intellektual o‘yini 15-18 yosh kategoriyasida bo‘lib, unda Toshkent shahridagi 26 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoalari ishtirok etdilar. Turnir so‘ngida g‘oliblik Yangihayot tumanining 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilaridan iborat “Magistr” jamoasiga nasib etdi. 2-o‘rinni Yashnobod tumanining 231-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilaridan iborat “Teenagers” jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 3-o‘rin Yashnobod tumanining 255-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoasi va Yunusobod tumanining 98-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi jamoalariga nasib qildi.

Ta’lim yo‘nalishi sardorlari tomonidan “Kahoot” enerjayzer o‘yini, “Zakovat” va “Jeopardy” intellektual o‘yinlari, “Sardorlar ekspressi”, “OTMga sayohat”, “Xarsang”, “Muzeyga sayohat”, “Oliy Majlisga sayohat”, “Munozara” kabi yirik loyihalar;

“Madaniyat” yo‘nalishi sardorlari tomonidan “Do‘ppi chellenj”, “Talent show”, “Street dance”, “Ma’naviyat haftaligi”, “Bahor keldi seni so‘roqlab”, “Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar”, “Yozni “Kamalak” bilan”, “Sharaf lentalari”, “Kamalak studiyasi”, “Bir kun”, “Kamalak karnavali” kabi yirik loyihalar;

Ekologiya sardorlari tomonidan “Eko-tabiat”, “QWERT”, “Eco-knowledge”, “Eko-patrul”, “Eko-polis”, “Plogging”, “Qushlarga in quramiz”, “Qushlar bizning do‘stimiz”, “Har bir yoshga bir nihol” kabi yirik loyihalar;

Imkon sardorlari tomonidan “Birmiz-birgamiz”, “Mehrli yurak”, “Nurli qalblar”, “Savob to‘la yuraklar”, “Bir kunda bir yaxshilik”, “Ramazon oyi tuhfalari”, “Xayriya oshlari”, “Xayriya sumalagi”, “Suv va xurmo”, “Baxtli bolalik” kabi yirik loyihalar;

Sport yo'nalishi sardorlari tomonidan “Union Cup”, “Chess Kingdom”, “Football Quiz”, “Arm-wrestling”, “Stol tennisi” bo‘yicha sport musobaqalari, Kubik-rubik turniri, “Quvnoq startlar” kabi yirik loyihalar tashkil etildi.

Joriy yilning 19-24-may kunlari Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida joylashgan “Lochin” bolalar oromgohida bo‘lib o‘tgan “Kamalak” bolalar tashkilotining an’anaviy XXII Anjumanida, “Eng namunali sardorlar Kengashi” tanlovida Toshkent shahar sardorlar Kengashi a’zolari faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdilar. “Zakovat” intellektual o‘yinida esa faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdilar.

“Matbuot va media” yo'nalishi sardorlari tomonidan Toshkent shahar “Kamalak” bolalar tashkiloti va sardorlar kengashining Telegram, Instagram, Facebook, YouTube kabi ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, Toshkent shahar “Kamalak” bolalar tashkiloti faoliyati davomida ommaviy axborot vositalarida, xususan, telekanallar orqali 68 marotaba yoritildi.

Jumladan: 12 tasi yoki 18 % (“O‘zbekiston 24”), 34 tasi yoki 50 % (“MY 5”), 16 tasi yoki 23 % (“Yoshlar”), 2 tasi yoki 3 % (“Sevimli”), 2 tasi yoki 3 % (“Renessans”), 2 tasi yoki 3 % (mahalliy MTRKlarda) yoritildi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda 1263 ta materiallar yoritilgan (shundan, 987 tasi (78 %) - hududiy hamda 276 tasi (22 %) mahalliy tarmoqlarda yoritilgan.

Jumladan: “Telegram”da - 743 ta, “Instagram”da - 330 ta va “Facebook”da 190 ta.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi 914-sonli qarori asosida, Toshkent davlat yuridik universiteti akademik litseyining bitiruvchisi, uzoq yillar tashkilotning faol a’zosi sifatida faoliyat yuritgan E’zoza Ahmadjonova Toshkent shahridan oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli tarzda qabul qilindi.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent shahar “Kamalak” bolalar tashkiloti hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijtimoiy-siyosiy hayotda faol ishtirok etadigan, ijtimoiy jarayonlarga faol ta’sir ko‘rsatadigan, Vatan va xalq taqdiri uchun mas’uliyatni chuqur his etadigan yoshlar safining kengayishiga hissa qo‘shishda faol va samarali faoliyatini davom ettiradi va bu yo‘lda barcha manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytiradi.

Azizbek Ochilboyev

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar “Kamalak” bolalar tashkiloti faoliyatini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i.